Yokubbaeva Umida Abduvaxob qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarining funksional-semantik va lingvomadaniy tadqiqi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2372.
Ilmiy rahbar: Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: Namangan davlat universiteti, PhD.03/04.06.2020.Fil.76.04.
Rasmiy opponentlar: Jamoldinova Dilnoza Mirxojiddinovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raeva Bibish Muhsinovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarida qo‘llanilgan lug‘aviy birliklarni funksional-semantik va milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asaridagi ijtimoiy-siyosiy birliklarning kognitiv kommunikatsion, funksional-semantik xususiyatlari ochib berilgan hamda mazkur birliklarning jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan dastur va jarayonlar nomemasiga aylanish omillari dalillangan;
asarda qo‘llanilgan yashil leksemasi atrofida shakllangan yashil yo‘lak, yashil iqtisod, yashil maydon, yashil belbog‘ kabi ijtimoiy-siyosiy birliklar, yangi, ochiq, raqamli, moliyalashtirish, “Mehr” operatsiyasi, kambag‘allikni qisqartirish, xarita, temir daftar, ayollar daftari, yoshlar daftar kabi birliklarning semantik mundarijasida yuz bergan ma’no kengayishi va ma’no torayishi lingvistik qonuniyatlar asosida ochib berilgan;
asardagi paremiologik birliklar ijtimoiy-siyosiy kontekst mazmuniga muvofiq o‘z ma’nosida va ko‘chma ma’noda qo‘llanish usullari tasniflangan, lingvokulturemalarning nutqiy jarayonlardagi milliy-madaniy, tarixiy-ijtimoiy, assotsiativ-psixologik munosabatlar hosilasi sifatida siyosiy fikrni etkazish yo‘llarining lisoniy belgilari, ta’sir kuchi va ifoda funksiyasi asoslangan;
ishda oqko‘ngil, bag‘rikeng, pashshadan fil yasamoq, egri qadam bosmoq, kechani – kecha, kunduzni – kunduz demay, o‘z aravasini o‘zi tortmoq kabi frazeologik birliklar kommunikativ munosabatni ifodalovchi asosiy vositalardan biri sifatida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarining funksional-semantik xususiyatlarini tadqiq etish orqali olingan ilmiy natijalar asosida:
ijtimoiy-siyosiy birliklarning funksional-semantik xususiyatlari, jamiyatni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan dastur va jarayonlar nomemasiga aylanish omillari, ularning semantik mundarijasida yuz bergan ma’no kengayishi, torayishiga xos lug‘aviy qonuniyatlar hamda siyosiy matnning lisoniy xususiyatlari, uning siyosiy diskursdan farqli jihatlari bilan bog‘liq ilmiy xulosalaridan Davlat ilmiy texnik dasturlari doirasidagi 2020-2023-yillarda amalga oshirilgan AM-FZ 201908172 “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli grant loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 4-apreldagi 04/1-846-son ma’lumotnomasi). Natijada ta’limiy korpuslar siyosiy matnlar tadqiqiy metodologiyasiga doir yangi nazariy qarashlar bilan boyitilgan;
paremiologik birliklar ijtimoiy-siyosiy kontekst mazmuniga muvofiq o‘z ma’nosida va ko‘chma ma’noda qo‘llaniluvchi lingvokulturemalar sifatida tasniflanib, ularning milliy-madaniy, tarixiy-ijtimoiy, assotsiativ-psixologik munosabatlar hosilasi sifatida siyosiy fikrni etkazishdagi funksiyasi, madaniy koloritga ega leksemalarning milliy-madaniy belgilarining voqelanishi, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarining lingvodidaktik ahamiyatini belgilashda lingvokulturemalarning qo‘llanishidagi uslubiy o‘ziga xoslikni ko‘rsatib berishga qaratilgan ilmiy-nazariy qarashlardan Davlat ilmiy texnik dasturlari doirasidagi 2020-2022-yillarda bajarilgan PZ-2020042022 “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasi”ni yaratishda, ayrim siyosiy terminlarning ma’nosini izohlashda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 26-apreldagi 04/1-1063-son ma’lumotnomasi). Natijada turkiy tillarda qo‘llaniluvchi siyosiy birliklarning lingvodidaktik xususiyatiga doir izohlar hamda talqinlar mukammallashgan;
leksik birliklarning taraqqiyotini o‘rganish, madaniy birliklarning, jumladan, frazemalarning siyosiy matn mazmuniga bo‘ladigan uslubiy ta’sirini aniqlash hamda kommunikativ munosabatni ifodalovchi asosiy vositalardan biri sifatida tadqiq etish natijasida yuzaga kelgan xulosalardan 2023-2024-yillarda O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Millat va ma’naviyat” eshittirishlarining ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2024-yil 24-apreldagi 26-36-892-son ma’lumotnomasi). Natijada tinglovchilarning siyosiy matnlarning lisoniy va lingvomadaniy xususiyatlariga doir bilim va tasavvurlarini boyishiga xizmat qilgan.