Mamanazarov Sardor Shuxratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Big dataning fuqarolik-huquqiy rejimi”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Ilmiy rahbar: Rashidov Komil Kayumovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Said Saidaxrarovich, yuridik fanlar doktori, professor; Safoeva Sadoqat Musoevna, yuridik fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Big Data sohasidagi huquqiy munosabatlarning fuqarolik-huquqiy tabiatini aniqlash, ularni huquqiy tartibga solish, subektlarning ma’lumotlari himoyasi va maxfiyligini huquqiy ta’minlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
subektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik ma’lumotlarga faqat mazkur subektning roziligi sharti asosida amalga oshirilishi asoslab berilgan;
mulkdor va (yoki) operator qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda subektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun subektning roziligi olinganligi dalilini taqdim etishi talabi zarurati asoslantirilgan;
hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar, ya’ni subektning roziligi bilan erkin foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan ma’lumotlar toifasi va tushunchasi asoslab berilgan;
shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligiga tahdidlar tushunchalarining yuridik ta’rifini qonunchilikda aks ettirish haqidagi takliflar asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagilarda foydalanilgan:
subektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik ma’lumotlarga faqat mazkur subektning roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bog‘liq hollar mustasno, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkinligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni 26-moddaning uchinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2024-yil 18-apreldagi dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi subektning maxsus maxfiy ma’lumotlariga nisbatan himoya choralarini kuchaytirib, unga qo‘shimcha kafolatlar berishga xizmat qilgan;
mulkdor va (yoki) operator qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda subektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun roziligi olinganligi dalilini taqdim etishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni 31-moddaning ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi ishlab chiqilishida inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2024-yil 18-apreldagi dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi operator (mulkdor) shaxsga oid ma’lumotlar bilan ruxsatsiz foydalanmasligini ta’minlaydigan, shaxsga oid ma’lumotlarga o‘zboshimchalik bilan ishlov berishga yo‘l qo‘ymaydigan va shaxsga oid ma’lumotlar ishonchli huquqiy himoya qilinishi ta’minlashga zamin bo‘lib xizmat qilgan;
subektning roziligi bilan erkin foydalanilishi mumkin bo‘lgan yoki maxfiylikka rioya etishga doir talablar tatbiq etilmaydigan ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ekanligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil
5-oktyabrdagi “Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 570-son qarori bilan tasdiqlangan Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda ularning himoya qilinganlik darajasini belgilash to‘g‘risidagi nizomning 5-bandi o‘ninchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-iyundagi ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga nisbatan yagona yondashuvni ta’minlanishiga xizmat qilgan;
shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligiga tahdidlar deganda, ma’lumotlar bazasiga ruxsatsiz, shu jumladan tasodifiy kirish natijasida shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish, yo‘q qilish, nusxalash, shuningdek, boshqa noqonuniy harakatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar va omillar yig‘indisi ekanligi haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil
5-oktyabrdagi “Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 570-son qarori bilan tasdiqlangan Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda ularning himoya qilinganlik darajasini belgilash to‘g‘risidagi nizomning 7-bandi birinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-iyundagi ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi shaxsga doir ma’lumotlarning xavfsizligiga tahdidlar tushunchasiga, qanday xatti-harakatlar ma’lumotlarning xavfsizligiga tahdid deb topilishiga aniqlik kiritgan.