Sayt test rejimida ishlamoqda

Oliy attestatsiya komissiyasida 2024 yilning 29 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” Strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida belgilangan vazifalar doirasida mamlakat ilm-fani rivojida muhim o‘rin tutuvchi matematika fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlaridagi ilmiy kengashlar rahbariyati ishtirok etdi.

– Matematika va mexanika sohalarda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida real iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ham hissa qo‘shmoqda, – deydi o‘z nutqida fizika-matematika fanlari doktori Gulnora Raimova. – Xususan, chiziqli va nochiziqli modellarni sonli echish algoritmlari dasturiy ta’minotidan qurilish tashkilotlarida binolarni loyihalashda, mustahkamlik va ishonchlilik zaxiralarini aniqlashda foydalanilmoqda.
Darhaqiqat, bugungi kunda respublikamizda matematika fanlari bo‘yicha 11 ta ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda Ilmiy kengashlarda “Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi” kabi yangi ixtisoslik bo‘yicha ham himoyalar amalga oshirilmoqda. 2023 yil va 2024 yilning dastlabki choragida 10 nafar talabgor fan doktori (DSc), 78 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarda tasdiqlandi.
2023-2024 yillarda fan doktori (DSc) ilmiy darajasi olish uchun himoya qilingan dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalari 500 dan ziyod, jumladan WoS, Scopus bazalarida indekslanadigan 200 dan ziyod nashrlarda chop etilgan.  Mazkur davrda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi olish uchun himoya qilingan dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalari 550 dan ziyod nashrlarda, jumladan, WoS, Scopus bazalarida indekslanadigan 120 dan ziyod nashrlarda chop etilgan.
Yig‘ilishda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar asosida galdagi vazifalar belgilab olindi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari mazmun-mohiyati, ilmiy yangiliga va amaliyotga joriy etilishi hamda ilg‘or xalqaro tadqiqot uslublaridan foydalanishga katta e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlarda salmoqli fundamental (nazariy) natijalar bilan birga amaliy ahamiyatga molik natijalar mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Bu borada OAK tomonidan sohada axborot almashinuvini to‘liq raqamlashtirish orqali ochiqlik va shaffof tizimni yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida e’tirof etildi.
Shunga ko‘ra, ilmiy kengashlar faoliyatini tashkil etishda me’yoriy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilanib, amaliy tavsiyalar berildi.

 

Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda Ilmiy kengashlar faoliyatini nizom talablariga ko‘ra tashkil qilish hamda axborot-tahlil xulosalari bo‘yicha qo‘shimcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

OAK Axborot xizmati

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish