Ibragimova Rayxona Abdimajitovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʼi nomi): “Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalar inglizcha tarjimalarining lingvopragmatik tadqiqi”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Fil2250.
Ilmiy rahbar: Xoshimova Dildora Madaminovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik–texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat chet tillari instituti, PhD.03/29.12.2022.Fil.156.01.
Rasmiy opponentlar: Raupova Laylo Rahimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Nematilla Otajonov, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy mahorati va “Boburnoma” matnidagi realiyalar va milliy udumlarning lingvopragmatik hamda lingvomadaniy xususiyatlarini ingliz tarjimonlari Leyden-Erskin, A.Beverij va V.Tekston tarjimalari orqali ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“Boburnoma”dagi milliy udumlar va realiyalarning qiyosiy-chog‘ishtirish tahlillari natijasida, asardagi realiyalar leksik-ma’noviy jihatdan uchta yirik mavzuiy guruhga: geografik, etnografik, ijtimoiy va siyosiy realiyalarga ajratilib, ushbu yirik guruhlar ularni tashkil etuvchi onomastik, maishiy hayotga xos bo‘lgan, ma’muriy-hududiy birliklar, musiqa va madaniyatga oid, xarbiy, diniy realiyalar kabi kichik xos so‘zlar guruhchalariga tasniflandi va shular asosida ingliz tiliga nisbatan qiyosiy lingvomadaniy jihatlari aniqlangan;
“Boburnoma” asaridagi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston xalqlari milliy va diniy udumlari (yuzochdi, beshikkerti, qirq marosimi kabilar) va geografik realiyalar (Isfara, Voruh, Mirshoh qavchin, Sayyid Qosim eshikog‘a jaloyir, subhoniy, tobulg‘u yig‘ochi, ayiq o‘ti kabilar), maishiy hayotga xos bo‘lgan realiyalar (pashoyi, parojiy, to‘n, belbog‘, bo‘rk, ayvon, chordara kabilar), pul va o‘lchov birliklari (dirham, dinor, ashrafiy; lak, karor), musiqa va madaniyat bilan bog‘liq realiyalar (naqsh, nay, g‘ijjak kabilar) tarjimalarining leksik, semantik va lingvopragmatik jihatlari tarjimashunoslikning adekvatlik xususiyati asosida ochib berilgan;
“Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning leksik-semantik mohiyati, kognitiv-pragmatik, dennotativ hamda konnotativ jihatlari aniqlanib, nuhrang, subhoniy, ud kabi realiyalarning to‘liq pragmatik muvofiqlikda, shuningdek qonun, g‘ijjak kabi realiyalar; yukunib salomlashish, yilqiron oshi kabi marosim nomlari tarjimalarining pragmatik nomuvofiqlikda amalga oshirilganligi ochib berilgan;
“Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va geografik, etnografik, ijtimoiy-siyosiy realiyalar tarjimalari lingvomadaniy ekvivalensizlik hodisasi, ularning kontekstdagi muhimlik darajasi, lingvokulturologik tabiati, vaqtga nisbatan nisbiylik, tarjimon shaxsi, asliyat va tarjima tillari lisoniy tizimlarining imkoniyatlari kabi omillarni hisobga olgan holda amalga oshganligi dalillangan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning pragmatik va lingvokulturologik xususiyatlarini qiyosiy tipologik tadqiq qilish jarayonida ishlab chiqilgan takliflar asosida:
“Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning lingvistik talqini, uni tilshunoslikdagi ahamiyatli jihatlariga aloqador materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida bajarilgan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” (2017-2020-y.y.) mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani amalga oshirishda dissertatsiya ilmiy natijalari va xulosalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi 2023-yil 24-martdagi 17-01/45-3-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning ingliz va o‘zbek tillarida struktur-semantik, lingvokulturologik hamda pragmatik xususiyatlarini tilshunoslik nuqtai-nazaridan aniqlash, milliy udumlar va realiyalarning leksik-semantik mohiyatini, kognitiv-pragmatik, dennotativ hamda konnotativ, diaxron va sinxron jihatlarini yoritish, tarjima qilish jarayonida tug‘iladigan muammolarni, transformatsion jarayonlarni aniqlab, ularni adekvat o‘girishga qulay tarjima usullari bo‘yicha ilmiy-nazariy tavsiyalarni shakllantirish hamda tarjimon uslubi va mahoratini badiiy tarjima matnlari vositasida dalillash, ingliz va o‘zbek tillarida milliy udumlar va realiyalarning leksik-ma’noviy, strukturaviy turlarini tasniflash, ularni ifodalash bilan bog‘liq belgilarni ko‘rsatib berishga doir ilmiy xulosa va natijalardan loyihaning nazariy asosini mustahkamlashda foydalanilgan;
“Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning tarjima qilish muammolari va ularning lingvokulturologik hamda pragmatik xususiyatlari to‘g‘risida, shuningdek mumtoz asarlarni tarjima qilish tamoyillariga oid ilmiy xulosalardan Farg‘ona davlat universiteti S-UZ800-20-GR-0040 “2020-2022 Access Microscholarship Program Fergana State University” mavzusidagi xalqaro loyiha doirasida foydalanilgan (Farg‘ona davlat universiteti 2023-yil 5-apreldagi 01-1333-son ma’lumotnomasi). Natijada adekvat tarjima usullari bo‘yicha ilmiy-nazariy tavsiyalarni shakllantirish, tarjimon mahoratini badiiy tarjima matnlari vositasida ifodalash, ingliz va o‘zbek tillarida milliy udumlar va realiyalar bilan bog‘liq belgilarni ko‘rsatib berishga doir ilmiy xulosa va natijalardan loyihaning nazariy asosi mukammallashtirilgan;
“Boburnoma” matnidagi milliy udumlar va realiyalarning pragmatik xususiyatlari, Zahiriddin Muhammad Boburning milliy udumlar va realiyalarni ifodalashdagi tahliliy fikr va nazariy xulosalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Munosabat”, “O‘zbekiston tarixi”, “Ijod zavqi”, “Ta’lim va taraqqiyot” ko‘rsatuvlarining senariylarini tayyorlashda (2022-2023-yillar davomida) foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” teleradiokanalining ma’lumotnomasi). Natijalar, o‘zbek xalqining asrlar davomida yaratgan o‘ziga xos badiiy tafakkurining betakror mo‘jizalarini o‘zida mujassamlashtirgan xalq an’analari, marosim va udumlari, urf-odatlari va milliy xususiyatlari, shuningdek Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan “Boburnoma” asarida tilga olingan Xuroson, Movarounnahr va Hindistonda ko‘rgan, kuzatgan voqea-hodisalari, xalqning turmush tarzi, o‘sha davrdagi milliy udumlar va an’analar xalq ma’naviyatini boyituvchi muhim omil sifatida yoritib berishga xizmat qilgan.