Eshchanov Baxodir Xudayberganovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kondensirlangan muhitlardagi molekulalararo ta’sirlashuv spektroskopiyasi va relaksatsion jarayonlar kinetikasi»,  01.04.05–Optika (fizika-matematika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/FM29.

Ilmiy maslahatchi: Otajonov Shavkat, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, DSc.30.05.2018.FM/T.65.01.

Rasmiy opponentlar: Tashkenbaev Ulugbek Ne’matovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Doroshenko Irina Yur`evna, fizika-matematika fanlari doktori; Nematov Sherzod Qalandarovich, fizika-matematika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: metil va galoid birikmalar kiritilgan aromatik uglevodorodlarda strukturaviy o‘zgarishlarni aniqlash va tahlil qilishning optik usullarini rivojlantirish hamda molekulalararo ta’sirlashuvning nurlanish spektrida namoyon bo‘ladigan relaksatsion jarayonlarining fizikaviy mexanizmlarini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

uglevodorodlar va ularning galoidalmashingan hosilalarida yorug‘likning molekulyar (0-200 sm-1 sohada) va kombinatsion (50-5000 sm-1) sochilish spektrlari olingan;

kondensirlangan muhitlar fizikasining molekulalararo ta’sirlarini va murakkab molekulalarning turli fazoviy holatlardagi fizik-kimyoviy xossalarini ochib beruvchi muhim molekulyar parametrlarni aniqlash usuli ishlab chiqilgan;

ilk bor suyuqliklarda neytronlarning sochilishi bo‘yicha spektroskopik usulning modifikatsiyasi asosida yorug‘likning molekulyar sochilish intensivligini dinamik hisoblashning nazariy usuli ishlab chiqilgan;

metil va galoid birikmalar kiritilgan aromatik uglevodorodlarda yorug‘lik molekulyar sochilishi noqutblangan qismining «tor» va «keng» tarkibiy konturlardan iborat bo‘lishi aniqlangan;

moddaning «anizotrop suyuqlik–izotrop suyuqlik» fazoviy o‘tish temperaturasi (kritik temperatura) yaqinida yorug‘likning anizotrop sochilish spektri kengligining torayish dinamikasi Frenkel` nazariyasiga mos emasligi isbotlangan;

galoidalmashingan benzollarda potensial chuqurliklarning qiymatlarini yarimempirik yondashuv orqali hisoblashning usullari ishlab chiqilib, molekulalararo ta’sirlashuvni inobatga olgan kvant-kimyoviy hisoblashlar asosida spektral-strukturaviy korrelyasiyalar aniqlangan;

molekulalar qayta orientatsiyalanishining potensial chuqurligi temperaturaga bog‘liqligi va alohida atomlar guruhining aylanma tebranishlari yorug‘likning kombinatsion sochilish spektrlari quyi chastotalarida namoyon bo‘lishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Kondensirlangan muhitlardagi molekulalararo ta’sirlashuv spektroskopiyasi va relaksatsion jarayonlar kinetikasi natijalari asosida:

yorug‘likning molekulyar sochilishi noqutblangan komponentasi konturini molekulalarning erkinlik darajasiga mos holda tarkibiy qismlarga ajratish usullari 14-022 RG/MATHS/AS_G  ̶̶ UNESCO FR: 324028610 raqamli «Nonlinear evolution equations and transport on metric graphs arising from mesoscopic physics» Xalqaro fanlar akademiyasining xalqaro grantida tarmoqlangan sohalarda sochilgan to‘lqinlarning ulushini aniqlashda foydalanilgan (Fan va texnologiya agentligining 2017 yil 26 dekabrdagi FTA-02-11/1358-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish sodda tarmoqlangan sistemalarda dispersion jarayonlarni soddalashtirish imkonini bergan;

yorug‘likning molekulyar va kombinatsion sochilishi bo‘yicha to‘plangan katta miqdordagi ma’lumotlar Bengkulu universitetida suvni, mashina moylarini tozalashda, oziq-ovqat rafinirovkasida va minerallarni identifikatsiyalashda qo‘llanilgan (Indoneziya Bengkulu universitetining 2018 yil 12 iyundagi  196104011986031001-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish turli xildagi suyuqliklar va suyuq fazalardagi aralashmalarni aniqlashning samarasini oshirish imkoniyatini yaratgan;

yorug‘likning kombinatsion sochilish spektrlari, farqli yondashuvlar asosida yorug‘likning turli molekulyar parametrlarini hisoblashning kvant-kimyoviy usuli A-7-23 raqamli “Mahalliy sorbentlar yordamida mis ionlarini oqava suvlaridan ajratib olish texnologiyasi” loyihasida oqava suvlar tarkibida uglevodorodlar va ularning galoidalmashingan birikmalari mavjudligini hamda ionalmashinuvchi materiallar tarkibidagi funsional guruhlarga texnologik eritmalardagi mis ionlarining kimyoviy bog‘lar orqali birikish ehtimolligini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 31 iyuldagi 89-03-2779-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish oqava suvlar tarkibidagi birikma va mis ionlarini aniqlashning samaradorligini oshirgan va ionitlarga mis ionlarining birikishini oldindan aniqlash imkoniyatini yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish