Abdurasulov Hamza Xudayqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tog‘ va tog‘oldi hududlarida yomg‘ir eroziyasi toifalari va unga qarshi kurash choralari (Baxmal tumani misolida)”, 06.01.03 – Agrotuproqshunoslik va agrofizika (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Qx1093.
Ilmiy rahbar: Xakberdiev Obid Eshniyozovich, biologiya fanlari  nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/V.43.01.
Rasmiy opponentlar: Qurvantaev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Sodiqova Gulchexra Sattarovna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi lalmi tuproqlarda yomg‘ir eroziyasi xavfi toifalarini aniqlash va yomg‘ir tomchilarining zarracha kattaligi har xil taqsimlanishidagi tuproq strukturasi hamda agregatlarni parchalovchi ta’sirini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
lalmi hududlarda eroziya xavfi bo‘lgan erlar tarqalishining umumiy qonuniyatlari hamda yomg‘ir eroziyasi omillari va tuproq emirilishi o‘rtasidagi tabiiy bog‘liqlik aniqlangan;
lalmi mintaqa uchun yomg‘ir eroziyasining barcha asosiy omillarining turli elementlarini hisobga olgan holda tuproq eroziyasi xavfi toifasini aniqlash shkalasi ishlab chiqilgan hamda eroziya xavfi toifalari bo‘yicha tuproqning yillik emirilish miqdori aniqlangan;
turli toifadagi eroziyaga xavfli erlarning asosiy tashxis belgilari aniqlangan;
yomg‘ir eroziyasiga qarshi fitomeliorativ usullardan foydalanish lalmi tuproqlarning suv-fizikaviy va agrokimyoviy xususiyatlarini yaxshilashi va lalmi erlarning unumdorligini oshirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tog‘ va tog‘ oldi hududlarida yomg‘ir eroziyasi toifalari va unga qarshi kurash choralari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Baxmal tumanining eroziyaga xavfli erlaridagi lalmi tuproqlar va ularning unumdorligini saqlash hamda qayta tiklashga doir tavsiyalar» nomli tavsiyanoma Jizzax viloyati Baxmal tumani qishloq xo‘jaligiga amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil-29 martdagi 04/29-06/87-son ma’lumotnomasi). Natijada, lalmi tuproqlarning holatini aniqlash, unumdorligini saqlash va oshirishda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘llanma sifatida xizmat qilgan.
Yomg‘ir eroziyasiga uchragan lalmi tuproqlarning eroziya xavfliligi toifasini (kategoriyasini) aniqlash shkalasi ishlab chiqilgan va shu asosida «Qo‘shchinor» massivi 849 gektar lalmi erlarning 1:10 000 masshtabli eroziya xaritasi tuzilgan va Jizzax viloyati Baxmal tumani qishloq xo‘jaligiga amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 29- martdagi 04/29-06/87-son ma’lumotnomasi). Natijada, tog‘ va tog‘ oldi hududlarida tarqalgan qo‘riq tipik jigarrang, lalmi to‘q tusli bo‘z va lalmi tipik bo‘z tuproqlar sharoitida yomg‘ir eroziyasini bashoratlash imkoni yaratilgan;
«Baxodir Begimqulov» nomli fermer xo‘jaligining 20 gektar ekin er maydonida lalmi kuzgi bug‘doy va beda ekinlari asosida o‘tkazilgan dala kuzatuv tajribalarining natijalari Jizzax viloyati Baxmal tumani qishloq xo‘jaligiga amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023-yil 29-martdagi 04/29-06/87-son ma’lumotnomasi). Natijada, lalmikor dehqonchilikda ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, yomg‘ir eroziyasiga uchragan tuproqlardan samarali foydalanish, yomg‘ir eroziyasiga qarshi qo‘llaniladigan tadbirlarni muddatida amalga oshirish, tuproq unumdorligini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash, eroziyalanish darajasining oldini olishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish