Kushanova Yulduz Baxromovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Markaziy Osiyo va Fransiyaning ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorligi (1991-2022 yy.)”, 07.00.05-Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Tar315.
Ilmiy rahbar: Raximov Mirzohid Akramovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/31/01/2024/Tar.21.03 Rasmiy opponentlar:
Mavrulov Abduxalil Abdulxaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Farmonov Raxmon Farmonovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2022-yillarda Markaziy Osiyo va Fransiya ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalarining tarixiy shakllanish shart-sharoitlari va rivojlanish yo‘nalishlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Markaziy Osiyo davlatlarining Fransiya bilan davlatlararo munosabatlari shakllanishi va huquqiy asoslarning yaratilishi (1991-2016 yy.) hamda 2017 yildan boshlab mintaqa davlatlari tashqi siyosatini diversifikatsiya qilish yo‘nalishida Fransiya bilan hamkorlik aloqalariga yangidan e’tibor qaratayotgani va bu yo‘nalishda madaniy diplomatiya ustuvorligi (2017-2022 yy.) kabi ikki bosqichda rivojlanganligi dalillangan;
Fransiyaning mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalar notekis rivojlanishida oliy ta’lim va kadrlar tayyorlashdagi hamkorlik turli dinamik ko‘rinishda kechganligi, bunda fan va ta’lim yo‘nalishida Markaziy Osiyo uchun aniq mintaqaviy dasturga ega emasligi va uning bu yo‘nalishdagi harakatlari chegaralanganligi kabi muammolar mavjudligi ochib berilgan;
Mustaqillikning dastlabki murakkab davrida Markaziy Osiyo davlatlarining mafkuraviy jihatdan yangilanishi, milliy davlatchilikni qayta tiklash jarayonidagi ijtimoiy-madaniy sohadagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun moliyaviy mablag‘lar etishmovchiligi sharoitida Markaziy Osiyoni tadqiqot qilish fransuz institutining (IFEAC) muhim o‘rin tutganligi isbotlangan;
CNRS, UMIFRE, CAMPUS FRANCE, CASEU kabi davlat va nodavlat institutlarining loyiha va dasturlari ijobiy tajribasini mintaqa mamlakatlaridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari va universitetlarini internalizatsiyasini oshirishda integratsiya qilish zarurligini, davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Markaziy Osiyo va Fransiya” formatida ko‘ptomonlama muloqot o‘rnatish muhimligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Markaziy Osiyo va Fransiyaning ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik aloqalariga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflardan:
Fransiya mintaqada madaniy diplomatiya tarmoqlarini kengaytirish va bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi, O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatini o‘rganish miqyosi bilan, Fransiyada esa o‘zbek xalqining madaniy merosi va boy tarixiga nisbatan katta qiziqishiga oid ma’lumotlardan Toshkent Fransuz Alyansi faoliyatiga doir joriy rejalar va ko‘p yillik dasturlarni ishlab chiqishda foydalanilgan (NNT Toshkent Fransuz Alyansining 2023-yil 15-martdagi № 17-sonli ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy Osiyo davlatlarining Fransiya bilan ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarini faktlar asosida o‘rganish va tahlil qilish imkonini bergan;
Markaziy Osiyo davlatlarining Fransiya bilan davlatlararo munosabatlari shakllanishi hamda Fransiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosati Evropa Ittifoqi strategiyalariga (2007, 2014, 2019-yillar) mos ravishda ko‘rib chiqilib, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy-investisiyaviy sohalariga oid ilmiy natijalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Jean Monnet Center of Excellence for European Studies xalqaro loyihasi doirasida “Central Asia and European Union in search of sustainability” nomli monografiyaning mintaqaviylikni qiyosiy o‘rganish masalalari, Evropa Ittifoqining mintaqaga nisbatan strategiyasining yutuq va kamchiliklari, davlatlararo iqtisodiy va madaniy-gumanitar munosabatlar dinamikasini yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 2023-yil 31-martdagi № 01/4-356 son ma’lumotnomasi). Natijada strategik sheriklik vazifalarining amaliy faoliyati hamda Markaziy Osiyo va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro ilm-fan va madaniyat sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan.
O‘zbekistonda fransuz tili va madaniyatini targʻib qilinishi, Fransiyada o‘zbek xalqining madaniy merosi va boy tarixiga doir yirik ko‘rgazmalar o‘tkazilishi ikki davlatning o‘zaro madaniy diplomatiya tarmoqlarini kengaytirishdan manfaatdorligiga oid ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Aslida qanday?” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 27-sentyabrdagi 06-32-1607 son ma’lumotnomasi). Natijada Fransiyaning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligi, shuningdek, ikki davlatning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va turizm yo‘nalishlardagi aloqalari to‘gʻrisida kengroq ma’lumot olish imkonini bergan.