Askarova Dilbarxon Sodirali qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Temir yo‘l temirbeton ko‘priklarining konstruktiv elementlari orasidagi bog‘lanishlarning nochiziqli deformatsiyalanishini hisobga olgan holdagi zilzilabardoshligi”, 05.09.02 – “Geotexnika” (Ko‘priklar, transport tonnellari va metropolitenlar) (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3395.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibraxim, fizika – matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.15/31.08.2022.T.73.04 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Miralimov Mirzohid Xamitovich, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent; Nishonov Ne’matilla Asatillaevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-qurilish instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi. Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: seysmik to‘lqinlar ta’sirida temir yo‘l temirbeton ko‘priklarining oraliq qurilma va tayanch orasidagi bog‘lanishlarning nochiziqli deformatsiyalanishini e’tiborga olib, murakkab seysmodinamik jarayonlarni tadqiq qilish uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zilzilalarning mavjud yozuvlari asosida gruntda tarqalayotgan uch komponentli seysmik to‘lqinlar ta’sirini hisobga olgan holda temir yo‘l temirbeton ko‘priklari fazoviy konstruksiyalarining elementlari orasidagi bog‘lanishlar nochiziqli deformatsiyalanganda seysmobardoshlik masalalarini echishning sonli hisoblash uslublari takomillashtirilgan;
chekli elementlar usuli asosida temir yo‘l temirbeton ko‘priklari konstruktiv elementlari orasidagi nochiziqli jarayonlarda bichiziqli va quruq ishqalanish modellarini qo‘llagan holda ularning tebranishlarini hisoblash algoritmlari ishlab chiqilgan;
seysmik to‘lqinlar ta’sirida bichiziqli (ideal elastik ‒ plastik) va quruq ishqalanish modellarining parametrlari qiymatlarini tanlash asosida konstruksiyada hosil bo‘ladigan seysmik kuchlanishlarni sirpanishdagi ishqalanish hisobiga kamaytirish ilmiy asoslangan;
“grunt ‒ poydevor ‒ tayanch ‒ oraliq qurilma” tizimi tadqiqoti asosida gruntning bikrlik va qovushqoqlik koeffisientlari qiymatlari oshishi yoki kamayishi konstruksiyaning xususiy chastotalarini mos ravishda o‘zgartiradi va shuning hisobiga seysmik to‘lqinlarning dominant chastotalariga bog‘liq holda dinamik kuchlanishlarning oshishi yoki kamayishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Temir yo‘l temirbeton ko‘priklarining konstruktiv elementlari orasidagi bog‘lanishlarning nochiziqli deformatsiyalanishini hisobga olgan holdagi zilzilabardoshligini ta’minlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
zilzilalarning mavjud yozuvlari asosida temir yo‘l temirbeton ko‘priklarining konstruktiv elementlari orasidagi nochiziqli deformatsiyalanishi hisobga olish orqali seysmik mustahkamligi ta’minlangan va “Ko‘prikqurilish” AJ tashkilotida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2024 yil 11 martdagi №4/1874-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, seysmik to‘lqinlar ta’sirida temir yo‘l ko‘priklarining oraliq qurilmalari va tayanchlari orasidagi munosabat nochiziqlilikning bichiziqli modeli ko‘rinishida olinib, oraliq qurilma inersiyasining tayanchlarga ta’sirini kamaytirishga erishilgan. Shuningdek, konstruksiyaning poydevori va tayanchlari orasida quruq ishqalanishni kiritish orqali seysmik to‘lqin energiyasining xavfli qismini tayanchga o‘tkazilmasligini ta’minlash uchun hisoblash eksperimenti o‘tkazilgan hamda quruq ishqalanish koeffisientining qiymatini tanlash hisobiga konstruksiyada hosil bo‘ladigan seysmik kuchlanishlarning etarli darajada kamaytirishga erishish mumkinligi ko‘rsatilgan;
konstruktiv elementlar orasidagi bog‘lanishlar nochiziqli deformatsiyalanganda seysmobardoshlik masalalarini echishning sonli hisoblash uslubi “Shovot – Gurlan – Jumurtov – Qipchoq ‒ Koybakli” temir yo‘l uchastkasida joylashgan Shovot ‒ Gurlan stansiyalari orasidagi 53.2 m uzunlikdagi temir yo‘l ko‘prigini baholashda qo‘llanilgan hamda “Boshtransloyiha” AJ tashkilotida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2024 yil 11 martdagi №4/1874-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, temir yo‘l temirbeton ko‘priklari konstruksiyalaridan foydalanish davridagi ekspluatatsion xarajatlarini qiyosiy texnik ‒ iqtisodiy tahlil asosida iqtisodiy samaradorligi baholangan. Zilzila ro‘y berishi oqibatida temir yo‘l uchastkasida texnik nosozlik kelib chiqishi tufayli temir yo‘l liniyasining 24 soatga yopilishining oldini olish uchun kafolatli loyihalash natijasida 72 144 960 so‘mlik xarajatni tejashga imkon bergan;
dissertatsiya ishining III va IV bobida keltirilgan ayrim natijalar 2023 yilda nashr etilgan U.Z. Shermuxamedov, I. Mirzaev, O‘. Raxmanovlarning “Ko‘priklar, tonnellar va yo‘l o‘tkazgichlarning zilzilabardoshligi” hamda U.Z. Shermuxamedov, I. Mirzaev, I.O. Kuznesova, O‘. Raxmanovlarning “Seysmostoykost` mostov, tonneley i puteprovodov” nomli darsliklarida alohida paragraflar boʻlib kirgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2023 yil 13 oktyabrdagi №4/E1021-sonli ma’lumotnomasi, O‘quv adabiyotining nashr ruxsatnomasini ro‘yxatga olish raqami 22-037, 22-038). Bu darslikdan Toshkent davlat transport universitetining magistratura talabalari foydalanmoqda.

Yangiliklarga obuna bo‘lish