Mexlieva Dilnoza Usmonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek folklorida lof va uning badiiy-estetik xususiyatlari”, 10.00.08 – Folklorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1688.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti.
Ilmiy rahbar: Xudayqulova Latifa, filologiya fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Uraeva Darmon, filologiya fanlari doktori, professor; Tilavov Abdumurod, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi lof janrining genezisi, o‘ziga xos janriy xususiyatlari, o‘zbek folkloridagi boshqa epik (afsona, latifa, askiya) janrlar hamda “qirq yolg‘on” tipidagi ertaklar bilan munosabati, mavzusi va yaratilish davri, obrazlar tarkibiga ko‘ra turlari, badiiy-estetik vazifalari hamda lingvopoetikasining mohiyatini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
loflarning genezisida ibtidoiy folklorning kulgi va so‘z magiyasiga bo‘lgan ishonch mavjudligi, ibtidoiy folklorning e’tiqodiy marosimlaridagi, xususan, inisiatsiya jarayonidagi sinaluvchining, ya’ni voyaga etgan qahramonning “yolg‘on”lari – narigi dunyo haqidagi tasavvurlari va “xotiralari” ekanligi asoslangan;
loflarning askiya va latifa janrlaridan kulgining o‘tkir mubolag‘a orqali yuzaga kelishi, muqobil obrazlarga (doimo ikki lofchi ishtiroki), qisqa dialog fonida keng ma’noga egaligi, voqea-hodisalarni ifodalashi jihatidan farqlanishi hamda lof poetikasining tabiati, kulgi bilan mutanosibligi, janr asosida so‘z o‘yini, badiiy ifoda kabi masalalar dalillangan;
loflarning qirg‘iz, ozarbayjon, turk og‘zaki ijodidagi yolg‘on, xayoliy uydirma, mubolag‘aga asoslangan “kalp”, “qaravelli”, “yalanlama” janrlari kabi aytishuv tarzida ijro etilishi, narsa hodisalarning bo‘rttirilishi, o‘xshash motivlar asosiga qurilgani, ba’zan yakka ijrochi tomonidan ijro etilishi, she’riy namunalarining mavjudligi kabi farqli xususiyatlari, “qirq yolg‘on” turkumidagi ertaklar bilan mushtarakligi aniqlangan;
o‘zbek xalq loflari mavzu va obrazlar ko‘lamiga ko‘ra tasniflanib, ularning ijtimoiy-maishiy, siyosiy-tanqidiy vazifalarni bajarishi, lingvopoetik (o‘xshatish, qiyoslaslash, bo‘rttirish kabi) xususiyatlari, inson hissiy-irodaviy holatiga psixologik ta’siri ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek folklorida lof va uning badiiy estetik xususiyatlari tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagi yo‘nalishlarda joriy qilingan:
o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagi epik asarlar (lof, rivoyat, ertak) namunalaridan iborat jildlarni nashrga tayyorlash, mavzu va obrazlar ko‘lamiga ko‘ra tasniflash hamda undagi ilmiy-nazariy qarashlardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bajarilgan “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish masalalari” mavzusidagi OT-F1-76 raqamli fundamental ilmiy loyihani amalga oshirishda foydalanilgan. (O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining 2023-yil 19-dekabrdagi 3/1255-2804-son ma’lumotnomasi). Natijada “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligi tarkibidagi o‘zbek lof namunalaridan tuzilgan “Lof va askiya” nomli 87-jildi nashrga tayyorlangan;
o‘zbek folkloridagi lof namunalari, o‘ziga xos janriy xususiyatlari, kulgiga asoslangan boshqa og‘zaki ijod janrlaridan farqi, badiiyati qoraqalpoq folkloridagi lap (lof)lar va boshqa turkiy xalqlardagi o‘xshash janrlarni qiyosiy tahlil qilish asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan “Qoraqalpoq og‘zaki nasri (janrlar tuzilishi, genezisi, obrazlar sistemasi, syujet va motivlari, poetikasi)” (2021-2023) mavzusidagi fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2023-yil 10-oktyabrdagi 390/1-son ma’lumotnomasi). Natijada qoraqalpoq folklorining turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek folklori bilan bog‘liq uzvlari, kulgiga asoslangan janrlar tipologiyasini tekstologik o‘rganish metodlarini ishlab chiqishda loflarning tadqiqi muhim ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan;
loflarning ma’naviy hayotimiz va xalqimiz badiiy tafakkuri taraqqiyotida tutgan ahamiyatiga doir ilmiy qarashlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” telekanalining “Televizion miniatyura”, “Shapaloq”, “Ha-ha-ha” dasturlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2023-yil 3-oktyabrdagi 01-01-1009-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xalqimiz tomonidan yaratilgan boy nomoddiy madaniy merosi, ko‘p asrlik qadriyatlari tizimining yosh avlod ma’naviy kamolotidagi tutgan o‘rni va ahamiyati xususidagi yangi ma’lumotlar orqali lof poetikasining tabiati, kulgi bilan mutanosibligi, mubolag‘a san’ati obrazli tasvir va badihago‘ylik, so‘z o‘yini, badiiy ifoda, lofda obrazlilik kabi masalalar keng tomoshabinlar ommasiga etkazilgan.