Orinbaeva Sayyora Maxsetbaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qotgan mineral o‘g‘itlarni me’yorlab uzatadigan ishchi qismga ega bo‘lgan maydalagichning parametrlarini asoslash», 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/T1470.
Ilmiy rahbar: Auezov Ongarbay Pirleshovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, dotsent Raxmatov Orifjon, t.f.PhD., dotsent Mambetsharipova Ajargul Abdiganievna.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Maydalagichning me’yorlab beradigan qismini ishlab chiqish hamda qotgan mineral o‘g‘itlarni maydalaydigan ish organining parametrlarini asoslash orqali mineral o‘g‘itlarni talab darajasida maydalash va ish unumini oshirishni ta’minlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qotgan mineral o‘g‘itlarni me’yorlab beradigan qismga ega o‘g‘it maydalagichning maydalovchi barabani va unga o‘rnatilgan pichoqlarning konstruksiyalari o‘g‘itlarni belgilangan talablar darajasida maydalanishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
qotgan mineral o‘g‘it maydalagich bunkerining konstruksiyasi o‘g‘it bo‘laklari ular bo‘ylab pastga qarab sirpanishi ta’minlashini hisobga olgan holda aniqlangan;
maydalagichning maydalovchi barabanining aylanishlar soni uning o‘g‘it bilan o‘zaro ta’sirlashish jarayonini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar asosida aniqlangan;
maydalovchi baraban diametri va aylanishlar soni, unga o‘rnatilgan pichoq ko‘ndalang kesimining shakli va barabandan chiqib turgan qismi uzunligi hamda pichoqlar soni ularning maydalagichining agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga ta’sirini ifodalovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qotgan mineral o‘g‘it bo‘laklarini maydalagich ish organlari parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qotgan mineral o‘g‘it bo‘laklarini maydalagichga dastlabki talablar va uning konstruksiyasini loyihalash uchun texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 11-martdagi №01/026-917-son ma’lumotnomasi). Natijada taklif etilayotgan qotgan mineral o‘g‘it bo‘laklarini maydalagich qurilmasining konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan qotgan mineral o‘g‘it bo‘laklarini maydalagich Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining tajriba xo‘jaliklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus va Taxiyatosh tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 11-martdagi №01/026-917-son ma’lumotnomasi). Natijada qo‘l kuchida maydalashga nisbatan mehnat sarfini 3,2-4,5 martaga, boshqa xarajatlarni 1,3-1,5 martaga kamayishi va ish unumining 1,2 martagacha oshishi ta’minlangan;
taklif etilgan maydalagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar va texnik topshiriq) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 11-martdagi №01/026-917-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan qotgan mineral o‘g‘it bo‘laklarini maydalagich qurilmaning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.