2024 yil 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonidagi yangiliklar va istiqbol vazifalar” mavzusida Matbuot anjuman bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi maqsad va vazifalari doirasida tashkil etilgan Matbuot anjumanini Oliy attestatsiya komissiyasi raisi kirish so‘zi bilan ochib, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sifatini yanada oshirish sohasidagi natija va kelgusi vazifalar yuzasidan umumiy ma’lumot berib o‘tdi.

Yangi O‘zbekistonni strategik rivojlantirish maqsad va vazifalariga ko‘ra ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar doirasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini ham sifat jihatdan takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 2017 yil 16 fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4958-sonli Farmoni asosida 2017 yilning 1 iyulidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ikki pog‘onali tizimining amaliyotga joriy etilgani samarali ilmiy faoliyatga munosib shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, iqtidorli yoshlarning ilmiy-ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sifatini yanada oshirish, tizimni raqamlashtirish asosida shaffoflikni ta’minlash va ilmiy ishlanmalar sifati va samaradorligini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Bugungi kunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini to‘liq raqamlashtirish borasida maqsadli tadbirlar amalga oshirilmoqda; falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari hamda ilmiy unvonlarga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish hamda tizimda shaffoflik va ochiqlikni yanada kengaytirish borasida qator yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.


Matbuot anjumanida ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi tadqiqotlarning amaliy natijalari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, geologiya va konchilik ishi tadqiqotlari, geografiya fanlari bo‘yicha ekspert kengashi, biologik tadqiqotlar va biotexnologiyalar, kimyo, kimyoviy-texnologiya, farmatsevtik tadqiqotlar va xalq tabobati, falsafiy va tarixiy tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligi, veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi tadqiqotlari hamda filologiya fanlari bo‘yicha ekspert kengashlari faoliyati taqdimot qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yil va 2024 yilning olti oyi davomida jami 5495 nafar tadqiqotchi ilmiy darajada tasdiqlandi. Shundan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar 4777 nafarni, fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar 728 nafarni tashkil etdi. Shu davrda 4036 nafar talabgor ilmiy unvonda, jumladan 832 nafari –  professor, 2931 nafari dotsent va 273 nafari katta ilmiy xodim unvonlarida tasdiqlandi.
Shuningdek, xorijiy davlatlar muassasalari tomonidan berilgan 136 ta ilmiy darajalar (43 tasi fan doktori, 93 tasi falsafa doktori (PhD) diplomlari nostrifikatsiya qilindi. Xorijiy davlatlarda ilmiy darajalar to‘g‘risida berilgan 43ta falsafa doktori (PhD) diplomi o‘rnatilgan tartibda fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinib, tegishli diplomlar tasdiqlandi.
Mazkur davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan ochiq muloqotlarda 5062 nafar ilmiy jamoatchilik bilan 93 ta uchrashuv tashkil etilib, unda 3511 nafar yosh tadqiqotchi ishtirok etdi, 1303 ta savolga zarur tushuntirishlar berildi, 237 nafar izlanuvchining masalasi joyida hal etildi, 471 nafar izlanuvchiga joyida uslubiy yordam ko‘rsatildi.
OAK veb-saytida “Tezkor aloqa xizmati” joriy qilingan bo‘lib, murojaatlarga tez javob berish ta’minlangan. Shuningdek, OAKning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «OAK Byulleteni» jurnalida barcha tegishli ma’lumotlar keng yoritib  borilmoqda.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari, hamda ilmiy tadqiqotchilarning savollariga atorflicha javob qaytarildi.

OAK Axborot xizmati.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish