Usarov Maxamatali Koraboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qalin anizotrop plastinalarning bimomentli nazariyasi», 01.02.04– Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.DSc/FM18.
Ilmiy maslahatchi: Rashidov Tursunbay Rashidovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.28.02.2018.T/FM.61.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Ismoil Ibrohimovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Axmedov Akrom Burxanovich, fizika-matematika fanlari doktori; Abdikarimov Rustamxan Alimxanovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: fazoviy kuchlanganlik-deformatsiyalanganlik holatini va bimomentlarni inobatga olish hisobiga qalin anizotrop plastinalarning nazariyasini takomillashtirish va turli tashqi kuchlar ta’sirida bo‘lgan konstruksiya elementlari, bino va inshootlar statik va dinamik masalalarini echish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qalin anizotrop plastinalar nazariyasi ko‘ndalang kesimida ko‘chishlar taqsimlanishining chiziqsiz qonunlari va bimomentlarni, deformatsiya va kuchlanish tenzorlarining hamma komponentlarini hamda plastinaning sirt chegaraviy shartlarini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;
plastinalarning ko‘ndalang siljishi va siqilishini hisobga olgan holda ko‘ndalang kesimlarida hosil bo‘ladigan ichki kuchlari, momentlari va bimomentlarini aniqlash formulalari ishlab chiqilgan;
qalin anizotrop plastina o‘rta tekisligining cho‘zilishi va siqilishi hamda qalinligi bo‘yicha ko‘ndalang ezilishini hisobga olgan holda ko‘ndalang kesimning kuchlari, momentlari va bimomentlariga nisbatan ikkita ikki o‘lchamli harakat tenglamalar sistemasi ishlab chiqilgan;
turli ko‘rinishdagi chegaraviy shartlar va tashqi yuklamalarda plastinaning ko‘chishlari, kuchlari, momentlari va bimomentlarini aniqlash uchun dinamik hisoblash usullari, algoritmlari va dasturlari ishlab chiqilgan;
plastinalarning bimomentli nazariyasi asosida seysmik ta’sirlarda binolarning fazoviy dinamik plastinasimon kontiniual modeli, binolarning plastinasimon modelining keltirilgan elastiklik modullari va zichligini aniqlaydigan ifodalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qalin anizotrop plastinalarning bimomentli nazariyasi bo‘yicha ishlab chiqilgan hisoblash usullari va dasturlar natijalari asosida:
turli ko‘rinishdagi chegaraviy shartlar va tashqi kuchlar uchun plastinaning ko‘chishlari, kuchlari, momentlari va bimomentlarini aniqlaydigan dinamik hisoblash usullari O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tizimiga kiruvchi korxonalarda, xususan «Farg‘ona Omad Ishonch Loyiha» MChJda «Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Yuqori qishloq Yangi Ropqon MFY 27-sonli maktabni rekonstruksiya qilish» jarayonida konstruksiyalarni kuchaytirish uchun dinamik hisob ishlariga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2018 yil 11 apreldagi 2579/30-005-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning rekonstruksiya jarayoniga qo‘llanilishi orqali hisoblash ishlari uchun sarflanadigan vaqtni 1,3 marta qisqartirish va loyiha-hisob ishlarining samaradorligini 25%ga oshirish imkonini bergan;
plastinasimon inshootlarni hisoblashda bimomentli nazariya asosida ishlab chiqilgan hisoblash usullari O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tizimiga kiruvchi korxonalarda, xususan «Binokor loyiha» MChJda «Izboskan tumanidagi 26-sonli maktabni rekonstruksiya qilish (540 o‘quv o‘rinli bloki va 18x30 m sportzalning qo‘shimcha qurilishi)» rekonstruksiya jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2018 yil 11 apreldagi 2579/30-005-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning rekonstruksiya jarayoniga qo‘llanilishi orqali hisob ishlari va mehnat unumdorligining 20%ga hamda hisob ishlari orqali mustahkamlik zahirasining ortishi bilan inshootlarning seysmik mustahkamligini 1,25 marta oshirish imkonini bergan;
elastik asosda yotgan qalin plastinalarning harakat tenglamalari va dinamik modellarini ishlab chiqish usullari F4-FA-F051 raqamli «Inshootlar seysmik mustahkamligining to‘lqin nazariyasini ishlab chiqish» mavzusidagi (2012-2016 yy.) grant loyihasida grunt bilan o‘zaro ta’sirda bo‘lgan er osti quvurlarining bir o‘lchamli harakat tenglamalarini keltirib chiqarishda va inshootlarning seysmik mustahkamligining to‘lqin nazariyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining joriy etilganlik haqidagi 2018 yil 17 maydagi 2/1255-1275-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi er osti quvurlarining harakat tenglamalarida seysmik kuch ta’sirini to‘laqonli aks ettirish va murakkab masalalarni yuqori aniqlik bilan echish imkonini bergan;
qalin plastinalar va inshootlarning ko‘chishlari hamda kuchlanishlarini dinamik kuchlar ta’sirida aniqlashning analitik ifodalari, sonli hisoblash usullari №F4-A14-F020 raqamli «Gruntli inshootlarni, ulardagi to‘lqin tarqalish jarayonlarini hisobga olgan holda, seysmik mustahkamlikka hisoblashning samarali usullarini ishlab chiqish» mavzusidagi (2015-2017 yy.) grant loyihasida gidrotexnik inshootlarni seysmik kuchlar ta’sirlariga hisoblashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 17 maydagi 2/1255-1275-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi gidrotexnik inshootlarning ko‘chishi va kuchlanishlarini yuqori aniqlik bilan hisoblash imkonini bergan.