Otajonov Sardorbekning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Polivinilimidazol asosidagi tok o‘tkazuvchan materiallarning fizik-kimyoviy xossalari», 02.00.04 - Fizik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2PhD/K485.
Ilmiy rahbar: Akbarov Xamdam Ikramovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Bekchanov Davron Jumazarovich, kimyo fanlari doktori, professor; Sidikov Abdujalol Sidikovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: rolivinilimidazol asosidagi modifikatsiyalangan tok o‘tkazuvchan materiallar olish va ularning fizik-kimyoviy xossalarini tadqiq qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
PVIm ni 2-amino-5-brom-1,3,4-tiadiazol bilan modifikatsiyalash jarayonining optimal sharoitlari tanlangan va inert muhitda reaksiya oddiy sharoitlarga qaraganda tezroq sodir bo‘lishi aniqlangan;
turli fizik-kimyoviy usullar yordamida PVIm ni 2-brometilamin gidrobromid, 3-brompropilamin gidrobromid, 2-amino-5-brom-1,3,4-tiadiazollar bilan modifikatsiyalanganligi isbotlangan;
NQES yordamida modifikatsiyalarning ta’qiqlangan soha kengligi (1,12 eV) PVImning taqiqlangan soha kengligi (1,93 eV)dan kam bo‘lishi asoslangan;
suv va benzol bug‘lari adsorbsiyasi yordamida PVIm polimerining gidrofobligi, modifikatsiyalash natijasida polimerlarning gidrofillik xossasi ortishi, BET nazariyasi orqali modifikatsiyalangan polimerlar mikro va mezo g‘ovakli tuzilishga ega ekanligi aniqlangan;
modifikatsiyalangan polimerlarda ichki fotoeffekt hodisasining kuzatilishi va tok o‘tkazish jarajoni aktivlanish energiyasining kamayishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
PVIm asosida tok o‘tkazuvchi materiallar olish, ularning fizik va fizik-kimyoviy xossalarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
PVIm asosida olingan tok o‘tkazuvchi polimer materiallarni “Foton” AJ da elektrofizik parametrlari o‘rganilgan (“Foton” AJ korxonasining 2023-yildagi 4-son ma’lumotnomasi). Natijada qayta zaryadlanuvchi batareyalar va superkondensatorlar elektrod materiallarining tarkibiiy komponentlari, turli antistatik kompozisiyalar tayyorlashda qo‘shimchalar sifatida foydalanish imkonini bergan;
PVIm asosida modifikatsiyalangan materiallardan MRB-2021-520 “Metall oksidlari asosida suvni organik ifloslantiruvchi moddalardan tozalash uchun fotokatalitik qoplamalarni yaratish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023 yil 23 avgustdagi 03/10-2034-son ma’lumotnomasi). Natijada suvni organik ifloslantiruvchi moddalardan tozalash uchun fotokatalitik qoplamalarni yaratishda qo‘llanish imkoniyatlari asoslab berilgan;
polivinilimidazol asosida olingan tok o‘tkazuvchi polimer materiallarni “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” OAJning laboratoriyasida (“O‘zbekneftgaz” AJ “ Muborak gazni qayta ishlash zavodi” ning 2024-yil 8-iyuldagi № 652/GʻK-07-sonli maʻlumotnomasi) turli xil gazlarni (Ch4, CO, H2, NH3, CO2) aniqlash bo‘yicha laboratoriya sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi va amaliyotga joriy qilindi. Natijada ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘luvchi hayot uchun xavfli bo‘lgan metan va is gazini aniqlash imkoniyati yaratildi. Bu ishlab chiqarish va ma’muriy binolar kabi yopiq sistemalar atmosferasida metan va is gazi miqdorini nazorat qilish imkonini beradi.