Nasrullaev Nematullo Hikmatullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ubaydulloh ibn Mas’ud Buxoriy yozma merosining islom fiqhida tutgan o‘rni” mavzuidagi 24.00.01 – Islom tarihi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/Tar434
Ilmiy maslahatchi: Islomov Zohid Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: yuridik fanlari doktori, professor Yusupova Nigora Jaloliddin qizi, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy va filologiya fanlari doktori, professor Zohidov Rashid Fozilovich.
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ubaydulloh ibn Mas’ud yozma merosining hanafiy fiqhi rivojiga qo‘shgan hissasini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIII asr oxiri – XIV asr o‘rtalarida mo‘g‘ullardan kuchli zarar ko‘rgan Movarounnahrda o‘zining og‘ir turg‘unlik davrini kechishiga qaramasdan “أصول الفقه” (usulul fiqh) ilmi rivojlanib, o‘lkada 50 dan ziyod sulolaviy faqihlar faoliyat yuritishiga hududda shakllangan mahalliy “ustoz-shogird” tizimi sabab bo‘lgani aniqlangan;          
Ubaydulloh ibn Mas’udning oilaviy ustozlaridan tashqari yagona shayxi, mutasavvif alloma Majzub Hasan Bulg‘oriydan “التصوف والأدب” (tasavvuf va adab)  ilmlaridan  ta’lim olishi natijasida o‘z shogirdlari orasida tasavvufiy ta’limotning shakllanishiga sabab bo‘lgani hamda Hasan ibn Ali Tohiriy, Xoja Muhammad Porso, Alouddin Ali Asvad, Umar ibn Abdulmuxsin kabi shogirdlar etishib chiqishiga ta’sir etgani dalillangan;
Ubaydulloh ibn Mas’ud mazhab imomlaridan kelgan masalalarni takomillashtirishga intilib, fiqhiy matnlarga mantiq va falsafa asoslarini olib kirish bilan bog‘liq “أصول التحقيق” (tahqiq usuli)ni ishlab chiqqani natijasida hanafiy manbalarini ta’lif qilishda yangi an’ana joriy etilgani isbotlangan;
Movarounnahr faqihlarining XV asrdan keyin ham Anado‘li va Bolqon (Usmonli sulolasi)ga ta’siri katta bo‘lgani Ubaydulloh ibn Mas’udning usulga oid asarlari mazkur mintaqadagi ilmiy dargohlar: Saljuq, Sahni Seman, Iznik, Isobek, Sultoniya madrasalarida etti asrdan ziyod vaqt davomida fundamental manba sifatida qo‘llanib kelayotgani dalillangan;
Ubaydulloh ibn Mas’ud mo‘g‘ullar davri xususiyatlaridan kelib chiqib, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga javoban “تنقيح الأصول” (Tanqihul-usul) asariga “توضيح” (Tavzih), “تعديل العلوم” (Ta’dilul-ulum) asariga “شرح تعديل العلوم” (Sharhi Ta’dilul-ulum) nomli usuli fiqh ilmida bir muallif tomonidan ham matn ham keng sharh yozish an’anasini joriy etish orqali yangi bosqichga ko‘targani isbotlangan;
 Ubaydulloh ibn Mas’udning “مختصر الوقاية” “Muxtasarul-Viqoya” asari o‘zigacha yaratilgan matnlar xulosasini jamlangani bois XX asrgacha Markaziy Osiyo madrasalarida “فروع الفقه” )furu’ul-fiqh( fanidan asosiy darslik bo‘lib xizmat qilgani, talabalarning fiqhga oid boshqa manbalarga murojaat etishlariga zarurat qoldirmagani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrush-sharia al-Buxoriy yozma merosining islom fiqhida tutgan o‘rni bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalari asosida:
XIII-XIV asrlar mo‘g‘ul bosqini o‘lka xalqlari uchun og‘ir turg‘unlik davrini keltirib chiqarishiga qaramasdan, Movarounnahrda fiqh ilmi rivojlanib, 50 ziyod faqihlar faoliyat yuritishi hamda boshqa musulmon o‘lkalardan ustunligini saqlab qolishiga hududda shakllangan an’anaviy “ustoz-shogird” tizimi sabab bo‘lgani dalillangani xususidagi ilmiy xulosalardan buyurtma asosida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazida tayyorlangan “Islom sivilizatsiyasi” qomusiy lug‘ati mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2024-yil 26-apreldagi 08-17/211 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Movarounnahrda mo‘g‘ullar bosqiniga qaramasdan, mintaqada fiqh ilmi rivojlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng xalq ommasiga etkazilishiga xizmat qilgan;
