Safarova Diyora Tolibovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Gipotenziv ta’sirga ega quruq ekstrakt olish va uning asosida kapsula texnologiyasini ishlab chiqish», 15.00.01 - Dori texnologiyasi (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/Far74.
Ilmiy rahbar: Maksudova Firuza Xurshidovna, farmatsevtika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent farmasevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Nazarova Zarifa Alimjanovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Xalilov Ravshanjon Muratdjanovich,  texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: «Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» DM.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy dorivor o‘simliklar (Menthae piperitae L., Leonuri turkistanicus Krecz. et Kupr., Crataegi sanguineae Pall., Equiseti arvensis L.) kompozisiyasidan gipotenziv ta’sirga ega quruq ekstrakt olish va uning asosida kapsula shaklidagi biologik faol qo‘shimcha texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qalampir yalpiz, turkiston arslonquyrug‘i, to‘q qizil do‘lana va dala qirqbo‘g‘imi o‘ti xomashyolari kompozisiyasidan quruq ekstrakt olish texnologiyasi ishlab chiqilgan, ekstraksiya jarayonining maqbul sharoitlari aniqlangan;
ilk bor «Giposedaf» quruq ekstraktining nam yutish kinetikasi tashqi muhit namligi hamda namuna yuzasiga bog‘liqligi isbotlangan, uning  makro- va mikroelement hamda aminokislotali tarkibi zamonaviy usullar yordamida aniqlangan;
«Giposedaf» quruq ekstraktining texnologik va struktura-mexanik xossalarini aniqlash natijasida kapsula shaklidagi BFQ tarkibi tanlangan va maqbul texnologiya ishlab chiqilgan;
«Giposedaf» quruq ekstrakti va uning asosidagi BFQ ning sifat va miqdor ko‘rsatgichlari aniqlanib, me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarga muvofiqligi isbotlangan;
«Giposedaf» quruq ekstraktining gipotenziv tinchlantiruvchi va  diuretik ta’siri bo‘yicha solishtirma preparatlarga bioekvivalentligi ham toksik emasligi tajribalarda isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Gipotenziv ta’sirga ega quruq ekstraktni olish va uning asosida kapsula texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
 «Giposedaf» quruq ekstrakti uchun korxona farmakopeya maqolasi loyihasi O‘zR SSV huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi Markazi» Davlat muassasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshirilgan («Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi Markazi» Davlat muassasining 2024-yil 19-apreldagi 41/11-5513-son xati, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018-yil 15-oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Ushbu me’yoriy hujjatning tasdiqlanishi samarali gipotenziv ta’sirga ega dori vositasini ishlab chiqarish imkonini beradi;
kapsula shaklidagi «Giposartaf» biologik faol qo‘shimcha uchun Texnik shartlar (S 310619568-004:2024) va uni ishlab chiqarish bo‘yicha Texnologik yo‘riqnoma (TI 310619568-004:2024) O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan. Natijada «BIO BOOST HOLD» MChJda kapsula shaklidagi ozuqaga qo‘shimchani ishlab chiqarish imkonini bergan;
«Giposedaf» quruq ekstrakti uchun tajriba sanoat reglamenti MChJ «Samarkand-England Eco-Medical» qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (OPR 03874/04620617-1098-2024). Mazkur hujjatning tasdiqlanishi natijasida gipotenziv xususiyatga ega dori vositasi uchun me’yoriy hujjatlarning o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilishi va ro‘yxatga olinishi ta’minlangan;
o‘tkazilgan  klinik oldi sinovlar natijasida «Giposedaf» quruq ekstraktining spesifik farmakologik faolligi hamda o‘tkir zaharli emasligi isbotlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018-yil 15-oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Natijada ishonchli gipotenziv faollikga ega bezarar preparatlar va biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish