Mirzaev G‘ulom Rizoqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hamkorlik aloqalarining shakllanish va rivojlanish tarixi», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: V.2017.2.PhD/Tar139.
Ilmiy rahbar: Nuriddinov Erkin Zuhriddinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti DSc.06.01.2018.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Raximov Mirzoxid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor; Qirg‘izboev Abdug‘appor Karimjonovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 1991-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hamkorlik aloqalari tarixini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining pasayishi va turg‘unligi, faol shakllanishi hamda yaqin qo‘shnichilik munosabatlari asosida “Strategik hamkorlik” darajasiga ko‘tarilganligi bosqichma-bosqich ochib berilgan;
mintaqada ishonchli xavfsizlik muhitini shakllantirish, yadro qurolidan holi hudud yaratish va Orolni Qutqarish xalqaro jamg‘armasini tuzishdagi amaliy harakatlarda O‘zbekiston va Turkmaniston hamkorligining konstruktiv roli ko‘rsatib berilgan;
O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiy hamkorligining shakllanish zaruriyati, o‘zaro tovar ayriboshlashning defisit va profisit holati davrlarga mos ravishda ochib berilgan;
O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni amalga oshirishda “O‘zbekiston-Turkmaniston” do‘stlik jamiyati va Respublika Turkman madaniyat markazlari faoliyati “xalq diplomatiyasi”ning muhim omili sifatida xizmat qilishi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston hamkorlik aloqalarining shakllanish va rivojlanish tarixi yuzasidanishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
O‘zbekiston va Turkmanistonning madaniy hamkorligi, O‘zbekistonning millatlararo totuvlik siyosati, O‘zbekistondagi turkman milliy madaniy markazlari faoliyati kabi masalalar Respublika turkman madaniyat markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi turkman milliy-madaniy markazi va “O‘zbekiston–Turkmaniston” do‘stlik jamiyati faoliyatlariga (2016-2017) tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2017 yil 31 oktyabrdagi 03-08-766-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar ushbu markazlar va jamiyat faoliyatining samaradorligini oshirish hamda ular faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonning murakkab tarixiy jarayonda mustaqillikka erishishi, mustaqil tashqi siyosatini ishlab chiqish va xalqaro munosabatlarda o‘z o‘rnini topishi jarayoni, tashqi siyosatda avvalo Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kabi jihatlarini ilmiy va tarixiy faktlar asosida yoritish masalalari FA–F8-042 raqamli “O‘zbekistonning mustaqillikka erishish tarixi (1985-1991 yy.)” mavzusidagi fundamental loyihada (2007-2011 yy.) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining 2017 yil 29 noyabrdagi FTA-02-11/1206-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar ikki mamlakat tashqi siyosatining o‘xshash va yaqin jihatlari hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdagi amaliy harakatlari; Orolbo‘yi mintaqasi ekologik muammolarini bartaraf etishning istiqbolli masalalari; O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlarining iqtisodiy va madaniy sohalaridagi hamkorligining rivojlanish jarayonini ilmiy dalillar asosida aniqlashga xizmat qilib, ikki davlat hamkorlik aloqalari tarixini o‘rganish, hamkorlik masalalari bo‘yicha ilmiy bilimlarni rivojlantirish va tahlil qilish imkonini bergan.