Tursimuratov Sapar Eshmuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston sharoitida sug‘orishdan keyin g‘o‘za qator oralariga ishlov beruvchi kultivatorning o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T3504.
Ilmiy rahbar: Auezov Ongarbay Pirleshovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa (muassasalar) nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich – texnika fanlari doktori, professor; Utegenova Gulzar Auesbaevna – texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi paxtachilik kultivatori uchun o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash yo‘li bilan vegetatsion sug‘orishlardan keyin agrotexnik talablar darajasida ekinlar qator orasidagi begona o‘tlarni yo‘qotish va tuproqni uvalash sifatini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
vegetatsion sug‘orishlardan keyingi egat profilini hisobga olgan holda g‘o‘za qator oralariga ishlov beruvchi o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjaning konstruktiv sxemasi ishlab chiqilgan;
o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panja uchlik pichog‘ining o‘tkirlanish burchagi uning faskalariga tuproq yopishmasligi hamda tortishga qarshiligi kam bo‘lishi shartidan keltirib chiqarilgan analitik ifodalar asosida aniqlangan;
o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjaning tortishga qarshiligi tuproqning fizik-mexanik xossalari, uchlik pichoqlari va yarim sferik panjasining parametrlarini hisobga olgan holda keltirib chiqarilgan analitik ifodalar olingan;
belgilangan agregat harakat tezliklarida o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjaning tuproqqa kirish burchagi, uning uchlik-pichoqlar soni va o‘tkirlanish burchagining maqbul parametrlari tuproqni uvalash va begona o‘tlarni yo‘qotish darajalari hamda tortishga qarshiligini ifodalovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoraqalpog‘iston sharoitida sug‘orishdan keyin g‘o‘za qator oralariga ishlov beruvchi kultivatorning o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panjasini ishlab chiqish va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ishlab chiqilgan o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panja bilan jihozlangan kultivator Chimboy, Kegayli va Nukus tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari dalalarida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 22 yanvardagi 01/026-170-sonli ma’lumotnomasi). Natijada vegetatsion sug‘orishlardan keyin g‘o‘za qator oralariga ishlov berishda begona o‘tlarning yo‘qotilish darajasi 94,94 %, o‘lchami 0-25 mm bo‘lgan tuproq fraksiyalarining miqdori 77,08 % ni tashkil etgan.
ishlab chiqilgan o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panja bilan jihozlangan kultivatorning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriqlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJga taqdim etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 22 yanvardagi 01/026-170-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘toq qiluvchi-yumshatuvchi panja bilan jihozlangan kultivatorni ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.