Xaytmetova Saidaxon Boqijonovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tabiiy xomashyolardan suvda eruvchan polisaxaridlarni ajratib olish va ularning fizik-kimyoviy, tibbiy-biologik tavsifini o‘rganish», 02.00.10 – Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.DSc/K70.
Ilmiy maslahatchi: Turaev Abbasxan Sabirxanovich, kimyo fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Bioorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bioorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/V.37.01.
Rasmiy opponentlar: Gafurov Maxmudjon Bakievich, kimyo fanlari doktori, professor; Ramazonov Nurmurod Sheralievich kimyo fanlari doktori, professor; Abdullaev Shavkat Vaxidovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarmoqlangan polisaxaridlarni tabiiy manbalardan: beta-D-glyukanlarni 7 ta turdagi tabiiy va introduksiya usulida etishtirilgan Ganoderma lucidum bazidial zamburug‘laridan, galaktomannanlarni Styphnolobium japonicum o‘simligi urug‘idan ajratib olish, kimyoviy tuzilishi va biologik faolliklarini o‘rganish hamda ular asosida rak hujayralariga selektiv ta'sir etuvchi makromolekulyar tizimlarni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor 7 turdagi mahalliy sharoitda o‘sadigan va madaniylashtirilgan Ganoderma lucidum bazidial zamburug‘laridan hamda O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan va madaniylashtirilgan yapon soforasi (Styphnolobium japonicum) o‘simligi urug‘idan an’anaviy va noan’anaviy usullarda tarmoqlangan polisaxaridlar ajratib olingan;
β-glyukan polisaxaridlarini ion almashinish va gel xramatografiyasi usullari asosida tozalash usullari ishlab chiqilgan hamda ajratib olingan polisixaridlarning kimyoviy tarkibi va tuzilishi aniqlangan;
ilk bor yapon soforasi (Styphnolobium japonicum) o‘simligi urug‘idan galaktomannan polisaxaridlarini ajratib olish va tozalash usullari ishlab chiqilgan hamda kimyoviy tuzilishi aniqlangan;
doking hisoblash usuli orqali kompyuter modellashtirish dasturi yordamida β-D-glyukan polisaxaridlarining immun tizimi reseptorlari bilan o‘zaro komplementar ekanligi aniqlangan;
in vivo sharoitidagi tadqiqotlar β-D-glyukan polisaxaridlarining Erlix adenokarsinomasi rak hujayrasining o‘sishini ingibirlashi ko‘satilgan. Polisaxaridlar immun tizimi orqali ta'sir ko‘rsatishi va ularning tarmoqlanish darajasini ortishi bilan rakka qarshi faolligining ortishi aniqlangan;
farmakotoksikologik tadqiqotlar β-D-glyukan va galaktomannan polisaxaridlari zaharli bo‘lmagan birikmalarning V sinfiga (LD50 2000 mg/kg) kirishi, surunkali zaharliligini yo‘qligi hamda polisaxarid kompleksi holatida yuqori gepatoprotektiv, antimikrob, antiradikal faollikni namoyon qilishi aniqlangan;
β-D-glyukan polisaxaridlari asosida rak kasalliklarini davolash va oldini olish uchun biologik faol qo‘shimcha yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tabiiy xomashyolardan suvda eruvchan polisaxaridlarni ajratib olish va ularning fizik-kimyoviy, tibbiy-biologik tavsifini o‘rganish, biologik faol qo‘shimchalar uchun ilmiy-uslubiy yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tabiiy xomashyolardan ekstraksiyalash yo‘li bilan suvda eruvchan polisaxaridlarni ajratib olish, ularning fizik-kimyoviy xossalari va biologik faolliklarini tadqiq qilish bo‘yicha e'lon qilingan ilmiy natijalarga yuqori impakt-faktorga ega xorijiy ilmiy jurnallarda havolalar keltirilgan: (Land Degradation & Development, 2021. V.32(17), 4933-4943, IF=4,7; Khimiya Rastitel'nogo Syr'ya, 2020, 1, 33-39, IF=0,7; Russian Journal of Bioorganic Chemistry, 2021, 47(7), 1376-1380, IF=1,0; Khimiya Rastitel'nogo Syr'ya 2021(3), 99-106, IF=0,7; Russian Journal of Applied Chemistry, 2019, 92(2), 177-186, IF=1,6; Khimiya Rastitel'nogo Syr'ya 2021(3), 115-122, IF=0,7; Polymer Science, Series B, 2022, 64, 500–505, IF=1,2; Khimiya Rastitel'nogo Syr'ya, 2022, 2, 51-60, IF=0,7 va boshqalar). Natijada, mutaxassislarga polisaxaridlarni ajratib olish va ularning molekulyar kattaliklari hamda biologik faolliklarini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot olish imkonini bergan;
bazidial zamburug‘lardan polisaxaridlarni ajratib olish, aniqlangan kimyoviy, fizik-kimyoviy xossalari va biologik faolliklaridan Rossiya Fanlar Akademiyasi, Yuqori molekulyar birikmalar instituti, Tabiiy polimerlar laboratoriyasi loyihasida tabiiy xomashyolardan polisaxaridlarni ajratib olish va ularning saratonga qarshi biologik faolliklarini aniqlashda foydalanilgan (Rossiya Fanlar Akademiyasi Yuqori molekulyar birikmalar instituti ma'lumotnomasi 25.07.2023 y.). Natijada tabiiy xomashyolardan polisaxaridlarni olish va ularning kimyoviy, fizik-kimyoviy xossalarini, biologik faolliklarini tahlil qilish imkoniyati yaratilgan;
tabiiy xomashyolardan polisaxaridlarni ajratib olish va tozalash usullaridan Xitoy Fanlar akademiyasi, Guanchjou Janubiy Xitoy texnologiya universiteti «International Science and Technology Center Projecs» loyihasida tarmoqlangan polisaxaridlar asosida olingan birikmalarning saratonga qarshi biologik faolliklarini aniqlashda foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasi, Guanchjou Janubiy Xitoy texnologiya universiteti ma'lumotnomasi 05.08.2023 y.). Natijada, saratonga qarshi biologik faol polisaxarid hosilalarini olish va ularning biologik faolliklarini aniqlash imkonini bergan;
“Beta glyukan” biologik faol qo‘shimchasi uchun tashkilot standarti va texnologik yo‘riqnomasi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi” qo‘mitasi tamonidan tasdiqlangan (S03535693-37:2023; TI03535693-37:2024). Natijada, «Beta glyukan” BFQ sining ishlab chiqarish imkonini bergan;
“Beta glyukan” vositasini Bioorganik kimyo institutining substansiya va qattiq dori shakllari tajriba-sinov ishlab chiqarish markazi texnologik liniyasida seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan (O‘zR SSVning ishlab chiqarish uchun ruxsatnomasi №002370; 20.05.2024 y.). Natijada, immunotrop va rakka qarshi faollikka ega bo‘lgan kapsula shaklidagi biologik faol qo‘shimchani ishlab chiqarish imkonini bergan.