Ubaydulloh ibn Mas’ud Sadrush-sharianing silsilali mutasavvif shayx Majzub Hasan Bulg‘oriydan ta’lim olishi faqihning tasavvuf, falsafa, kalom, mantiq, jadal, faroiz, tilshunoslik, adab ilmlarini puxta egallashiga undab, keyinroq bu an’ana uning talabalari Muhammad ibn Muborakshoh Buxoriy, Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan Ali Tohiriy, Xoja Muhammad Porso, Alouddin Ali Asvad, Umar ibn Abdulmuxsin Vajihuddin Lahmiylar tomonidan davom etgani dalillanganiga oid ilmiy xulosalardan buyurtma asosida “Ubaydulloh ibn Mas’udning hayoti va ilmiy ma’naviy merosi” kitobi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2024-yil 15-maydagi 02-02/1600 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Ubaydulloh ibn Mas’ud hayoti, nasl-nasabi, yozma asarlari, ustoz va shogirdlariga oid ma’lumotlar tahlili talabalarga etib borishiga yordam bergan;
Ubaydulloh ibn Mas’ud mazhab imomlaridan kelgan masalalarni takomillashtirishga intilib, fiqhiy matnlarga mantiq va falsafa asoslarini olib kirish bilan bog‘liq “tahqiq usuli” (أصول التحقيق)ni ishlab chiqqani natijasida hanafiy manbalarini ta’lif qilishda yangi an’ana yuzaga kelib, ularning ilmiy-nazariy jihatdan yanada boyishiga xizmat iilgani dalillanganiga oid ilmiy xulosalardan buyurtma asosida “Buyuk allomalarimiz merosida ma’rifiy islom” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasi tomonidan berilgan 2024-yil 15-maydagi 02-30-647 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining an’anaviy “Buyuk yurt allomalari” ko‘rsatuvida Ubaydulloh ibn Mas’udning “Tanqihul-usul”, “Muxtasarul-Viqoya” asarlariga oid ilmiy ma’lumotlar efirga uzatilgan;
Movarounnahr faqihlarining XV asrdan keyin ham Anado‘li va Bolqon (Usmonli sulolasi)ga ta’siri katta bo‘lgani Ubaydulloh ibn Mas’udning usulga oid asarlari mazkur mintaqadagi ilmiy dargohlar: Saljuq, Sahni Seman, Iznik, Isobek, Sultoniya, Ayasofiya, Edirna, Uskup, Nurusmoniy madrasalarida etti asrdan ziyod vaqt davomida fundamental manba sifatida qo‘llanayotganiga asosan dalillangan ilmiy xulosalardan buyurtma asosida “O‘rta asrlar tarixiga oid manbalar” kitobi mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024-yil 10-maydagi 02/199 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, markazning “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Buyuk allomalar ilmiy merosi” va “Islom dinining asl mazmun mohiyati” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminarlar orqali talabalarga etib borishiga yordam bergan;
Ubaydulloh ibn Mas’ud o‘zining “Tanqihul-usul” asariga “Tavzih”, “Ta’dilul-ulum” asariga “Sharhi Ta’dilul-ulum” nomli usuli fiqhga oid sharhlar bitgan va bu bilan sharh yozish an’anasini yangi bosqichga ko‘targaniga oid ilmiy xulosalardan buyurtma asosida “Movarounnahrda islom madaniyati tarixi” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston Musulmonlari idorasining 2024-yil 31-may 03/1388 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar o‘quv qo‘llanma hamda dasrliklarini ilmiy-nazariy jihatdan boyishiga xizmat qilgan;
 “Muxtasarul-Viqoya” asari o‘zigacha yaratilgan matnlar xulosasini jamlangani bois XX asrgacha Markaziy Osiyo madrasalarida “furu’ul-fiqh” fanidan asosiy darslik bo‘lib xizmat qilgani, talabalarning fiqhga oid boshqa manbalarga murojaat etishlariga zarurat qoldirmagani aniqlangani bilan bog‘liq ilmiy xulosalardan buyurtma asosida “Nazmi Muxtasar al-Viqoya” nomli kitob mazmuniga singdirilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2024-yil 3-maydagi 193 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Markaziy Osiyoda faoliyat yuritgan madrasalar, ularda yo‘lga qo‘yilgan ta’lim tizimi, o‘qitilgan fanlar va darsliklar mavzusida tashkil etilgan seminarlarda keng xalq ommasiga etib borishiga yordam bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish