Madrahimov Ilhomjon Sobirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilida lingvistik tasnig metodologiyasi”, 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Fil682.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Hakimov Muxammad Xo‘jaxonovich, filologiya fanlari doktori, professor; Sobirov Abdulhay Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ergasheva Guli Ismoil qizi, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi har qanday fan tadqiqining asosi sanalgan tasnif masalasi, uning lingvistik tabiati, lisoniy birliklar tasnifining turlari, turli tizimli tillarda ularning o‘xshash va farqli tomonlarini ochib berishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan muhim omillar hamda o‘zbek tili materiallari yordamida lisoniy birliklarning tasnifi tamoyillari mezonlarini o‘zbek va jahon tilshunosligi tajribalari asosida belgilashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fanda tasnif muammosi va uning lingvistikada baholanishi, jumladan, tasnifning falsafiy, ilmiy kategoriya sifatidagi ahamiyati aniqlanib, lingvistik tasnifda tabiiy fanlarning tasnif metodologiyasidan foydalanilganligi, lingvistik tasnifning mantiqiy asoslari ochib berilgan;
o‘zbek tilshunosligida lingvistik tasnif haqidagi qarashlar tizimlashtirilgan va tasnif tamoyillarining milliy tilning ontologik xususiyatlaridan kelib chiqilmaganligi hamda lingvistik tasnif masalasining xususiy til muammosi sifatida kun tartibiga qo‘yilmaganligi boshqa tillar qonuniyatlarining andazaviyligi bilan bog‘liq bo‘lganligi asoslangan;
tilshunoslikda tasnif muammolari, turlari va ularning til hodisalarini izchil va sistemali tahlil qilishda asos bo‘lib xizmat qilishi dalillanib, lisoniy tasnif va lingvistik tasnif o‘zaro farqlanishi, lisoniy tasnif borliq hodisalarining tilda aks etishi, lingvistik tasnif esa til hodisalariga ilmiy yondashuv ekanligi, ularning tamoyil va yo‘nalishlari belgilangan;
lison – nutq dixotomiyasini tahlil qilish asosida lisoniy va nutqiy birliklarning murakkab tabiati o‘rganilgan, lisoniy va nutqiy birliklar, lisoniy hamda nutqiy birliklarning ichki bo‘linishlari, lisoniy birliklar tasnifi umumiyliklar, nutqiy birliklar xususiyliklar dialektikasiga asoslanishi dalillanib, lisoniy sath va birliklarining serqirraligi hamda ularni tasniflash muammolari aniqlangan;
fonetik va fonologik birliklar, leksemalar hamda so‘z yasalishi tizimining tasnifiy muammolari hamda kelgusida mazkur birliklar yuzasidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalar aniqlanib, fonetik tasnif nutq tovushlarining material jihatiga, fonologik tasnif esa substansial jihatiga asoslanishi ochib berilgan;
grammatik kategoriya va sintaktik birliklarning an’anaviy tasnifini tahlil qilish asosida grammatik kategoriyalar va sintaktik birliklarning o‘zbek tilining milliy xususiyatlaridan kelib chiqadigan tasniflari mohiyati, ularning turkiy tillarning kategorial qurilishi, xususan, morfologik shakllarda nol shaklning o‘rniga alohida e’tibor berilgani holda, sintaktik hodisalar tasnifida “oldingining keyingiga” tamoyili va unga istisno holatlar aniqlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Lingvistik birliklar tasnifining murakkab tabiati, ularning serqirra xususiyatlarini tadqiq etish metodologiyasi masalalarini o‘rganishga doir olingan ilmiy natijalar asosida:
fanda tasnif muammosi va uning lingvistikada o‘rganilishi, jumladan, tasnifning falsafiy, ilmiy kategoriya sifatidagi ahamiyatini aniqlashga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida 2017-2020 yillarda bajarilgan “OT-F1-18. Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” davlat fundamental-tadqiqot dasturlari doirasidagi loyihada foydalanilgan (Z.M.Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining 2023-yil 22-dekabrdagi 39-01-2808-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyihada ko‘zda tutilgan tasnif metodologiyasi lingvistik birliklar tasnifiga doir yangi nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
o‘zbek tilshunosligida lingvistik tasnif haqidagi qarashlar tizimlashtirilgan va tasnif tamoyillarining milliy tilning ontologik xususiyatlaridan kelib chiqilmaganligi hamda lingvistik tasnif masalasining xususiy til muammosi sifatida kun tartibiga qo‘yilmaganligi boshqa tillar qonuniyatlarining andazaviyligi bilan bog‘liq bo‘lganligi asoslanganligiga oid natijalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020-2022-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172. “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 22-dekabrdagi 01/4-2775-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyaning o‘zbek tilshunosligining rivojlanishida, o‘zbek tili birliklari lisoniy qiymatini baholash va tasniflashda, ularni Evropa tillari qoliplaridan chiqarishda, har bir lisoniy qiymatni shu birlik yashab turgan muhitda – o‘zbek tilining tizimli qurilishini tahlil va tasnif etishda, bu birliklarni qayta baholashda, shu asosda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyatga molik bo‘lgan ilmiy xulosalari loyiha ishining puxta ilmiy-nazariy asosini yaratishga xizmat qilgan;
