Narmuratov Zayniddin Radjabovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi: “Ta’lim va ilm mazmunli frazemalarning semantik-struktur, lingvomadaniy xususiyatlari (ingliz va o‘zbek tillari misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.DSc/Fil433.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Bakirov Poyan Uralovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, Ilmiy Kengash raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Oybek Saporbaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Xajieva Feruza Melsovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Mamatov Abdi Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi ta’lim va ilm mazmunli frazeologik birliklarning semantik-struktur, lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillaridagi frazemalarning lingvomadaniy xususiyatlari ularning insoniyat sivilizatsiyasi bosqichlari bilan parallel ravishda yuzaga kelganligi va semantik-struktur mohiyati har ikkala xalq tarixi, milliy mentaliteti, moddiy hamda ma’naviy madaniyati, an’anaviy xo‘jaligi, ijtimoiy kundalik turmush tarzi, qadriyati hamda diniy e’tiqodi, maishiy hayoti va aloqalari, milliy tuyg‘ulari, urf-odatlari, mamlakatlarning geografik joylashuvi kabi omillar ta’sirida shakllanganligi dalillangan;
qiyoslanayotgan tillardagi proverbial frazeologizmlarning muqobillari hisoblangan monoekvivalentlik, poliekvivalentlik, ma’noviy ekvivalentlik, ekvivalensiz frazeologik birliklar kabi turlari gap yoki fikr tema va remasini belgilashda (ingliz tilidagi to know the way the wind blows (shamol qaysi yo‘ldan esishini bilmoq), o‘zbek tilidagi yulduzni benarvon uradigan kabi frazeologik birliklarning farqli jihatlari aniqlangan bo‘lsa, ingliz tilidagi to have smth at one’s finger ends (biror narsani barmog‘ining oxirida deb bilmoq), o‘zbek tilidagi besh qo‘lday bilmoq kabi o‘xshash tomonlari namoyon bo‘lishi aniqlangan;
har ikkala tilda frazeologik birliklarning kompleks tasnifi asosida ularning yuqori funksional potensialga va o‘zining pragmatik tabiatiga egaligi, kontekstual va kommunikativ shartlanganligi, paradigmatik hamda sintagmatik aktuallashuvi semantika-funksiya-pragmatika uchligida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi ta’lim va ilm komponentli frazeologik birliklar semantik valentligiga qarab aniqlovchi tanlashda ularning konnotativ va denotativ ma’nolari birlamchi, ma’nodagi kuchlilik-kuchsizlik, ijobiylik-salbiylik, uslubiy xoslanganlik, darajalanish, shakl va ma’no munosabati, tarixiylik omillarining ikkilamchi ahamiyati asoslangan;
ingliz tilida ta’lim va ilm komponentli frazeologik birliklar tilning grammatik-funksional tizimi me’yoriga ko‘ra morfologik vositalar (affikslar, qo‘shimchalar)siz hosil bo‘lsa, o‘zbek tilida esa turli morfologik vositalarni, ya’ni affiks va qo‘shimchalarni qo‘shish orqali so‘zlarni sintaktik bog‘lanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida ta’lim va ilm mazmunli frazemalarning semantik-struktur, lingvomadaniy xususiyatlarini tadqiq qilish jarayonida ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi frazemalarning lingvomadaniy xususiyatlari ularning insoniyat sivilizatsiyasi bosqichlari bilan parallel ravishda yuzaga kelganligi va semantik-struktur mohiyati har ikkala xalq tarixi, milliy mentaliteti, moddiy hamda ma’naviy madaniyati, an’anaviy xo‘jaligi, ijtimoiy kundalik turmush tarzi, qadriyati hamda diniy e’tiqodi, maishiy hayoti va aloqalari, milliy tuyg‘ulari, urf-odatlari, mamlakatlarning geografik joylashuvi kabi omillar ta’sirida shakllanganligi dalillanganligiga oid nazariy xulosalardan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023 yillarda bajarilgan PZ – 2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 18-martdagi 04/01-662-son ma’lumotnomasi). Natijada toʻplangan frazeologik birliklar ingliz va o‘zbek xalqlarining til boyligini, urf-odatini, mentalitetini, dunyo qarashlarini va tarixini o‘rganishda, hamda til o‘rganuvchilarda kerakli kommunikativ kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qilgan;
