Tolibov Izzatullo Ibodovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi “Nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy maqomini takomillashtirish: nazariya va amaliyot”, 12.00.02 - Konstitutsiyaviy huquq, Ma’muriy huquq, Moliya va Bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Yu239.
Ilmiy maslahatchi:  Tursunov Axtam Salomovich,  yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2020.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Zulfiqorov Sherzod Xurramovich, yuridik fanlar doktori, professor; Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Yusupov Sardor Baxodirovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy maqomini takomillashtirish, uning nazariy va amaliy jihatlarini baholash asosida konseptual taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Jamoat birlashmalari” tushunchasi bugungi kunning “fuqarolik jamiyati institutlari” tushunchasini to‘liq qamrab olmayotganligi, “Jamoat birlashmalari” nodavlat notijorat tashkilotlarining bitta tashkiliy-huquqiy shakli ekanligi (“Ayni paytgacha fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarida qo‘llanilgan)dan kelib chiqib, qonunchilikdagi “Jamoat birlashmalari” tushunchasini “Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari” tushunchasiga o‘zgartirish zarurati asoslantirilgan;
huquqni qo‘llash amaliyotida milliy va diniy belgilarga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanishi lozimligi asoslangan;
Yangi O‘zbekistondagi tub demokratik islohotlar sharoitida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish va davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish uchun  nodavlat notijorat tashkilotlarining  huquqiy maqomini oshirish, ijtimoiy siyosiy ahamiyati oshirish zarurati sababli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilash lozimligi asoslab berilgan;
davlat organlari va mansabdor shaxslarnining nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligini tashkilotlarining faoliyati samaradorligini oshirish va ularning jamiyatdagi rolini hamda ijtimoiy siyosiy ahamiyatini oshirish lozimligi sababli qonunan taqiqlanishi lozimligi asoslantirilgan.
dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa  institutlari ishtiroki va vakolatlarini kengaytirish zarurati sababli qat’iy amal qiladigan normalarni qonunchilikka tadbiq  etish lozimligi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy maqomini takomillashtirish: nazariya va amaliyot tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Jamoat birlashmalari” tushunchasini “Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari” tushunchasiga o‘zgartirish lozimligi borasidagi taklifdan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqishda foydalanilib, Konstitutsiyaning XIII bobi nomi “Fuqarolik jamiyati institutlari” degan tahrirda bayon etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o’zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2023-yil 29-martdagi 04/10-09-26-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini bevosita tartibga soluvchi hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga doir qonunchilik hujjatlarida yagona yondoshuvni yuzaga kelishiga xizmat qilgan;
huquqni qo‘llash amaliyotida milliy va diniy belgilarga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanishi lozimligiga oid takliflardan O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 71-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o’zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2023-yil 29-martdagi 04/10-09-26-son dalolatnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlari huquqiy maqomini aniq belgilanishi, shuningdek huquqni qo‘llash amaliyotida milliy va diniy belgilarga ko‘ra bunday tashkilotlarning ijtimoiy zararliligi bois ularning faoliyatini huquqiy jihatdan taqiqlanishiga xizmat qilgan;
nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini, ularning o‘rni va roli, ijtimoiy siyosiy ahamiyati oshirishi maqsadida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilash to‘g‘risidagi takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil
6-maydagi “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2023 va 2024-yillarda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 192-son qarori 2-bandi birinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 18-maydagi 12-15-14-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ular faoliyatining huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish asosiy ustuvor vazifa sifatida qaratilishiga xizmat qilgan;
davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi borasidagi takliflardan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 72-moddasi ikkinchi qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2023-yil 6-iyundagi 04/2-10/5618-II-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi, davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashga, ularga jamiyat hayotida ishtirok etishi uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratishga huquqiy asos yaratgan;
dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtiroki va vakolatlarini kengaytirish uchun qat’iy amal qiladigan normalarni qonunchilikka tadbiq etish borasidagi takliflardan Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-maydagi 192-son qarorining ikkinchi bandi ikkinchi xatboshisini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2023-yil 18-maydagi 12-15-14-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinganligi nodavlat notijorat tashkilotlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish