Medatov Rustamjon Xoshimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lipolitek fermentlardan foydalanib paxta yog‘ini neytrallash texnologiyasini takomillashtirish», 02.00.17 – Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/T2265.
Ilmiy rahbar: Xasanov Xasan Tursunovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti, PhD.03/31.03.2023.T.66.05.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Anvar Maxmudovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Salixanova Dilnoza Saidakbarovna, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: immobillangan fermentlar ta’sirida o‘simlik moylarini rafinatsiyalash texnologiyasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
gidrolitik fermentlar (proteinaza, sellyulaza va lipaza) ishtirokida gidratatsiya va neytralizatsiya jarayonlarini amalga oshirish orqali gidratlangan moy chiqishini 2-3% ga oshirish aniqlangan;
lipolitik fermentni immobillash uchun silikagel-poliamid-glutardialdegid-kefalin asosida olingan sorbent fermentni katalitik xossalariga ijobiy ta’sir etishi isbotlangan;
immobillangan lipazani asillash, pereasillash va pereeterifikatsiyalash faolligi erkin lipazaga nisbatan 2,5-3,0 barobar yuqori bo‘lishi aniqlangan;
o‘simlik moylarini rafinatsiya qilishda immobillangan fermentlardan foydalanish, forpress moyining kislota son ko‘rsatkichini 70-80% ga qadar pasaytirishi aniqlangan;
immobillangan ferment yordamida enzim rafinatsiyalangan paxta moyini ishqoriy rafinatsiya qilishning va och rangli moylarni fermentativ rafinatsiyadan keyin adsorbsion rafinasiya qilishning optimal texnologik rejimlari aniqlangan;
davriy usulda o‘simlik moylarini enzim rafinatsiya qilish orqali, rafinasiya qilishning takomillashtirilgan texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Paxta moyini rafinatsiyalashda fermentlardan foydalanish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
paxta moyiga proteolitik va sellyulolitik fermentlar yordamida ishlov berib gidrotatsiyalash texnologiyasi “Farg‘ona yog‘-moy” AJning “2023-2025 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati”ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2023 yil 4 apreldagi KS/3-163-son ma’lumotnomasi). Natijada, gidrotatsion zich cho‘kma hosil qilishi va filtrlanish tezligi 1,6-1,8 marta oshishi hisobiga gidratlangan moy chiqishini 2-3% oshirishga imkon beradi;
paxta moyiga immobillangan lipaza bilan ishlov berish texnologiyasi “Farg‘ona yog‘-moy” AJning “2023-2025 yillarda amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yhati”ga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yog‘-moy sanoati korxonalari uyushmasining 2023 yil 4 apreldagi KS/3-163-son ma’lumotnomasi). Natijada, moyning kislota son ko‘rsatkichini 75-80% kamaytirish va sarflanadigan kaustik sodani sarfini bartaraf etish hisobiga moy chiqish 2-3% ga oshirish imkonini beradi.