qiyoslanayotgan tillardagi proverbial frazeologizmlarning muqobillari hisoblangan monoekvivalentlik, poliekvivalentlik, ma’noviy ekvivalentlik, ekvivalensiz frazeologik birliklar kabi turlari gap yoki fikr tema va remasini belgilashda (ingliz tilidagi to know the way the wind blows (shamol qaysi yo‘ldan esishini bilmoq), o‘zbek tilidagi yulduzni benarvon uradigan kabi frazeologik birliklarning farqli jihatlari aniqlangan bo‘lsa, ingliz tilidagi to have smth at one’s finger ends (biror narsani barmog‘ining oxirida deb bilmoq), o‘zbek tilidagi besh qo‘lday bilmoq kabi o‘xshash tomonlari namoyon bo‘lishi aniqlanganligiga oid nazariy xulosalardan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2023 yillarda bajarilgan AM-F3-201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish mavzusi” mavzusidagi loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 19-martdagi 04/01-679-son ma’lumotnomasi). Natijada frazeologiyada sinonimiya, antonimiya, omonimiya hamda ko‘p ma’nolilik hodisalarining farqli xususiyatlarini batafsil yoritib berishga xizmat qilgan;
har ikkala tilda frazeologik birliklarning kompleks tasnifi asosida ularning yuqori funksional potensialga va o‘zining pragmatik tabiatiga egaligi, kontekstual va kommunikativ shartlanganligi, paradigmatik va sintagmatik aktuallashuvi semantika-funksiya-pragmatika uchligida namoyon bo‘lishiga oid nazariy xulosalardan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023 yillarda bajarilgan F3 – 201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 16-oktyabrdagi 01/10-2132-son ma’lumotnomasi). Natijada til va adabiyotga oid materiallar mazmunan boyitildi hamda ilmiylik darajasi oshirilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi ta’lim va ilm komponentli frazeologik birliklar semantik valentligiga qarab aniqlovchi tanlashda ularning konnotativ va denotativ ma’nolari, ma’nosidagi kuchlilik-kuchsizlik, ijobiylik-salbiylik, uslubiy xoslanganlik, darajalanish, shakl va ma’no munosabati, tarixiylik omillarining birlamchi ekanligiga oid xulosalardan Termiz davlat universitetida 2021-2024 yillarda amalga oshirilgan 617309-EPP-1-2020-1-EPPKA2-CBHE-JP raqamli “Triggering innovative approaches and entrepreneurial skills for studens through creating conditions for graduate’s employability in Central Asia – TRIGGER” nomli xorijiy loyihada foydalanilgan (Termiz davlat universitetining 2024 yil 11-iyuldagi 06/07-313-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’lim va ilm konseptli frazeologizmlar transformatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nafaqat oliy ta’lim muassasalarida o‘tiladigan fanlar o‘qitilishida, balki keng omma uchun mo‘ljallangan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan adabiyotlar yaratishda ham muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ko‘rsatilgan;
ingliz tilida ta’lim va ilm komponentli frazeologik birliklar morfologik vositalar (affikslar, qo‘shimchalar)siz hosil bo‘lsa, o‘zbek tilida esa turli morfologik vositalarni, ya’ni affiks va qo‘shimchalarni qo‘shish orqali so‘zlarni sintaktik bog‘lanishi orqali hosil bo‘lishi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali”ning “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bolalar uchun”, “O‘zbekiston yoshlari” eshittirishlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston Teleradiokanali”ning 2023-yil 7-noyabrdagi 04-36-1660-son ma’lumotnomasi). Natijada ilmiy izlanuvchilarga, talabalarga o‘zbek va ingliz xalqlarining an’analari, urf-odatlari, turmush tarzini qiyoslash imkoni paydo bo‘lgan, ma’naviy qadriyatlar tizimida alohida o‘rin egallagan marosimlar, xalq og‘zaki ijodi haqidagi matnlar bo‘yicha lingvokulturologiya, etnolingvistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hajmi ko‘paygani haqida xorijiy til professor-o‘qituvchilari va talabalarga ma’lumot berilgan.