Yuldasheva Ohida Baxtiyarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta Osiyo rusiyzabon adabiyotida Sharq obrazining resepsiyasi”, 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1775
Ilmiy rahbar: Gibraltarskaya Oksana Nikolaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Pardaeva Zulfiya Djuraevna, filologiya fanlari doktori, professor; Ekabsons Aleksandra Valerevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘rta Osiyoning zamonaviy rusiyzabon adabiyotida Sharq obrazi resepsiyasining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adabiy-tanqidiy material tahlili va adabiyotshunoslikdagi mavjud nuqtai nazarlarni tizimlashtirish asosida adabiyotshunoslik kategoriyalari sifatidagi “resepsiya” va “rusiyzabon adabiyot” tushunchalari hamda G‘arbiy Evropa va rus adabiyotida Sharq obrazini anglash yo‘llari va yaratish vositalari asoslangan;
D.Rubina va A.Volos ijodidagi Sharq obrazi resepsiyasining sharqona diskursni yaratishdagi rus adabiyotiga xos bo‘lgan tarixiy, madaniy va an’anaviy jihatlarni ifodalashi isbotlangan;
O‘zbekiston rusiyzabon adiblarining Sharq obrazini idrok etish jarayonida rus va o‘zbek nasriy anʼanalarini mujassamlashtirishi, Toshkent va boshqa o‘zbek shaharlari obrazini o‘zlarining kichik vatanlari timsoli, shuningdek, o‘zbek mentalitetining milliy-madaniy belgilari sifatida qo‘llaganligi dalillangan;
Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston rusiyzabon adiblari ijodida Sharq obrazining G‘arbiy Evropa, Rossiya va Markaziy Osiyo an’analarining sintezi sifatida tushuntirilganligi, xususan, muallif dunyoqarashining undagi milliy arxetiplar, miflar, folklor syujetlar va obrazlar, o‘z xalqining an’ana va urf-odatlari hamda zamonaviy milliy xarakterlarining aks ettirilishi orqali ifodalanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘rta Osiyo rusiyzabon adabiyotida Sharq qiyofasi timsolini tahlil qilish jarayonida ishlab chiqilgan natija va xulosalar, uslubiy va amaliy takliflar asosida:
adabiy-tanqidiy material tahlili va adabiyotshunoslikdagi mavjud nuqtai nazarlarni tizimlashtirish asosida adabiyotshunoslik kategoriyalari sifatidagi “resepsiya” va “rusiyzabon adabiyot” tushunchalari, G‘arbiy Evropa va rus adabiyotida Sharq obrazini anglash yo‘llari va yaratish vositalari hamda D.Rubina va A.Volos ijodidagi Sharq obrazi resepsiyasining sharqona diskursni yaratishdagi rus adabiyotiga xos bo‘lgan tarixiy, madaniy va an’anaviy jihatlarni ifodalashiga oid xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020 yillarda bajarilgan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2023 yil 25 sentyabrdagi 362/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, obraz yaratishda matnni izohlash, badiiy va tasviriy vositalarni tizimlashtirish yo‘llari sifatida taklif etilgan strukturaviy-semantik va germenevtik usullar asosida Qoraqalpog‘istondagi XX asr adabiy jarayoniga oid badiiy ozuv shakllarini aniqlash imkonini bergan;
Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston rusiyzabon adiblari ijodida Sharq obrazining G‘arbiy Evropa, Rossiya va Markaziy Osiyo an’analarining sintezi sifatida tushuntirilganligi, xususan, muallif dunyoqarashining undagi milliy arxetiplar, miflar, folklor syujetlar va obrazlar, o‘z xalqining an’ana va urf-odatlari hamda zamonaviy milliy xarakterlarining aks ettirilishi orqali ifodalanishiga oid xulosalardan O‘zbekiston rus madaniyat markazida “Slavyan adabiyoti va madaniyati kuni” ilmiy-amaliy seminarini tashkillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston rus madaniyat markazining 2023 yil 7 iyundagi 02/50-son ma’lumotnomasi). Natijada, seminar ishtirokchilarining “O‘zbekiston rus adabiyoti”, “O‘rta Osiyo rusiyzabon adabiyoti”, “Sharq obrazini yaratish”, “Sharq obrazi resepsiyasi” va boshqa tushunchalar borasidagi ilmiy hamda madaniy dunyoqarashini boyitishga erishilgan;
O‘zbekiston rusiyzabon adiblarining Sharq obrazini idrok etish jarayonida rus va o‘zbek nasriy anʼanalarini mujassamlashtirishi, Toshkent va boshqa o‘zbek shaharlari obrazini o‘zlarining kichik vatanlari timsoli, shuningdek, o‘zbek mentalitetining milliy-madaniy belgilari sifatida qo‘llaganligiga oid xulosalardan “Ulug‘ yo‘l” nomli ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy gazetasining bir nechta maqolalarini tayyorlashda foydalanilgan (“Ulug‘ yo‘l” nomli ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy gazetasining 2023 yil 12 iyuldagi 09/23-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘rta Osiyo rusiyzabon adiblarining badiiy asarlarini tahlil qilishda taklif etilgan strukturaviy-semantik yondashuvning zamonaviy adabiyotni milliy-madaniy belgilar tahlili nuqtai nazaridan o‘rganishdagi samaradorligini ko‘rsatishga erishilgan.