Yakubov Nazirjon Salijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda sovet saylov tizimi tarixi (1918-1937-yillar)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Tar.1602.
Ilmiy rahbar: Rasulov Baxtiyor Mahmudjonovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Abdulla Nuriddinovich, tarix fanlari doktori, professor; Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda 1918-1937-yillar davriy chegarasida sovet saylov tizimining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etish, saylov bilan bog‘liq markaziy hamda mahalliy hokimiyat organlarini tashkil etishdagi huquqiy mexanizmlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Sobiq Turkiston ASSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalari asosida shakllangan saylov tizimida saylov huquqidan mahrum qilish mezonlari to‘la ishlab chiqilmagani bois, saylovlarni tashkil etish davrida “haqsizlar” ro‘yhatini tuzishdagi o‘z-o‘zidan tashkillangan murakkab tarixiy jarayonlar va ularning salbiy oqibatlari ochib berilgan;
Sovetlarning saylov huquqidan mahrum qilish amaliyoti tarixiy nuqtai nazardan uch davrga bo‘linishi (Birinchi davr – 1918-1925-yillarda asosan 1917-yildagi Oktyabr to‘ntarishiga qadar bo‘lgan amaldorlar va din vakillarining saylovlardan chetlatilishi; ikkinchi davr  – 1925-1929-yillarda boy dehqonlar, shaharlardagi yangi iqtisodiy siyosat (NEP) vakillari va quloqlarning “haqsizlar” ro‘yxatiga kiritilishi; uchinchi davr – 1929-1931-yillardagi yoppasiga kollektivlashtirish davrida aholining o‘rtahol va undan past qatlamiga nisbatan keng va faol tatbiq etilishi) isbotlangan;
Xorazm va Buxoro Xalq Sovet Respublikalarining 1920-yildagi Konstitutsiyalarida aholining milliy ruhi va siyosiy huquqlari aks etgani, 1925-yildagi O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasida esa saylov huquqi bo‘yicha yana sinfiy yondashuvlar asosiy o‘ringa chiqqani asoslab berilgan;
1928–1929-yillarda o‘tkazilgan saylov kampaniyalari sovetlar davri tarixida qatag‘on siyosatining boshlang‘ch nuqtasi bo‘lgani va bu davrda shakllantirilgan “haqsizlar” ro‘yxati XX asrning 30-yillaridagi ommaviy qatag‘on siyosati uchun huquqiy asos bo‘lganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbekistonda sovet saylov tizimi tarixi (1918-1937-yillar)” mavzusini tadqiq etish davomida olingan ilmiy natijalar asosida:
Turkiston ASSRda vakillik hokimiyatining oliy organida bolsheviklar siyosiy yetakchiligini ta’minlovchi saylov tizimining yaratilishi, bu saylov tizimida ishchilar saylov huquqini ta’minlash yaqqol ustunlikka erishgani, buning oqibatida respublika aholisining ko‘pchilik qismini tashkil etuvchi dehqonlar siyosiy huquqlarining cheklanib qolganiga doir ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari komiteti faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari komitetining 2023-yil 29-sentyabrdagi 31-son dalolatnomasi). Ilmiy xulosalar mamlakatimiz saylov tizimining nazariy asoslarini yanada mustahkamlash hamda yoshlarda saylovlar tarixi bo‘yicha tasavvurlarini boyitish, siyosiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilgan;
1918-1937-yillarda sovetlarning saylov huquqidan mahrum qilish siyosati tarixiy nuqtayi nazardan 3 bosqichda amalga oshirilgani (1-bosqich – 1918-1924-yillarda asosan Oktyabr to‘ntarishidan oldingi elita vakillari hamda eng barqaror va iqtisodiy mustaqil fuqarolar huquqlarining cheklanishi; 2-bosqich – 1925-1929-yillarda boy dehqonlar va shaharlik NEP vakillari va quloqlarning siyosiy ta’qib etilishi; 3-bosqich – 1929-1931-yillardagi yoppasiga kollektivlashtirish davrida saylov huquqidan mahrum qilish siyosati ijtimoiy tuzilmani buzish uchun ishlatiladigan kuchli qurolga aylanib, bu qurol aholining o‘rtahol va undan past qatlamiga nisbatan juda keng va faol tatbiq etilishi) ga doir statistik ma’lumotlar, fotosuratlar, plakatlar va bukletlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Tarix bo‘limi”  ekspozision rejalarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 19-oktyabrdagi 02-05/3766-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzey fondini boyitishga, muzeyning o‘lka tarixiga oid manbalarini ilmiylik va ko‘rgazmalilik jihatdan takomillashtirishga xizmat qilgan;
Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalari va O‘zbekiston SSRda amalda bo‘lgan konstitutsiyalar, uning totalitar xarakteri, O‘zbekistondagi markaziy va mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazilgan saylovlarda aholining ishtiroki, saylovlarni tashkil etilishi va o‘tkazishdagi konstitutsiyaviy, huquqiy-me’yoriy tartibga solish jarayoni, sovetlarning saylov huquqidan mahrum qilish siyosati va uning repressiv mohiyati, “haqsizlar”ning huquqiy maqomidagi o‘zgarishlar dinamikasiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘ZBEKISTON” teleradiokanali” davlat muassasasining 2022-yil 23-iyundagi 06-28-984-son ma’lumotnomasi). Materiallar teletomoshabinlarda saylovlar va konstitutsiyalar tarixi xususida aniq tasavvurlar hosil qilish va bilimlarini boyitishga xizmat qilgan;
1918-1937-yillarda O‘zbekistonda shahar va qishloq sovetlariga deputatlar saylovini o‘tkazishda mahalliy va markaziy davlat hokimiyati organlari faoliyati, partiya tuzilmalarining o‘zaro hamkorligi, saylovlarni belgilash, ularning davriyligi, shuningdek, sovet tuzumida saylovlarning aholining alohida qatlamlariga ta’siri, O‘zbekistondagi sovet saylov tizimining shakllanish jarayonining respublikaga xos bo‘lgan asosiy bosqichlari va uning faqat hukmron sovet tuzumi va kommunistik partiya manfaatlariga bo‘ysundirilgan totalitar xarakteri xususidagi ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘ZBEKISTON” teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 21-sentyabrdagi 02-31-1459-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar ko‘rsatuvlarni mazmunan va faktik jihatdan boyitishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish