Rustamiy Salimaxon Aliybeg qizining

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘rta asrlar islom balog‘at ilmida tilshunoslikka oid qarashlar”, 24.00.04–Sharq mumtoz adabiyoti va manbashunosligi ixtisosligi (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: D2018.3.DSc/Fil.39/

Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Nematulla, filologiya fanlari doktori, professor, akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.26.04.2018.Isl.Tar/F/Fil.57.01.

Rasmiy opponentlar: Islomov Zohid Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor; Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Xodjaeva Ra’no Umarovna, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Islom uyg‘onish davrida balog‘at ilmi tarkibidagi tilshunoslikka oid qarashlarni yoritish negizida balog‘at bilan til orasidagi munosabatlarni asoslashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

balog‘at tizimi tarkibini lafz (لفظ), kalom (كلام), ma’no (معنى), ibora (عبارة), holat (حال), so‘zlovchi (متكلم), murojaat qilinayotgan shaxs (مخاطب) kabilar tashkil qilishi dalillangan;

Yusuf Sakkokiy o‘zining «Miftohu-l-ulum» asarida balog‘at ilmiga badiiy san’atlar bo‘limini kiritib, arab tilining emotsional-ekspressiv, emotiv, valyuntativ funksiyalarini o‘rganish bo‘yicha mavjud lingvistik qarashlar tizimini yaratib bergani isbotlangan;

Islom uyg‘onish davri balog‘at ilmi tarkibida «til – shaklga ega», «til – aloqa vositasi», «tilda shakl va mazmun birligi», «mazmunni aniq shakl orqali ifodalash», «lafz va ma’no munosabati», «nutqda eshituvchi va gapiruvchi orasida psixologik muvozanatning borligi», «ma’no ustuvorligi», «ma’no ko‘chishi», «til estetikasi»ga doir nazariy qarashlar mavjudligi aniqlangan;

arab tili va g‘arb tillari qiyosiy tipologiyasi asosida balog‘at ilmining stilistika va ritorika bilan umumiy (fikrni aniq ifoda qilish, tinglovchida qiziqish uyg‘otish, oson o‘zlashadigan, oddiy va ta’sirchan shaklda ifodalash) hamda farqli (nazariy asoslar, ob’ektlar, ifoda usullari) jihatlari aniqlangan;

arab va ajam olimlari orasida badiiy san’atlar tasnifidagi tafovutlar sababi balog‘at ilmi nazariyasining fors tiliga ko‘chishi bilan bog‘liq ekani isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘rta asrlar islom balog‘at ilmida tilshunoslikka oid qarashlar tahlili bo‘yicha olingan natijalar asosida:

Islom uyg‘onish davri balog‘at ilmi tarkibida «til – shaklga ega», «til – aloqa vositasi», «tilda shakl va mazmun birligi», «mazmunni aniq shakl orqali ifodalash», «lafz va ma’no munosabati», «nutqda eshituvchi va gapiruvchi orasida psixologik muvozanatning borligi», «ma’no ustuvorligi», «ma’no ko‘chishi», «til estetikasi»ga doir nazariy qarashlar, jumlani to‘g‘ri, ta’sirli shakllantirish omillarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar, xulosalar A-1-051 raqamli «Islomshunoslik muammolarini birlamchi manbalar va ajdodlarimiz diniy-ma’rifiy merosini tizimli tahlil qilish asosida yosh avlodda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish» mavzuidagi amaliy tadqiqot (2012-2014) loyihasida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi atoqli namoyandalarning islomga oid asarlari tilidagi estetik va ekspressiv xususiyatlarni belgilashda foydalanilgan (O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2018 yil 3 iyul` 05-262-son ma’lumotnomasi). Natija o‘rta asrlar Xorazm maktabi olimi Abu Yoqub Yusuf Sakkokiy o‘zining «Miftohu-l-ulum» asari bilan o‘zbek allomalari asarlari tilining ta’sirchan bo‘lishiga qo‘shgan hissasini aniq baholash imkonini bergan;

balog‘at tizimi tarkibini tashkil qilgan lafz (لفظ), kalom (كلام), ma’no (معنى), ibora (عبارة), holat (حال), so‘zlovchi (متكلم), murojaat qilinayotgan shaxs (مخاطب) kabi tushunchalar mazmuni, bu atamalarni qo‘llash usullarini aniqlashga oid xulosalar «Yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish va uning ma’naviy-ma’rifiy asoslarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan dinshunoslik atamalari qomusini yaratish» mavzuidagi amaliy tadqiqot (2015-2017) loyihasida islomiy ilmlarga oid atamalar ma’nosini aniqlashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2018 yil 3 iyuldagi 05-262-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh tadqiqotchilarga islomshunos olimlarning ilmiy atamalarni qo‘llashdagi prinsiplari ko‘rsatib berilgan;

Xorazm maktabi olimi Yusuf Sakkokiy (XII asr) o‘zining «Miftohu-l-ulum» asarida arab tilining emotsional-ekspressiv, emotiv, valyuntativ funksiyalarini o‘rganish bo‘yicha mavjud bo‘lgan nazariy qarashlarning aniq tizimini yaratganini aks ettirgan xulosalar F-1-139 raqamli «Sharq xalqlari adabiyoti tarixi va janrlar tipologiyasi» mavzuidagi fundamental tadqiqot loyihasi doirasida balog‘at ilmi tarkibidagi badiiy san’atlarning rivojlanish bosqichlarini aniqlashda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 11 yanvardagi FTK-0313/29-son ma’lumotnomasi). Natijada Sharq adabiyoti tarixi, adabiyot nazariyasi kabi fanlar adabiyot va san’at taraqqiyotiga oid ma’lumotlar bilan boyitilgan va mazmuni takomillashtirilgan;

xalq og‘zaki ijodi namunalarining estetik tarbiyadagi o‘rni, Jaloliddin Qazviniyning «Talxisu-l-Miftoh», Sa’duddin Taftazoniyning «Sharhu Talxisi-l-Miftoh» asarlarining qo‘lyozma nusxalari tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar, xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 maydagi 292-qarori ijrosi yuzasidan O‘zbekiston davlat adabiyot muzeyida tashkil qilingan «Fol`klor» va «O‘rta asrlar adabiyoti» nomli ekspozisiyalarni shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2017 yil 14 sentyabrdagi 3/1255-1841-son ma’lumotnomasi). Natijada muzey ekspozisiyasini eng so‘nggi ilmiy yangilik va innovatsion qarashlar bilan boyitishga, xususan, yoshlarni milliy o‘zlikni anglash ruhida tarbiya qilishga, ularda milliy g‘urur va iftihor tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qilgan;

arab va ajam olimlari orasida badiiy san’atlar tasnifidagi tafovutlar sababi balog‘at ilmi nazariyasining fors tiliga ko‘chishi natijasi ekani, shuningdek, balog‘at ilmiga oid «Talxisu-l-Miftoh», «Sharhu Talxisi-l-Miftoh» manbalari orqali Markaziy Osiyoda balog‘at ilmining rivojlanishini aks ettirgan ma’lumotlar Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida F1-FA-0-55746 raqamli «Markaziy Osiyo xalqlari adabiy qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini to‘plash va ularni ilmiy tavsiflab nashrga tayyorlash» mavzuidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihasi doirasida mumtoz adabiyotda badiiy san’atlarni qo‘llashning yangi bosqichga ko‘tarilishi omillarini ko‘rsatib berishda foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 11 yanvardagi FTK-0313/29-son ma’lumotnomasi). Natijada balog‘at ilmi olimlarining «Talxisu-l-Miftoh», «Talxisu Miftohi-l-ulum» va «Sharhu talxis» asarlari bilan Sharq xalqlari tili va adabiyotining ham amaliy, ham nazariy rivojiga qo‘shgan hissalarini aniq baholash imkoni yaratilgan;

balog‘at ilmining mumtoz o‘zbek adabiyoti mutafakkirlari ijodiga ko‘rsatgan ta’sirini yoritish va targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Toshkent» teleradiokanali davlat unitar korxonasi qoshidagi «Toshkent» radiokanalining «Navoiy maxzani» nomli eshittirishida tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan «Navoiy ijodida tashbih san’atining qo‘llanishi» mavzusidagi interv`yu efirga uzatilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Toshkent» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2016 yil 29 dekabrdagi 03-222-son ma’lumotnomasi). E’lon qilingan materiallar badiiy ijod kamolotida balog‘at ilmi muhim o‘ringa ega ekanini dalillab bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish