Mamajonov Inomjon Noralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Metamorfik qatlamli tuproqlar va o‘simliklarning biogeokimyoviy, meliorativ xossalariga antropogen omillarning ta’siri», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/V1222.
Ilmiy rahbar: Yuldashev G‘ulom, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Qalandarov Nazimxon Nazirovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Farg‘onaning ko‘l-allyuvial tekisliklarida har xil darajada buzilgan metomorfik qatlamli tuproqlar va o‘simliklarning biogeokimyoviy, meliorativ xossalariga antropogen omillarning ta’sirini aniqlash hamda ushbu tuproqlardan foydalanish agrotexnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
cho‘l mintaqasining ko‘l-allyuvial tekisligida engil mexanik tarkibli o‘tloqi saz tuproqlarining profilida, gumussiz qatlamida, yuzadan 20-30 sm chuqurda tuproqlarning shakllanishi jarayonida o‘ziga xos xususiyatli metomorfik qatlamlarning shakllanishi aniqlangan;
ko‘l-allyuvial onalik jinslar ustida shakllangan sugʻoriladigan o‘tloqi saz tuproqlarining metomorfik qatlamlarini buzilishi, ularning umumfizikaviy, kimyoviy, agrokimyoviy, biogeokimyoviy, energetik xususiyatlarini va unumdorligini o‘zgarishiga olib kelishi isbotlangan;
tuzlarni mavsumiy akkumulyasiyasiga asoslangan yangi formatdagi tuproq xaritasi tuzilgan;
o‘rganilgan tuproqlar, onalik jinslari metomorfik qatlamlarida siklik elementlar Klarki, konsentratsiya Klarki, radial migratsiya koeffisienti, migratsiya impulsi, geokimyoviy spektrlari aniqlandi va yangi formatdagi tuproq geokimyoviy xaritasi tuzilgan;
siklik kimyoviy elementlar manbayi bilan genetik aloqadorlikda bo‘lmagan sug‘oriladigan metomorfik qatlamlarga ega bo‘lgan o‘tloqi saz tuproqlarida biogeokimyoviy anomaliya, pedogeokimyoviy barerlar aniqlanganligi bilan birga, ushbu sharoitdagi bugʻdoyning biogeokimyoviy xususiyatlari va unga javoban reaksiyasi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Antropogen omillarning metomorfik qatlamli tuproqlarning meliorativ holati, biogeokimyoviy xossalari hamda o‘simliklarga taʼsiri va tuproq holatini yaxshilashga qaratilgan, olingan ilmiy-amaliy natijalari asosida:
yangi formatdagi, ya’ni tuzlarni tuproqdagi mavsumiy akkumulyasiyasini, rux elementining anomallik darajasini ko‘rsatuvchi tuproq xaritalari va ular uchun tuzilgan atributiv ma’lumotlar banki Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani xo‘jaliklarida foydalanishga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 3-iyuldagi 05/06-02-494-sonli ma’lumotnomasi). Natijasida, Yozyovon tumani sug‘oriladigan, sho‘rlangan metomorfik qatlamga ega bo‘lgan o‘tloqi saz tuproqlar va qum barxanlarining biogeokimyoviy xususiyatlariga qarab meliorativ xossalarini yaxshilash imkonini bergan;
Yozyovon tumanidagi “Mukarram opa” fermer xo‘jaligining 9,5 gektar maydonidagi ko‘l-allyuvial yotqiziqli onalik jinsi ustida shakllangan sug‘oriladigan, metomorfik qatlamli tuproqlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan tavsiyasi Farg‘ona viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 3-iyuldagi 05/06-02-494-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilgan tuproqlarni yaxshilash hisobiga 60,4 s/gacha don hosili, ya’ni 30 s/ga gacha qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
Yozyovon tumani hududidagi fermer xo‘jaligi erlaridagi 50 gektar boshoqli don ekini ekilgan maydonda yiliga 2 marotabadan o‘rtacha minerallashgan kollektor-zovur suvi bilan sug‘orish usuli “Yangi Bo‘ston marvaridi” Fermer xo‘jaligida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 3-iyuldagi 05/06-02-494-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, sug‘orish hisobiga har yili o‘rtacha 1600 m3 /ga dan toza suv tejalishiga va shu miqdordagi minerallashgan suvlarni kollektorlar orqali daryoga tushishini oldini olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish