Kosimov Alijon Raxmatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “XX asr o‘zbek va rus adabiyotida olam va inson konsepsiyasi (T.Murodning “Otamdan qolgan dalalar” va V.Shukshinning “Lubavinlar” romanlari asosida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3507.
Ilmiy rahbar: Qosimov Abdugafur Abdukarimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Zohidjon Yaqubjanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Madyarova Nasiba Adxamovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzak davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek hamda rus adabiyotida olam va inson konsepsiyasi talqinini Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” va Vasiliy Shukshinning “Lubavinlar” romanlari misolida ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
T.Murod va V.Shukshin romanlaridagi olam va inson konsepsiyasi insoniyatning ma’naviy-madaniy ideallariga asoslangan bo‘lib, mazkur asarlarning mavzu ko‘lami qahramonlar xarakteri tasvirida namoyon bo‘lishi ochib berilgan;
Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” va Vasiliy Shukshinning “Lubavinlar” romanlarida qishloq kishilari obrazlari orqali davrning global muammolari o‘z aksini topganligi asoslangan;
“Otamdan qolgan dalalar” romani bosh qahramoni Dehqonqul obrazi sovet adabiyotida mavjud mehnat qahramonlariga parodiya sifatida yaratilib, u o‘zbek xalqi boshidan o‘tkazgan “paxta ishi” jabrlanuvchisi sifatida tasvirlangan bo‘lsa, “Lubavinlar”da XX asr boshlarida Sibir qishlog‘ida yashagan sulolaning taqdiri rus xalqi xarakterining timsoli sifatida talqin etilganligi dalillangan;
Tog‘ay Murod va Vasiliy Shukshin qahramonlar xarakterini, ularning ona zamin bilan aloqalarini ochib berish uchun folklor an’analari, arxaik leksika va jonli xalq og‘zaki nutqidan unumli foydalanganligi isbotlangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr o‘zbek va rus adabiyotida olam va inson konsepsiyasi mavzusida olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
T.Murod va V.Shukshin romanlaridagi olam va inson konsepsiyasi insoniyatning ma’naviy-madaniy ideallariga asoslanganligi, mazkur asarlarning mavzu ko‘lami qahramonlar xarakteri tasvirida namoyon bo‘lishi xususidagi  ilmiy xulosalardan Qozon Federal universitetining Filologiya va madaniyatlararo aloqa instituti 44.03.01-Pedagogika Profil: rus tili ta’lim yo‘nalishi “Zamonaviy tilshunoslik tamoyillari va usullari (rus tili)” o‘quv kursi doirasida foydalanilgan (Rossiya Federatsiyasi Qozon Federal universitetining 2023-yil 3-martdagi 01.210.1.01-09/123-son ma’lumotnoma). Natijada talabalarning badiiy asar tilini o‘rganish va uning stilistik tahlili bilan bog‘liq bilim darajasini oshirishga yordam bergan;
Tog‘ay Murod va Vasiliy Shukshin asarlarida folklor an’analari, arxaik leksika va jonli xalq og‘zaki nutqining qahramonlar xarakterini, ularning ona zamin bilan aloqalarini ochib berishdagi ahamiyati yuzasidan  chiqarilgan ilmiy xulosalardan M.K.Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy federal universiteti (SVFU) filologiya fakultetida o‘qitiladigan “Zamonaviy rus tili: fonetika va fonologiya” (45.03.01) o‘quv kursi doirasida foydalanilgan (M.K.Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy federal universitetining 2023-yil 19-oktabdagi 58/59-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv kursi mashg‘ulotlarida tilining funksional o‘ziga xosliklari haqidagi bilimlarni ilmiy dalillar bilan boyitilishiga xizmat qilgan;
“Otamdan qolgan dalalar” romani bosh qahramoni Dehqonqul obrazi sovet adabiyotida mavjud mehnat qahramonlariga parodiya sifatida yaratilganligi, u o‘zbek xalqi boshidan o‘tkazgan “paxta ishi” jabrlanuvchisi sifatida tasvirlanganligi, “Lubavinlar”da XX asr boshlarida Sibir qishlog‘ida yashagan sulolaning taqdiri rus xalqi xarakterining timsoli sifatida talqin etilganligi to‘g‘risidagi ilmiy xulosalardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining “Xayrli kun” ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 7-noyabrdagi 02-12/215-son  ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvning yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlodni badiiy adabiyotga hurmat ruhida tarbiyalash va, ularning ilmiy bilimlarini oshirishdagi ahamiyati ortgan;
Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” va Vasiliy Shukshinning “Lubavinlar” romanlarida qishloq kishilari obrazlari orqali davrning global muammolari o‘z aksini topganligi xususidagi ilmiy xulosalardan Qozon (Volga) federal universitetining Filologiya va madaniyatlararo aloqa institutida filologiya fanlari doktori A.S. Afanasev boshchiligidagi “KFU bilan rus adabiyotini o‘rganamiz” mavzusidagi amaliy loyihasi doirasida foydalanilgan (Rossiya Federatsiyasi Qozon Federal universitetining 2023-yil 18-oktyabrdagi 01.2.10.1.01-09/535/2023-son ma’lumotnoma). Natijada loyiha doirasida olam va inson konsepsiyasi muammosini qiyosiy-tipologik nuqtayi nazardan o‘rganishni chuqurlashtirishga va ilmiy-nazariy jihatdan tizimli xulosalar chiqarishga yordam bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish