Mustafaeva Samida Toshmuxammedovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ming davri romanlari tilining morfologik, leksik-semantik va frazeologik xususiyatlari”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Fil169.
Ilmiy maslahatchi: Mannonov Abdurahim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Dadaboev Hamidulla Aripovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nasirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, professor; Odilov Yorqinjon Raxmonalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Ming davri ilk bosqichi romanlari tilining morfologik, leksik-semantik va frazeologik tadqiqini amalga oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Sung va Yuan sulolalari davrida xitoy adabiy tilining leksik, morfologik sathlarida kechgan o‘zgarishlari xitoy va xorij tilshunoslari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar asosida o‘rganilgan hamda xitoy adabiy tili takomilida Ming davri romanlari bir bosqichni ikkinchi bosqich bilan bog‘lovchi “ko‘prik” vazifasini o‘tagani dalillangan;
Ming davri birinchi yarmiga oid “Shuyxu juan” va “Sanguo yan’i” romanlari leksikasi tarkibida o‘z qatlamning struktur xususiyatlari ikki romanni o‘zaro qiyoslagan holda ochilib, ularda 喝采 hècǎi “baland ovozda gapirmoq”, 入肩rù jiān “birgalikda harakat qilish; muayyan maqsad yo‘lida birlashish”, 落草luòcǎo “qaroqchi”, 阿叔āshū “qayin ini” kabi murakkab so‘zlar asosan, sintaktik, qisman morfologik va semantik yo‘llar bilan hosil qilingani isbotlangan;
Ming davri romanlarida导师 dǎoshī “buddaviylik yetakchisi; Budda”, 方丈fāngzhàng “Budda ibodatxonasi bosh rohibi yoki bosh rohibning xonasi”, 度牒dùdié rohiblarga beriladigan maxsus hujjat, 站 zhàn “bekat; to‘xtash joyi; yom (yoki yomxona)” kabi o‘zlashma qatlamga mansub so‘zlar va ularning xitoy tilida voqelanishi aniqlangan;
Ming davri romanlari leksikasining “shaxsni ifodalovchi leksika”; “joy va makonni anglatuvchi so‘zlar”; “oziq-ovqat nomlarini ifodalovchi so‘zlar” deb nomlangan uch ma’no guruhi ajratilgan va davr romanlari leksikasining ushbu mavzu guruhlariga kiruvchi leksik birliklari o‘rtasida sinonimlik, omonimlik va antonimlik munosabatlari dalillangan;
Ming davri romanlari, xususan, “Shuyxu juan”da 582ta, “Sanguo yan’i”da 421ta frazeologik birliklarning qo‘llanishi ularda kechgan shakl va ma’no o‘zgarishlari o‘rganilib, ularning xitoy adabiy tili so‘z xazinasini leksik va frazeologik birliklar bilan boyitishdagi o‘rni belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xitoy Ming davri romanlari tilining morfologik, leksik-semantik va frazeologik xususiyatlariga oid tadqiqot natijalari asosida:
Xitoy Ming davri romanlari leksikasining genetik va funksional, struktur, semantik xususiyatlariga oid tadqiqot natijalaridan Xitoy Xalq Respublikasi Shimoli-G‘arbiy millatlar universiteti (西北民族大学)akademik tadqiqotlar bo‘limi xalqaro loyihalari doirasida amalga oshirilgan “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” monografiyasini xitoy tiliga tarjima qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy-amaliy loyiha doirasida foydalanilgan (Xitoy Xalq Respublikasi Shimoli-G‘arbiy millatlar universiteti (西北民族大学)ning 2020-yil 4-dekabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy leksika, ayrim unvon va rutbalar, harbiy istilohlar, toponimlarning xitoy tiliga tarjimasi aniq chiqishi hamda tarjimadagi muqobilini muvafaqqiyatli topishga erishilgan;
Ming davri romanlarining yuzaga kelishi, davr romanlarida uchraydigan frazeologizmlar tahliliga oid tadqiqot natijalaridan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida amalga oshirilgan OT-F1-67 “Ipak yo‘li mintaqasi xalqlari folklorining tipologiyasi, milliy o‘ziga xosligi va yozma adabiyot rivojida tutgan o‘rni” nomli ilmiy-tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining 2023-yil 20-fevraldagi 01-04-01/264-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq orasida keng yoyilgan rivoyatlar xitoy adabiyotidagi ilk romanchilik namunalari syujetiga asos bo‘lganini tavsiflash orqali xitoy yozma adabiyoti rivojida folklorning o‘rnini batafsil yoritish va xitoycha frazeologik birliklarning ma’nolarini o‘zbek tiliga to‘g‘ri tarjima qilishga xizmat qilgan;
Ming davri leksikasi, jumladan, “Shuyxu juan (Daryo o‘zanlari)” romanida qo‘llangan leksika qatlamlari, davr leksikasining struktur, semantik, funksional xususiyatlari hamda uning xitoy adabiy tili shakllanishidagi o‘rni, davr yodgorliklarida ishlatilgan frazeologizmlarning o‘zbek tiliga tarjimalari masalalaridagi tahlillar va xulosalardan TDShU huzuridagi “Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti” NNT o‘quv faoliyati jarayonida foydalanilgan (Konfusiy nomidagi o‘zbek-xitoy instituti” NNTning 2023-yil 17-fevraldagi 17/23-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ta’lim muassasasida tahsil oluvchilarning xitoy tili bilimlari, ayniqsa, yozma til kompetensiyalarini oshirishga, ularning xitoy tili darajasini aniqlashga qaratilgan imtihonlarida HSK 5, HSK 6 darajalarini olishiga erishilgan;
Ming davri romanlarida uchraydigan antroponim, toponim, glyutonim, etnonimlar semantik guruhlariga oid tahlillar, asarlarning xitoy adabiy tili takomilidagi o‘rni, qolaversa, tarixiy asarning xitoy tili leksikasida o‘z qatlamni tiklashdagi ahamiyati borasidagi tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros ob’ektlari va san’at ashyolarini restavratsiya qilish ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Madaniy meros ob’ektlari va san’at ashyolarini restavratsiya qilish ilmiy-tadqiqot markazi 2023-yil 21-fevraldagi 12-son ma’lumotnomasi). Natijada markazda tashkil etilgan seminarda Sharq madaniy merosini badiiy nasr namunalari orqali chuqurroq o‘rganish, xususan, xitoy madaniy merosida Ming davri romanlarining o‘rni, davr romanlarida xalq madaniyati, urf-odatlari, an’ana va falsafiy qarashlarini til birliklari vositasida tasvirlangani haqida bilimlarni kengaytirishga xizmat qilgan;
Xitoy Ming davri nasri namunasi “Uch shohlik” (《三国演义》)ning syujet qurilishi va asarning xitoy adabiy tili rivojiga qo‘shgan hissasi yuzasidan olingan xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali “Efirda biz” kursatuvining maxsus sonini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Dunyo bo‘ylab” telekanali davlat muassasasi 2022-yil 2-fevraldagi 03-14-40-son ma’lumotnomasi). Natijada XIV-XV asr xitoy va turkiy xalqlar badiiy nasrining o‘xshash va farqli jihatlari ochib berilgan. Ikki xalq adabiy yodgorliklaridagi unikaliyalar chog‘ishtirish yo‘li bilan asoslangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish