Abdunazarova Nozima Baxtiyorovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Katta qoncho‘p (Chelidonium majus L.) quruq ekstrakti va uning asosida surtma texnologiyasini ishlab chiqish», 15.00.01 - Dori texnologiyasi (farmatsevtika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Far82.
Ilmiy rahbar: Karieva Yoqut Saidkarimovna, farmatsevtika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent farmatsevtika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent farmatsevtika instituti, DSc.04/30.12.2019.Far.32.01.
Rasmiy opponentlar: Maksudova Firuza Xurshidovna, farmatsevtika fanlari doktori, dotsent; Xalilov Ravshanjon Muratdjanovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” Davlat muassasasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: katta qoncho‘p o‘simligidan quruq ekstrakt olish, hamda ushbu ekstrakt, propolis va chakanda moyi asosida yangi kombinirlangan tarkibga ega yallig‘lanishga qarshi, bakterisid va yaralarni bitishini tezlashtiruvchi surtmaning ilmiy asoslangan tarkibi va texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
katta qoncho‘p xomashyosidan biologik faol moddalarni ekstraksiya qilish uchun maqbul sharoitlar aniqlangan, matematik modellashtirish usuli yordamida jarayonlar optimallashtirilgan va quruq ekstrakt olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
katta qoncho‘p quruq ekstrakti uchun tajribalarda qo‘llanilgan to‘rt xil quritish usullaridan isitish agentini majburiy shamollatish usuli maqsadga muvofiq deb isbotlangan hamda lotin kvadratining 3x3 turidagi reja asosida ekstraktni joylashtirish qalinligi, isitish agentini uzatish tezligi va jarayonning borish vaqti kabi parametrlari aniklangan;
katta qoncho‘p (Chelidonium majus L.) quruq ekstrakti, propolis (Propolis) va chakanda (Hippophae rhamnoides L.) mevalari moyini saqlagan kombinirlangan surtma tarkibi in vitro tajribalarida asosida taklif etilgan va texnologiyasi ishlab chiqilgan;
kombinirlangan surtmaning reologik xossalarini o‘rganishda deformatsiyaga olib keluvchi kuch qo‘llanilganidan so‘ng tiklanish xususiyatini ta’minlovchi tiksotroplik xususiyatiga egaligi, non`yuton suyuqliklar guruhiga kirishi aniqlangan hamda hisoblangan mexanik barqarorlik va dinamik oqish koeffisientlari asosida tizimning qoniqarli taqsimlanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Katta qoncho‘p (Chelidonium majus L.) quruq ekstrakti va uning asosida surtma texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bakterisid yara bitkazuvchi surtma»ga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patenti olingan (№IAP 06250, 30.06.2020 y). Natijada, katta qoncho‘p quruq ekstrakti, chakanda moyi va propolis saqlagan ko‘p komponentli surtmani ishlab chiqarish imkonini bergan;
«Xeloponten surtma» uchun korxona farmakopeya maqolasi loyihasi O‘zR SSV huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi Markazi» Davlat muassasasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshirilgan «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi Markazi» Davlat muassasasining 2023 yil 3 iyuldagi 29/11-04824-son xati, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Ushbu me’yoriy hujjatning tasdiqlanishi samarali bakterisid, yara bitkazuvchi va yallig‘lanishga qarshi dori vositasini ishlab chiqarish imkonini beradi;
o‘tkazilgan klinik oldi sinovlar natijasida katta qoncho‘p quruq ekstraktining spesifik farmakologik faolligi hamda o‘tkir zaharli emasligi isbotlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 15 oktyabrdagi 8n-3/280-son xati). Natijada ishonchli antibakterial faollikga ega bezarar dori vositalarni ishlab chiqarish imkonini bergan.