Oliy attestatsiya komissiyasida 2024 yilning 19 iyul kuni iqtisodiyot va sotsiologiya fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi hamda ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy kengashlar va uning huzuridagi ilmiy seminar kotiblari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” Strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida belgilangan vazifalar doirasida tashkil etilgan yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, investision muhitni yaratish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda iqtisodiyot va sotsiologiya fanlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda mazkur fanlari bo‘yicha respublika oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlarida 35 ta ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalqaro va respublikamizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab ilmiy nashrlarda ushbu fanlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning asosiy ilmiy natijalari e’lon qilib borilmoqda. Sohalarga qaratilayotgan e’tibor sababli so‘nggi yillarda 108 ta fan doktor (DSc) hamda 880 ta falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tadqiqotlar bajarildi.

Yig‘ilishda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar xususida axborot berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Xususan, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari sifatini yanada oshirish, innovatsion va xalqaro ilg‘or tadqiqot uslublarini amaliyotga joriy etish, axborot tizimini takomillashtirish orqali sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda faollikni kuchaytirish kabi masalalar keng muhokama etildi.
Bu borada, ayniqsa, sohada axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish orqali ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ilmiy tadqiqotchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida OAK tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ham ma’lumotlar berildi.
Shunga ko‘ra, ilmiy kengashlar faoliyatini tashkil etishda me’yoriy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Ochiq va do‘stona muloqotlar asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda ilmiy kengashlar faoliyatini nizom talablariga ko‘ra tashkil qilish hamda axborot-tahlil xulosalari bo‘yicha yuzaga kelgan savollarga atroflicha javob olindi.
OAK Axborot xizmati.