Ashurov Ulug‘bek Erkinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.    Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “O‘zbekiston Respublikasida jinoyatchilikning oldini olish shakllari va usullarini takomillashtirish”, 12.00.15 – “Kriminologiya” (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Yu553.
Ilmiy rahbar: Abdurasulova Qumriniso Raimkulovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Toshpo‘latov Akrom Ikromovich, yuridik fanlar doktori; Umurzaqov Begzod Atabaevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida jinoyatchilikning oldini olish hamda uning shakllari va usullarini takomillashtirish, bu boradagi faoliyatni yanada yaxshilash yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kiberjinoyatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish, kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish kabi vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyatlari sifatida belgilanishi lozimligi asoslangan;
jinoyat kamayishiga erishilmagan mahallalarda uyma-uy yurib, profilaktik hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar va uyushmagan yoshlar bilan profilaktik ishlar tizimli olib borilishini ta’minlash lozimligi, xususan har bir hududning xususiyatidan kelib chiqib sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organ hamda muassasalar bilan birgalikda jinoyat sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi joriy etilishi lozimligi asoslangan;
transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishida ifodalanadigan ma’muriy huquqbuzarliklar ob’ektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar MJtK bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarni jiddiy buzishini inobatga olib, bunday huquqbuzarliklarning kam ahamiyatli qilmish, deb topilishi mumkin emasligi asoslangan;
muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash hamda ichki ishlar organlarining tungi xizmatini tashkil etish viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘ining asosiy vazifalaridan biri etib belgilanishi lozimligi asoslangan;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan hamda davlatning ijtimoiy yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga etmaganlar va oilalar aniqlanganligi to‘g‘risida zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalarini xabardor qilishi lozimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasida jinoyatchilikning oldini olish shakllari va usullarini takomillashtirishga oid tadqiqot natijalari quyidagilarda o‘z ifodasini topgan:
kiberjinoyatlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish, shuningdek kiberxavfsizlikka tahdid soluvchi huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish kabi vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyatlari sifatida belgilanishi lozimligi to‘g‘risidagi taklifdan 2022 yil 15 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunining 13-modda (Vakolatli davlat organining majburiyati)si birinchi qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari Qo‘mitasining 2022 yil 30 oktyabrdagi 06-14/2206-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar kiberjinoyatlarni oldini olish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rish, ularning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining majburiyati sifatida belgilanishiga hamda shu orqali mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirilishiga xizmat qilgan;
jinoyat kamayishiga erishilmagan mahallalarda uyma-uy yurib, profilaktik hisobida turgan shaxslar, notinch oilalar va uyushmagan yoshlar bilan profilaktik ishlar tizimli olib borilishini ta’minlash lozimligi, xususan har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib sektor rahbarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organ hamda muassasalar bilan birgalikda jinoyatchilik sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi joriy etilishi lozimligiga oid taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 1-bandini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 26 dekabrdagi 33/01-02/2656-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jinoyatlarning sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalari “mahallabay” usulda amalga oshirilishiga xizmat qilgan;
transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishida ifodalanadigan ma’muriy huquqbuzarliklar ob’ektiv tomonini tashkil etuvchi harakatlar MJtK bilan qo‘riqlanadigan jamoat munosabatlarini jiddiy buzishini inobatga olib, bunday huquqbuzarliklarning kam ahamiyatli qilmish, deb topilishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 10 iyundagi 23-son “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 16-bandi uchinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2023 yil 28 noyabrdagi PL-67-19–son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi sud amaliyotida transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishida ifodalanadigan ma’muriy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq qilmishlarga to‘g‘ri huquqiy baho berishga, adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan;
muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash hamda ichki ishlar organlarining tungi xizmatini tashkil etish viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘ining asosiy vazifalaridan biri etib belgilanishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar 2021 yil 26 martda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6196-son Farmoni oltinchi bandining sakkizinchi xatboshisida o‘z aksini topgan. (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonuniylik va huquqiy-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasining 2023 yil 28 dekabrdagi 27/67-19–son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash orqali jinoyatchilikning oldini olishni takomillashtirishga xizmat qilgan.
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan hamda davlatning ijtimoiy yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga etmaganlar va oilalar aniqlanganligi to‘g‘risida zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligini va uning hududiy bo‘linmalarini xabardor qilishi lozimligiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasining “Voyaga etmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunini 6-moddasini to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 25 yanvardagi O‘RQ–747-son Qonunining 1-moddasida o‘z aksini topgan (Qonunchilik va sud-huquq masalalari Qo‘mitasining 2022 yil 30 oktyabrdagi 06-14/2206-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi voyaga etmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda qolgan hamda davlatning ijtimoiy yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga etmaganlar va oilalar aniqlanganda ularning huquqlari va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini manzilli himoya qilinishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish