O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonidagi yangiliklar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan matbuot anjuman o‘tkazildi.
Matbuot anjumani «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi maqsad va vazifalari doirasida tashkil etildi. Unda mamlakatimizda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sifatini yanada oshirish sohasidagi natija va kelgusi vazifalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Matbuot anjumanida Yangi O‘zbekistonni strategik rivojlantirish maqsad va vazifalariga ko‘ra, ta’lim va ilm-fan sohasidagi islohotlar doirasida oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini ham sifat jihatdan takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida 2017 yilning 1 iyulidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ikki pog‘onali tizimining amaliyotga joriy etilgani samarali ilmiy faoliyatga munosib sharoitlar yaratish ayniqsa, iqtidorli yoshlarning ilmiy-ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sifatini yanada oshirish, tizimni raqamlashtirish asosida shaffoflikni ta’minlash va ilmiy ishlanmalar sifati va samaradorligini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Bugungi kunda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonini to‘liq raqamlashtirish borasida maqsadli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari hamda ilmiy unvonlarga qo‘yiladigan talablarni takomillashtirish hamda tizimda shaffoflik va ochiqlikni yanada kengaytirish borasida qator yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2023 yil va 2024 yilning olti oyi davomida jami 5 ming 495 nafar tadqiqotchi ilmiy darajaga ega bo‘ldi. Shundan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olganlar 4 ming 777 nafarni, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar 728 nafarni tashkil etdi. Shu davrda 4 ming 36 nafar talabgor ilmiy unvonga, jumladan, 832 nafari professor, 2 ming 931 nafari dotsent va 273 nafari esa katta ilmiy xodim unvonini olishga musharraf bo‘ldi.
Shuningdek, xorijiy davlatlar muassasalari tomonidan berilgan 136 ta ilmiy darajalar (43 tasi fan doktori, 93 tasi falsafa doktori (PhD) diplomlari nostrifikatsiya qilindi. Xorijiy davlatlarda ilmiy darajalar to‘g‘risida berilgan 43 ta falsafa doktori (PhD) diplomi o‘rnatilgan tartibda fan doktori (DSc) diplomi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olindi.
Mazkur davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan ochiq muloqotlarda 5 ming 62 nafar ilmiy jamoatchilik bilan 93 ta uchrashuv tashkil etilib, unda 3 ming 511 nafar yosh tadqiqotchi ishtirok etdi. 1 ming 303 ta savolga zarur tushuntirishlar berildi. 237 nafar izlanuvchining masalasi joyida hal etildi. 471 nafar izlanuvchiga joyida uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Oliy attestatsiya komissiyasi veb-saytida «Tezkor aloqa xizmati» joriy qilingan bo‘lib, murojaatlarga tez javob berish ta’minlangan. Shuningdek, Oliy attestatsiya komissiyasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «OAK Byulleteni» jurnalida barcha tegishli ma’lumotlar keng yoritib borilmoqda.
Matbuot anjumanida ilm-fanning turli yo‘nalishlaridagi tadqiqotlarning amaliy natijalari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
Manba: O‘zA