Sayt test rejimida ishlamoqda

Oliy attestatsiya komissiyasida 2024 yilning 29 may kuni mamlakat ilm-fani rivojida muhim o‘rin tutuvchi falsafa fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” Strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida belgilangan vazifalar doirasida o‘tkazilgan anjumanda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalaridagi ilmiy kengashlar rahbariyati ishtirok etdi.

– Falsafa fani bo‘yicha oxirgi yillarda himoya qilingan PhD va DSc dissertatsiyalar ushbu fan sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi, – deydi o‘z nutqida tarix fanlari doktori, professor Adxamjon Ashirov. – O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgunga qadar o‘rganilmagan mutafakkirlarning G‘arb va Sharq falsafaga oid falsafiy qarashlari yangi mezon va yondashuvlar asosida tahlil etildi. Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda ulug‘ mutafakkirlarning asarlardagi halollik, mehnatsevarlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, umuman, komil inson haqidagi g‘oyalarni singdirishga yordam beradigan ilg‘or hikmatli so‘zlari jamoatchilikka ma’lum qilindi. Bunda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, sohaga ilg‘or xorijiy tadqiqot metodlarini joriy qilishga katta ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga molik.
Darhaqiqat, bugungi kunda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlarida falsafa fanlari bo‘yicha 7 ta ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalqaro va respublikamizda faoliyat yuritayotgan nufuzli jurnallarda mazkur fan bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlarning asosiy ilmiy natijalari e’lon qilib borilmoqda.

Yig‘ilishda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar xususida axborot berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Xususan, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samardorligini oshirish, har jihatdan barkamol shaxsni kamolga etkazish, jamiyatda ijtimoiy barqaror muhitni yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va ilg‘or xalqaro tadqiqot uslublarini amaliyotga joriy etish kabi masalalar keng muhokama etildi. Shuningdek, jahonda tez o‘zgarayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda insonning o‘zligini anglashi, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy kamolotini ta’minlashga ehtiyoj kuchayib borayotgan bugungi sharoitda falsafa ilmining ahamiyatini oshirish, milliy kontentni yaratish ulug‘ mutafakkir ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ilmiy izlanishlar davr talabi ekani ta’kidlandi.

Shunga ko‘ra, ilmiy kengashlar faoliyatini tashkil etishda me’yoriy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini yanada oshirish, sohada axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash kabi vazifalar yuzasidan amaliy taklif hamda tavsiyalar berildi.

OAK Axborot xizmati

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish