Uralov Azamat Begnarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida

I.Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek tili morfologik shakllari tizimida nomutanosiblik”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/Fil309.
Ilmiy maslahatchi: Mirzakulov Tursunali Utaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Guliston davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshid Zaynievich, filologiya fanlari doktori, professor; Xudoyberganova Durdona Siddiqovna, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi morfologik birliklarning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, o‘zaro munosabati, analitik, sintetik va kengaygan shakllarning lisoniy o‘rnini aniqlash, morfologik birliklardagi nomutanosiblikning yuzaga kelishi va turlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
egalik, kelishik, son, zamon, shaxs-son, mayl kabi morfologik shakllarning diaxron va sinxron ko‘rinishlari asimmetrik dualizm, konversiya, transpozisiya hamda tejash tamoyillariga ko‘ra shakl va mazmun jihatdan nomutanosibligi ochib berilgan;
morfologik shakllar tizimida nomutanosiblikning ma’no jihatiga ko‘ra ko‘p ma’nolilik, shakldoshlik va shakl jihatiga ko‘ra ma’nodoshlik, tejash tamoyili, allomorf, invariantlar hamda vazifa jihatiga ko‘ra ko‘p vazifalilik, ko‘chish yuzaga chiqishida til rivojining  ijtimoiy va ichki qonuniyatlariga mosligi asoslangan;
agglyutinatsiya va fuziya jarayonlari o‘zbek tili morfologik shakllari rivojida ijtimoiy ong, ijtimoiy tafakkur qonuniyatlari bilan uzviy bog‘liqlikda ekanligi, morfologik birliklarning shakl, mazmun hamda vazifa muvofiqligidagi mutanosiblik diaxronik hamda sinxronik sababga ko‘ra nisbiy ekanligi isbotlangan;
til tizimida affiksoidlarning shakllanishi, tegishli mavqega ega bo‘lishi til egalari ongida muayyan lingvistik qiymatning umumiyligi va farqlanishi natijasida til andozalari qolip, model kabi raqobati bilan bog‘liq jarayonlar ifodasi ekanligi Azimxon, Nodiraxonim, Jamolxon, akaxon kabi misollar asosida ochib berilgan;
morfologik shakllar tizimida turli sinxron davrlarning birliklari o‘zaro munosabatda mavjud birliklardan yangi birliklarning hosil bo‘lishi, kengaygan shakllar va qo‘shma affikslar struktur jihatdan o‘xshashligi, lekin tarkibiy qismlarining mazmun jihatidan farqli tomonlarga egaligi “Boburnoma”, “Muhokamatul lug‘atayn” kabi tarixiy va “O‘tkan kunlar”, “Abadiyat oralab” singari badiiy asarlar orqali aniqlangan;
tilning hozirgi sinxron tizimida qo‘shma tarkibga ega bo‘lgan analitik morfem shakllarning miqdori belgilanib, ularning maqomi qo‘shma affikslar, murakkab va kengaygan shakllar doirasidagi o‘zaro o‘xshashlik va farqli tomonlar tushuncha maydonlari yoki funksional-semantik maydon tamoyillari asosida sintetik, analitik shaklardagi nomutanosibliklar dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. O‘zbek tili morfologik shakllar tizimida nomutanosibliklarni o‘rganish asosida:
morfologik birliklarni aniqlash, o‘zbek tili ta’limiy korpusini yaratishda morfologik shakllardan axborot bazasi sifatida foydalanish imkoniyatini yoritish, o‘zbek tilining izohli, ensiklopedik lug‘atlaridan murakkab hamda morfologik kengaygan shakllar axborotlarini olish usuli va vositalarini ko‘rsatish, o‘zbek tilining morfem lug‘atidan morfemalar tizimidagi agglyutinatsiya va fuziya munosabatini ta’limiy korpusda aks ettirish va ma’lumotlar bazasini shakllantirishda Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2020–2022-yillarga mo‘ljallangan AM – F3-201908172-raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” nomli amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 15-fevraldagi 01/4-311-son ma’lumotnomasi). Natijada lug‘atlarda yuzaga keladigan ayrim so‘zlarning yozilishi hamda tarixiy shakllanishi yuzasidan muammolar hal etilgan;
o‘zbek tili morfologiya ilmining tadrijiy taraqqiyoti, bunda so‘z turkumlari, har bir turkumga xos grammatik shakllar, grammatik shakllarning zohiriy belgilari, ya’ni so‘zlarga qo‘shilish, ularni biriktirish jarayonidagi aniq sezilib turuvchi ma’no va vazifalari nutqiy xususiyatlarini tadqiq etishga hamda til tarixida so‘zlarning kelib chiqishi, termin va so‘zlarning etimologik tomonidan ochiqlanishi, o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti davomida tub so‘zlar va o‘zlashma so‘zlarni aniqlashda turkiy va sug‘diy so‘zlardan foydalanishda dissertatsiyaning ilmiy natijalari va materiallaridan Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasidagi 2017–2021-yillarga mo‘ljallanib, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan FZ-2016-0914124453: “O‘zbek davlatchiligi tarixida sug‘diy til va yozuvining tutgan o‘rni (miloddan avvalgi II milodiy XII asrlar)” mavzusidagi fundamental grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 15-fevraldagi 04/1-297-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy so‘zlarning kelib chiqishi, morfem birliklarning shakllanishi hamda rivojlanishi yuzasidan loyiha materiallari boyigan;
yasama so‘zlarning derivatsion xususiyatlari, morfem birliklar tarkibidagi struktur o‘zgarishlari, affiksoidlar va ulardagi nomutanosibliklar, murakkab va morfologik kengaygan shakllar haqidagi ilmiy natijalar va materiallardan Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan PZ-202004165 raqamli “Umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida og‘zaki va yozma nutqiy kompetensiyalarni rivojlantiruvchi elektron platforma yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 15-fevraldagi 01/4-312-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha yangi manbalar bilan boyigan hamda so‘zlarnining kelib chiqishi va bugungi holatdagi imlo me’yoriga mosligi aniqlashtirilgan;
morfologik birliklarning paydo bo‘lish yo‘llari hamda turlari, boyish manbalarini ko‘rsatish va dalillash, funksional transpozisiya hodisalari yuzasidan ma’lumotlarni qiyoslash hamda morfem birliklarda ko‘chish holatlarni ko‘rsatish, til taraqqiyotida morfem birliklar tarkibidagi o‘zgarishlarga asoslanib, morfologiyada tejash tamoyilining o‘rnini ko‘rsatish, kengaygan shakllarning tarixiy jarayonlari, til tizimidagi o‘rni va ayrim turlarini ko‘rsatish hamda uning qo‘shma affikslardan farqli tomonlarini belgilash haqidagi masalalarning yoritilishi haqidagi nazariy xulosalaridan “O‘zbekiston” teleradiokanalida namoyish etilgan “Munosabat”, “Oydin hayot – live” ko‘rsatuvlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokanali davlat muassasasining 2023-yil 23-fevraldagi 02-13-303-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv samarasi oshgan, so‘zlarning ishlatilishi va yozilishi borasida yangiliklar o‘zlashtirilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish