Javliev Sirojiddin Suyunovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Mashinasozlik maqsadlarida tebranishni yutuvchi kompozision polimer materiallar va qoplamalarning samarali tarkibilari va olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.07 – Kompozision, lok-bo‘yoq va rezina materiallari kimyosi va texnologiyasi, 05.02.01 – Mashinasozlikda materialshunoslik. Quymachilik. Metallarga termik va bosim ostida ishlov berish. Qora, rangli va noyob metallar metallurgiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.DSc/T736.
Ilmiy maslahatchilar: Negmatov Sayibjan Sadikovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Abed Nodira Sayibjonovna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti «Fan va taraqqiyot» DUK, DSc.03/30.12.2019.K/T.03.01.
Rasmiy opponentlar: Akbarov Xamdam Ikramovich, texnika fanlari doktori, professor; Karimov Kamolxon Abbosovich, texnika fanlari doktori, professor; Yulchieva Surayyo Baxramovna, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mashinasozlik maqsadlarida tebranishni yutuvchi kompozision polimer materiallarning samarali tarkibini va ular asosida qoplamalarni olish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
rezonans va energiya usullarini birgalikda qo‘llash orqali o‘zaro kirishuvchan polimer to‘rlar xosil qiluvi geterofazali polimer tizimlarning yopishqoq-elastik xususiyatlarini o‘rganish usuli nazariy jihatdan asoslangan;
o‘zaro kirishuvchan polimer to‘rlarning yuqori-elastik xususiyatlari sezilarli darajada tarkibiy qismlarning segregasiya darajasiga va tizim hosil bo‘lish kinetikasiga bog‘liqligi aniqlangan, harorat va komponentlarining turli nisbatlarida o‘zarokirishuvchan polimer tizimni mexanik yo‘qotish koeffisienti va elastikligining dinamik moduli o‘rtasida hamda mexanik yo‘qotish koeffisienti va tizimdagi komponentlarning ajralish darajasi o‘rtasidagi bog‘liqligi aniqlangan;
massaning tarkibiy qismi bo‘lgan, geterogen bir hil bo‘lmagan material sifatida ko‘rilayotgan organomineral to‘ldiruvchilar va polimer bog‘lovchi moddalarning tuzilishi, turi, tarkibi va nisbatiga qarab, tebranishlarni yutuvchi kompozision polimer materiallarining asosiy fizik-mexanik xususiyatlar va o‘zgarishi qonuniyatlari aniqlangan.
epoksidli kompozisiya tarkibiga kukunli elastomerlarning kiritilishi, elastiklik moduli va yopishqoqlikni biroz pasaytirib, tebranishlarni yutuvchi kompozision polimer materiallarning yuqori elastik xususiyatlarini sezilarli darajada yaxshilashi va elastiklik qobiliyati tufayli zarbga chidamlilikni sezilarli darajada oshirishi asoslangan;
import qilingan tebranishni yutuvchi materiallarga nisbatan yuqori dempfirlovchi, fizik-mexanik va ekspluatatsion xususiyatlarga ega va paxtani qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish binosidagi ish joylarida shovqin darajasini 7-24 dB gacha pasaytirish imkonini beruvchi tebranishni yutuvchi kompozision polimer materiallar va ular asosidagi qoplamalarning afzalliklari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mashinasozlikda tebranishni yutuvchi kompozision polimer materiallar, o‘zaro kirishuvchan polimer tizimlar va ular asosidagi qoplamalarning samarali tarkibi va olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ishlab chiqilgan tebranishni yutuvchi kompozision polimer materiallar arra tishli paxta tozalash mashinalari ishchi qismlarining yupqa devorli metall konstruksiyalariga qoplama sifatida Piskent klasteriga tegishli «Real Agro Cotton» MChJga “Piskent paxta tozalash zavodi” AJ va Qamashi klasteri «Qamashi Textile» MChJga tegishli “Qamashi paxta tozalash zavodi” AJda amaliyotga joriy etilgan (“PAXTASANOAT ILMIY MARKAZI”ning 2023 yil 18 dekabrdagi 02-11/566-son ma’lumotnomasi). Natijada, paxta tolalarini mexanik titilishini 0,5-0,8% gacha, paxta urug‘larining shikastlanishini 0,8-1,2% gacha va arra tishlarining emirilishini 50% ga kamaytiriish imkonini bergan;
o‘zaro kirishuvchan tizimlar asosida ishlab chiqilgan tebranishlarni yutuvchi kompozision polimer qoplama Piskent klasteri «Real Agro Cotton» MChJga tegishli “Piskent paxta tozalash zavodi” AJ va Qamashi klasteri «Qamashi Textile» MChJga tegishli “Qamashi paxta tozalash zavodi” AJda paxta tozalash va linter korpuslari yuzasiga joriy etilgan (“PAXTASANOAT ILMIY MARKAZI” AJning 2023 yil 18 dekabrdagi 02-11/566-son ma’lumotnomasi). Natijada, ishlab chiqarish binolarida shovqin darajasi 7-24 dB ga kamaytirish, paxta tozalash mashina va mexanizmlarining mahsuldorligini 7-14% gacha oshirish va elektr energiyasi iste’molini 5-8% ga kamaytirish imkonini bergan;
ishlab chiqilgan kompozision polimer qoplamalar tebranish sharoitida ishlaydigan Piskent klasteri «Real Agro Cotton» MChJga tegishli “Piskent paxta tozalash zavodi” AJ va Qamashi klasteri «Qamashi Textile» MChJga tegishli “Qamashi paxta tozalash zavodi” AJda paxta tozalash mashinalarining tozalovchi vositalari va ishchi organlari, ventillyatorlar va korpuslarining sirt yuzalarida amaliyotga joriy etilgan (“PAXTASANOAT ILMIY MARKAZI” AJning 2023 yil 18 dekabrdagi 02-11/566-son ma’lumotnomasi). Natijada, quritish-tozalash sexlaridagi shovqin darajasini 7-24 dBA ga kamaytirish imkonini bergan.