Kabulov Nozimjon Abdukarimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Moyli o‘simliklarni (xomashyolarni) saqlash va birlamchi qayta ishlashning texnik vositalari va boshqarish tizimlarini takomillashtirish”, 05.01.08 – Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.DSc/T546.
Ilmiy maslahatchi: Yusupbekov Nodirbek Rustambekovich, texnika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Ismailov Mirxalil Agzamovich, texnika fanlari doktori, professor; Varlamova Lyudmila Petrovna, texnika fanlari doktori, professor; Botirov To‘lkin Vafokulovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro muxandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Sanoat 4.0” to‘la avtomatlashtirish konsepsiyasi asosida moyli o‘simliklar xomashyosini saqlash va birlamchi qayta ishlash jarayonlarini nazorat va boshqarish bo‘yicha texnik echimlar, modellar va algoritmlarni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dinamik o‘zgaruvchan tavsif va xossalarga ega nazorat va boshqarish obekti sifatida qaraladigan, tarkibida moy bo‘lgan xomashyolarni uzoq saqlash va birlamchi qayta ishlashning texnologik qurilmalarini tizimli tahlil qilishning real vaqt rejimida obektning ishlash samaradorligini boshqarish imkonini beradigan uslubiyati ishlab chiqilgan;
obektni boshlang‘ich holatdan oxirgi holatga tezkor o‘tkazishda texnologik jarayonni statsionar va dinamik raqamli egizaklarini ishlab chiqish imkonini beradigan moddiy va texnologik yo‘qotishlarni minimallashtirishning maqsad funksiyalari bo‘yicha tadqiq qilinayotgan qurilmani boshqarish masalasi shakllantirilgan;
unumdorlik va nosozliklarni aniqlovchi modellar va samarali analitik matematik modellarni yaratish maqsadida moyli xomashyolarni saqlash omborlarida sodir bo‘ladigan texnologik jarayonlarni nazorat qilish va boshqarish tizimlarini monitoringlash, takomillashtirish va texnik ta’minotini modernizatsiyalashga muhandislik yondashuvi ishlab chiqilgan;
noqat’iy-to‘plamli aks ettirishlar asosida moyli o‘simliklar xomayosini saqlash va sanoatda birlamchi qayta ishlash texnologik jarayonining tezkor samaradorlikni oshirishni ta’minlaydigan va texnologik jarayonlarni boshqarishning aktuallashgan modellarini qurish imkonini beradigan matematik modeli ishlab chiqilgan;
uzoq muddatli saqlash davrida moyli o‘simliklar xomashyosining holatini masofadan monitoring, nazorat va diagnostika qilishning boshqarish ma’lumotlarini sifati va aniqligini, ma’lumotlarga ishlov berish yo‘nalishlarini ta’minlovchi tizimi, saqlanayotgan sochiluvchan material holatini nazorat qilish qurilmasi, moyli urug‘larni tozalash va quritish usullari va liniyasi yaratilgan;
neyro-tahlil tarmoqlari va tizimlari qurilmalarini zamonaviy avtomatik boshqarish nazariyasi klassik usullari bilan uyg‘unlashgan holda qo‘llashga asoslanib, moyli xomashyolarni saqlash va birlamchi qayta ishlashning kafolatlangan texnik-iqtisodiy samarasini ta’minlaydigan tipik texnologik usullarini shakllantirishga bo‘lgan tizimli yondashuvi ishlab chiqilgan;
tizimli tahlil hamda tizim elementlari va qismlarining mumkin bo‘lgan buzilishlari va ishdan chiqish hodisalarini ustuvorligi bilan aniqlash va bashoratlashni ta’minlovchi takomillashgan boshqarish tizimlarini sintezlashning klassik usullarini qo‘llab, moyli xomashyolarni uzoq muddatli saqlashning murakkab va o‘zaro bog‘langan texnologik jarayonlarini avtomatik boshqarish va tezkor bashoratlashni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi va istiqboli asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Moyli o‘simliklarni (xomashyolarni) saqlash va birlamchi qayta ishlashning texnik vositalari va boshqarish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
moyli o‘simliklar xomashyosini saqlash va sanoatda birlamchi qayta ishlash texnologik jarayonlarini boshqarishning matematik modellari “KHANTEX OIL” MChJda joriy qilingan (“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, 2024-yil 18-iyuldagi KC/3-234-sonli ma’lumotnomasi). Natijada o‘rganilayotgan texnologik jarayonni nazorat qilish sifatini yaxshilashga erishilgan;
saqlanayotgan sochiluvchan material holatini nazorat qilish qurilmasi va unga dasturiy ta’minot “KHANTEX OIL” MChJda joriy qilingan (“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, 2024-yil 18-iyuldagi KC/3-234-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘lchash ma’lumotlarining ishonchliligi va yaxlitligini sezilarli darajada oshirishga erishilgan;
moyli urug‘lar xomashyosining saqlash vaqtidagi holatini masofadan monitoring, nazorat va diagnostika qilish tizimi hamda boshqarishning dasturiy-algoritmik majmuasi “KHANTEX OIL” MChJda joriy etilgan (“O‘zyog‘moysanoat” uyushmasi, 2024-yil 18-iyuldagi KC/3-234-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, moyli o‘simlik xomashyosini uzoq muddatli saqlash va birlamchi qayta ishlash texnologik jarayonlarini avtomatlashtirishning texnik vositalari va masofadan monitoring, nazorat, diagnostika qilish va boshqarish tizimlarini takomillashtirishga erishilgan.