Nadjimov Talantbek Eshmurot o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nonbopligi va oqsil miqdori yuqori, hosildor kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratishda konstant liniyalardan foydalanish”, 06.01.05 – Seleksiya va urug‘chilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Qx960
Ilmiy rahbar: Raximov Tojiddin Abdunumanovich, qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Aliqulov Safar Menglikulovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Kuzgi yumshoq bug‘doyning konstant liniyalari asosida respublikaning sug‘oriladigan tuproq sharoitlariga mos, tashqi muhitning noqulay omillariga bardoshli, hosildorligi, don sifat ko’rsatkishlari va nonboplik xususiyatlari yuqori yangi navlarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor dunyo genofondining turli ekolo-geografik guruhlariga mansub kuzgi bug‘doy nav va namunalarini o‘rganish natijasida Respublikamizning sug‘oriladigan markaziy mintaqasi sharoitiga mos, yotib qolishga, sariq zang kasalligiga bardoshli, hosildorllik ko‘rsatkichi barqaror kuzgi yumshoq bug‘doy nav va namunalari ajratib olingan;
dunyo genofondi va mahalliy nav namunalaridan foydalanib oddiy va murakkab chatishtirish orqali yumshoq bug‘doyning zang kasalligiga, past haroratga, yotib qolishga bardoshli, hosildor, don sifati va nonboplik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan duragay avlodlari yaratilgan;
ota-ona shakllar va duragay avlodlarda faktorli tahlil orqali belgilarning irsiylanishi, ota-ona shakllar va duragaylarda belgilar o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqliklar va determinatsiya darajalari o‘rganilib, belgilarning irsiylanishida ota-ona shakllar genotipining yuklamalari yuqori ekanligi aniqlangan;
don tarkibida oqsil va kleykovina miqdori, nonboplik xususiyatlari bo‘yicha andoza navlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan AS-2010-D30, AS-2010-D33, AS-2012-D41-8 va AS-2013-D30 tizmalar ajratib olingan hamda respublikaning sug‘oriladigan maydonlariga mos, hosildor, don sifat ko‘rsatkichlari va nonboplik xususiyatlari yuqori bo‘lgan kuzgi yumshoq bug‘doyning “Andijon-5” navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Kuzgi yumshoq bug‘doyning hosildorligi va nonboplik sifat ko‘rsatkichlari yuqori navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
Yuqori mahsuldor belgi xususiyatlarga ega bo‘lgan xorijiy hamda mahalliy nav va namunalar ishtirokida yaratilgan hosildor, mahsuldorlik ko‘rsatkichlari yuqori AS-2010-D30, AS-2010-D33, AS-2012-D41-8 va AS-2013-D30 tizmalari ajratib olingan va ularni boshlang‘ish manba sifatida amaliy seleksiyada jarayonida foydalanishga tavsiya etilgan. Ushbu don sifat ko‘rsatkichlari (oqsil va kleykovina miqdori) va qimmatli miqdoriy belgilari yuqori bo‘lgan tizmalar Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Boshoqli don ekinlari kolleksiyasi fondiga topshirilgan va tadqiqotlarda foydalanilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 17-yanvardagi 06/27-05/254-son ma’lumotnomasi). Natijada institut genbanki hosildor, mahsuldorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan tizmalar bilan boyitish imkonini bergan.
Kuzgi yumshoq bug‘doyning Andijon-5 (AS-2013-D30) navi yaratilgan. Mazkur nav Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti markaziy tajriba xo‘jaligi maydonida 0,5 gektar, Namangan ilmiy-tajriba stansiyasida 0,7 gektar, Farg‘ona ilmiy-tajriba stansiyasida 0,5 gektar maydonda joriy etilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 17-yanvardagi 06/27-05/254-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Andijon-5” navi doni tarkibidagi oqsil miqdori andoza “Chillaki” naviga nisbatan 0,3-0,5% gacha, kleykovina miqdori 2-4% gacha yuqori bo‘lib, hosildorligi 70-72 s/ga ni tashkil etib, andoza navga nisbatan 7-11% yuqori don hosildorligiga erishilgan.
Yangi yaratilgan “Andijon-5” navini davlat nav sinovini tashkil etish hamda ekin maydonlarini kengaytirish ushun etarli miqdordagi navdorligi yuqori bo‘lgan original urug‘liklar tayyorlangan va birlamchi urug‘chilik tizimiga foydalanilgan. (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 17-yanvardagi 06/27-05/254-son ma’lumotnomasi). Natijada Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Farg‘ona va Namangan ilmiy tajriba stansiyalarida birlamshi urug‘shilikni hamda Qishloq xo‘jaligi ekinlarini sinash markazi ushastkalarida mazkur navning sinovini tashkil etish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish