Xudjamatov Safarali Xasanboy o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tut ipak qurtining o‘sish tezligi bo‘yicha seleksiya usulini ishlab chiqish va hayot sikli  qisqa yangi sermahsul zotlarini yaratish”, 06.02.04 – Ipakchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Qx309
Ilmiy maslahatchi: Nasirillaev Baxtiyar Ubaydullaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.36/30.01.2020.Qx.103.01.
Rasmiy opponentlar: Daniyarov Umirzak Tuxtamuradovich, qishloq xo‘jaligi fanlari  doktori, professor; Salimdjanov Sangindjon, qishloq xo‘jaligi fanlari  doktori, katta ilmiy xodim; Axmedov Jaxongir Adxamovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tut ipak qurtining lichinkalik davrini qisqartirishga qaratilgan seleksiya ishlari asosida tez o‘sib rivojlanuvchi, hayot sikli qisqa bo‘lgan sermahsul zotlar va sanoatbop duragaylarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tut ipak qurtining geterogen seleksion populyasiyalarida qurtlik davri davomiyligini irsiylanishini sun’iy intellekt asosida o‘rganib, irsiylik  koeffisienti klassik usulda h2=0,111-0,333, sun’iy intellektdan foydalanilgan usulda  h2=0,121-0,210 ko‘rsatkichga ega ekani aniqlangan;
 tut ipak qurtining yirik, o‘rta va mayda pillali zotlarining qurtlik davri davomiyligini o‘zgaruvchanligi juda past (Cv=1,2-6,2 %) darajada namoyon bo‘lishi aniqlanib, ushbu xususiyatni oshirish uchun yakka tanlash usulini qo‘llash samarali bo‘lishi isbotlangan;
ilk bor tut ipak qurti zot va tizimlarining lichinkalik davri qanchalik qisqa bo‘lsa, tuxum jonlanishi va qurtlar hayotchanligi yuqori darajada namoyon bo‘lishi hisoblab chiqilgan korrelyasiya koeffisentlari asosida (rp=-0,865-0,942; rp=-0,798-0,983) isbotlangan;
turli genotipga ega zot va tizimlar populyasiyasida qurtlik davrini qisqartirishga qaratilgan seleksion tanlash asosida barg sarfini me’yordagi hajmiga nisbatan 11,8-19,8 % gacha iqtisod qilish mumkinligi aniqlangan;
yangidan ishlab chiqilgan “Zotlarni hayot siklini qisqartirishga yo‘naltirilgan yangi seleksiya uslubiyoti” qo‘llanmasidan foydalangan holda tut ipak qurtining sermahsul zot va duragaylarini yaratish mumkinligi, yangi zot va duragaylarni yuqori xo‘jalik belgilari asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tut ipak qurtining lichinkalik davri qisqa bo‘lgan individlarni tanlash orqali seleksion zot va tizimlarni hayotchanlik, mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oshirish hamda yangi tanlash uslubiyotini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari asosida:
ipak qurtining lichinkalik davri qisqa bo‘lgan “Parvoz 1” va “Parvoz 2” zotlari Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi «AAA Silk pro tomarqa xizmati» MChJ urug‘chilik korxonasining naslli hududida 53 quti hajmda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 13-iyuldagi 3-412-son ma’lumotnomasi). Natijada, amaldagi naslli qurtlarga nisbatan lichinkalik davri 2 kunga qisqargan. 1 quti qurtdan 52 kg naslli pilla olishga erishilgan. Ushbu naslli pillaning, navdorlik ulushi 52 % bo‘lib, qo‘shimcha 5,6 quti sanoat urug‘i tayyorlangan. Ushbu zotlarning lichinkalik davri 2 kunga qisqarishi natijasida 1 quti naslli qurtdan o‘rtacha 86,0 kg tut bargi iqtisod qilingan. 1 quti naslli pilla hisobiga iqtisodiy samaradorlik 677 793 so‘mni tashkil etgan, ish unumdorligi lichinkalik davrining kamayishi hisobiga 7,4 % ga oshgan;
ipak qurtining lichinkalik davri qisqa bo‘lgan “Parvoz 1” va “Parvoz 2” zotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Turtkul silkworm pro” MChJ urug‘chilik korxonasi naslli hududida 75 quti elita urug‘lari joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 13-iyuldagi 3-412-son ma’lumotnomasi). Natijada, amaldagi naslli qurtlarga nisbatan lichinkalik davri 3 kunga qisqargan va 1 quti qurtdan 54 kg tirik naslli pilla olishga erishilgan. Ushbu naslli pillaning navdorlik ulushi 54 % bo‘lib, qo‘shimcha 6,5 quti sanoat urug‘i tayyorlashga erishilgan. Lichinkalik davri 3 kunga qisqarishi natijasida 1 quti naslli qurt hisobiga, o‘rtacha 128,0 kg tut bargi iqtisod qilingan. 1 quti naslli pilladan olingan iqtisodiy samaradorlik 774 621 so‘mni tashkil etgan, ishning unumdorligi 10,7 % ga oshgan;
“Tut ipak qurti zotlari hayot siklini qisqartirishga yo‘naltirilgan yangi seleksiya uslubiyoti» va ipak qurtining “Parvoz 1”, “Parvoz 2”  zotlarini “Farg‘ona pilla naslchilik” MChJ da 5 quti superelita qurtlari joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 13-iyuldagi 3-412-son ma’lumotnomasi).  Natijada, amaldagi usulga nisbatan lichinkalik davri 3 kunga qisqargan va 1 quti qurtdan 50 kg elita pilla olishga erishilgan. Superelita pillalarining navdorlik ulushi 37 % bo‘lib, qo‘shimcha 1,6 quti elita urug‘i tayyorlashga erishilgan. Ushbu zotlarning lichinkalik davri 3 kunga qisqarishi natijasida 1 quti naslli qurtdan o‘rtacha 128,0 kg tut bargi iqtisod qilingan. 1 quti naslli pilla hisobiga iqtisodiy samaradorlik 1008621 so‘mni tashkil etgan, ishning unumdorligi 10,7 % ga oshgan.
ipak qurtining hayot sikli lichinkalik davrida qisqa bo‘lgan yangi “Parvoz 1”  zotining 169 ta va “Parvoz 2”  zotining 206 ta olingan oilasi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining “Tut ipak qurti naslchiligi, ekologiyasi va kimyoviy zaxarlanish profilaktikasi” laboratoriyasiga naslchilik ishlarida qo‘llash hamda ko‘paytirish uchun topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 13-iyuldagi 3-412-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu yangi zotlarning 375 ta boshlang‘ich tuxum quymalari naslchilik amaliyotida yangi zotlarni ko‘paytirish uchun imkon bergan;  
ipak qurtining “Sharq 1” va “Sharq 2” sanoat duragaylari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qoraqalpog‘iston “Agropilla” MChJ xududida 2023-yil takroriy qurt boqish mavsumida 1109 quti va 2024-yil bahorgi qurt boqish mavsumida 1090 quti hajmda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 13-iyuldagi 3-412-son ma’lumotnomasi). Natijada yalpi pilla hosili mos ravishda 43,2  tonna va 69,7 tonnani tashkil etgan, rentabellik darajasi 32,1 % ga oshgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish