Abdyujanova Vazira Xusan qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Publisistik matn tahririda muharrir mahorati masalalari”, 10.00.09 – Jurnalistika (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2672.
Ilmiy rahbar: Saidov Halim Amanovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.14.01.
Rasmiy opponentlar: Teshabaeva Dilfuza Mo‘minovna, filologiya fanlari doktori, professor; Isomiddinov Zuhriddin Nizomiddinovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi publisistik matn tahriri, muharrirning matn bilan ishlash texnikasi, milliy matbuotda shakllangan muharrirlik maktablarining tahrirdagi o‘ziga xos va farqli jihatlari, tahririyatlarda muallif va muharrir munosabatlari, muharrirlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
matn bilan ishlashning to‘rt bosqichli algoritmi - qo‘lyozmani baholash, maqsad va uslubni aniqlash, keltirilgan ma’lumotlarni tekshirish, tahrirda matnning ekspressiv, pragmatik, kommunikativ effektini kuchaytirish kabi mezonlar publisistik matn tahriridagi asosiy vazifa ekani dalillangan;
bosma tahririyatlarning tahrir namunalari tahlili asosida muharrir matn bilan ishlashda leksik, grammatik, stilistik va mantiqiy kamchiliklarni bartaraf etish, asarning g‘oyaviy-adabiy saviyasi, emotsional bo‘yoqdorligini kuchaytirish, tahrirni amaldagi til me’yorlari va janr talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish, shuningdek, muallifning matn yaratish va tahrirlash kompetensiyalarini rivojlantira olish kabi kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi isbotlangan;
milliy OAVdagi tahrir maktablarining zamonaviy o‘zbek matbuoti tili rivojidagi roli, xususan, matnda yangi lingvistik shakllar, iboralar va stilistik vositalarni muvaffaqiyatli qo‘llash, xorijiy so‘zlarni davlat tiliga optimallashtirishda milliy til terminologiyasidan unumli foydalanish hamda tahrirda kontekstual yondashuvga e’tibor qaratish o‘quvchi tomonidan matnni tushunish va qabul qilish samaradorligini oshirishi asoslangan;
tahririyatda muharrir-muallif munosabatining ijodiy-psixologik xususiyati tahririyat faoliyatiga ijobiy ta’sir etishi ochib berilib, muharrir tomonidan konstruktiv muloqot mexanizmini ishlab chiqish muallif bilan hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilishi va ziddiyatli holatlarni hal etishning optimal echimi sifatida taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Publisistik matn tahririda muharrir mahorati masalalarini tadqiq qilish yuzasidan ishlab chiqilgan xulosa va amaliy takliflar asosida:
publisistik matn bilan ishlashning muhim jihatlari, tahrirdagi asosiy vazifalar va uning bosqichlari hamda tahrirda muharrirning o‘rni borasidagi umumlashma xulosalardan “Til va adabiyot ta’limi” ilmiy-metodik jurnali faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 24-maydagi 06-14-853-son ma’lumotnomasi). Natijada publisistik matn bilan ishlash usullari va tahrirga oid tavsiyalar tahririyat muharrirlari ishini samarali yo‘lga qo‘yishda yordam bergan;
muharrirning matn bilan ishlashda ega bo‘lishi kerak bo‘lgan malaka-ko‘nikmalar, qo‘lyozma tahriridagi asosiy qoidalar hamda muallif qo‘lyozmasi ustida ishlash bo‘yicha takliflardan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi tahririyati faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 7-martdagi 01-03/273-son ma’lumotnomasi). Natijada muharrirning tahrir texnikasini kuchaytirish, muallif qo‘lyozmasi bilan ishlashning muvaffaqiyatli usullari tahririyat xodimlarining ish jarayonida samarali qo‘llanilgan;
milliy matbuotda muharrirlik maktabiga ega tahririyatlar faoliyatini o‘rganish, o‘ziga xos tomonlarini aniqlash, nashrning ommalashuviga sabab bo‘lgan jihatlarni tahlil qilish hamda tahrir maktablarining zamonaviy o‘zbek matbuoti tili rivojidagi roli va tajribali muharrirlarning ish uslubini ommalashtirish borasidagi tavsiyalardan “Guliston” jurnali faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2024-yil 22-apreldagi 02-12-18-2429-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ilmiy tadqiqot materiallari tahririyat arxivi uchun manba sifatida xizmat qilgan;
tahririyatda mualliflar bilan ishlash, ular bilan hamkorlikni tizimli tarzda yo‘lga qo‘yishning samarali usullari hamda ikki tomonlama munosabatlarda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish yo‘llari borasidagi taklif va tavsiyalardan “Tafakkur” jurnali tahririyati faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2024-yil 13-apreldagi 133-son ma’lumotnomasi). Natijada muharrirning har bir muallifga individual yondashishga harakat qilishi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldindan ko‘ra bilishi va tegishli tadbirlarni ishlab chiqishi munosabatlarning kelishmovchiliksiz yo‘lga qo‘yilishida muhimligi nashr xodimlariga tushuntirishda qo‘llanilgan.