o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini milliylashtirilgan talqini asosida mazkur tilning turli bosqichlarida ushbu til ilmi va tavsifida nom yaratishning o‘zbek tili me’yorlari hamda mentalitetiga mos milliy texnologiyasini ishlab chiqish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2019-2022-yillarda bajarilgan A-OT-2019-10. “O‘zbek tilida neymingning me’yoriy-huquqiy asoslarini yaratish” amaliy grant loyihasida dissertatsiyadagi “O‘zbek tilida nomlar tasnifi”ga doir ilmiy xulosalardan foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 22-dekabrdagi 01/4-2776-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishi doirasidagi “O‘zbek tilida nom yaratishning lingvistik asoslari” ilmiy risolasini yaratish hamda “O‘zbek tilining neyming lug‘ati”ni tuzishga doir qarashlar ham tadqiqotning ilmiy-nazariy xulosalari bilan boyitilgan;
tasnifning falsafiy, ilmiy kategoriya sifatidagi ahamiyati hamda o‘zbek tilshunosligidagi lingvistik tasnif haqidagi qarashlar tahlili asosida erishilgan xulosalardan Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutida 2020-2022-yillarda bajarilgan S-ECAGD-18-CA-0067 (PO 20002335) raqamli “FY 2018 English Acces Microscholarchip Program” nomli AQSh ta’lim va madaniy ishlar byurosi bilan hamkorlikdagi amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2023-yil 23-dekabrdagi 1381/04-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida chop etilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning mazmuniy mukammalligiga erishilgan va lug‘aviy imkoniyatlari kengaygan;
tilshunoslikda lisoniy va nutqiy birliklarning serqirraligi hamda ularni tasniflash muammolarini aniqlashga doir ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan bajarilgan FA-F1-G003 “Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi”, FA-A1-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obekti sifatida” mavzularidagi fundamental va amaliy loyihalarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 9-yanvardagi 13/1-son ma’lumotnomasi). Natijada dissertatsiyadagi fonetik va fonologik birliklar, leksemalar hamda so‘z yasalishi tizimining tasnifiy muammolari, grammatik kategoriyalar va birliklar tasnifini tahlil qilish asosida ushbu kategoriyalar va birliklarning o‘zbek tili milliy xususiyatlaridan kelib chiqadigan tasnifi borasidagi tavsiyalarga doir xulosalar mazkur loyihalarni yangi ilmiy-nazariy qarashlar bilan yanada boyitgan;
lison – nutq dixotomiyasini tahlil qilish asosida lisoniy va nutqiy birliklarning murakkab tabiati o‘rganilgan, lisoniy va nutqiy birliklar, lisoniy hamda nutqiy birliklarning ichki bo‘linishlari, lisoniy birliklar tasnifi umumiyliklar, nutqiy birliklar xususiyliklar dialektikasiga asoslanishi dalillanib, lisoniy sath va birliklarining serqirraligi hamda ularni tasniflash muammolari aniqlanganligiga oid ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yillarda o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatiga tatbiq etilgan. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil uchun chora-tadbirlar dasturining XI yo‘nalishida belgilangan “Davlat tilini rivojlantirish, uning targ‘iboti va bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish” 52-bandi (“Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosini ta’minlash, Davlat tilini O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan barcha millat va elatlarni birlashtiruvchi umumiy vositaga aylantirish, davlat tiliga hurmat, avvalo, davlatchiligimiz va birdamligimizga nisbatan ehtirom ramzi ekanini yurtdoshlarimiz ongi va qalbiga singdirish”) da belgilangan targ‘ibot ishlarini tashkil etishda dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2023-yil 25-dekabrdagi 02-22/1462-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotda ilgari surilgan taklif va xulosalar yangi O‘zbekiston jamiyatini barpo etish va taraqqiysiga xizmat qilgan;
lingvistikada tasnifning o‘rganilishi, uning falsafiy, ilmiy ahamiyati, lisoniy birliklar serqirraligiga doir ilmiy xulosalardan 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasida efirga uzatilgan “Xayrli kun”, “Tafsilot”, “Kun mavzusi” hamda “Farg‘ona” radiokanalining ma’naviy-ma’rifiy eshittirishlarini tayyorlashda foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 25-dekabrdagi 01-02/238-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv va eshittirishlarning ssenariylari mazmuni boyitilgan, ularning asoslanganligi hamda ommabopligi ta’minlangan.