Yakubova Xurshida Muratovnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sug‘oriladigan massivlar suv tuz rejimi xususiyatlarini hozirgi holatini baholash (Sirdaryo o‘rta oqimining chap qirg‘og‘i misolida)», 11.00.03–Quruqlik gidrologiyasi. Suv resurslari. Gidrokimyo (geografiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/G54.

Ilmiy rahbar: Sherfedinov Lenzi Zeker`yaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tekshirish instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Gidrometeorologiya xizmati markazi Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish instituti, DSc.27.06.2017.G.47.01.

Rasmiy opponentlar: Chembarisov El`mir Ismailovich, geografiya fanlari doktori, professor; Muradov Shuxrat Odilovich, texnika fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: suv oqimi antropogen omillar ta’sirida o‘zgartirilgan sharoitda Sirdaryo o‘rta oqimi chap qirg‘og‘idagi sug‘oriladigan massivlarning suv-tuz balansining zamonaviy xususiyatlarini miqdoriy baholash usullarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Sirdaryoda transchegaraviy omillar ta’sirida daryoning gidrologik rejimi o‘zgarganligi, buzilganligi va oxirgi yillarda havzaning Mirzacho‘l hududida vegetatsiya davrida suv ta’minoti talabga qaraganda 60-70 foizga tushib qolishining sabablari ochib berilgan;

sug‘oriladigan erlarda suv tanqisligi ta’sirida aeratsiya katlami va sizot suvlari orasidagi suv-tuz almashinish jarayonlari baholangan va grunt suvlari sathini 2,5 metrdan pastda ushlab turish tartiboti yaratilgan;

dala tadqiqotlari asosida tuproqda namlik etarli bo‘lmagan holatlarda tuproq eritmasining konsentratsiyasi ortishi va sho‘rlanishiga bevosita ta’sir etishi xususiyatlari aniqlangan;

tuproq eritmasi konsentratsiyasini prognozlash va erlarning meliorativ holatni yaxshilash imkonini beradigan matematik model ishlab chiqilgan;

sug‘oriladigan maydonlarda (1,5-2 ming m3 gacha) suvni tejash asosida suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan texnik-texnologik tavsiyalar ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Sug‘oriladigan massivlarning suv-tuz balansini zamonaviy xususiyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

Sirdaryoda suv oqimi antropogen omillar ta’sirida o‘zgarishining zamonaviy xususiyatlarini tahlili asosida berilgan takliflar Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 02/08-206-son ma’lumotnomasi). Natijada ekinlarni kam sug‘orish oqibatida qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarning oldini olish imkoniyati yaratilgan;

sug‘orishning takomillashtirilgan usuli va optimal elementlarini tanlash, vegetatsiya davrida bir sug‘orish miqdoridagi suvni tejash bo‘yicha ilmiy tavsiyalar Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 apreldagi 02/08-206-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘oriladigan maydonlarda suvni tejab, suv ta’minotini yaxshilash, ulardan foydalanishga qaratilgan ilmiy asoslangan texnik-texnologik choralar er va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan rejalarni ishlab chiqishga imkon bergan; 

sug‘orishlar ta’sirida Sirdaryo o‘rta oqimidagi sizot suvlar balansini va rejimini hisoblash modeli, er osti suvlari zahirasiga bo‘ladigan ta’sirlari xaqidagi xulosalar Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 04/08spr.-son ma’lumotnomasi). Natijada sizot suvlari sathini optimal chuqurlikda (2,5 metrdan pastda) saqlab turish imkoniyati yaratilgan;

tuproqning aeratsiya qatlamida namlik va tuproq eritmasi konsentratsiyasini tartiblash bo‘yicha yaratilgan matematik model va gidrogeologik-meliorativ sharoitlarni yaxshilashga, irrigatsiya tizimlaridan bo‘ladigan suv yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan natijalar Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining 2018 yil 4 maydagi 04/08spr.-son ma’lumotnomasi). Natijada sizot suvlari minerallashuvini 3,0 g/l dan pasaytirish va gidrogeologik-meliorativ sharoitni yaxshilab, erlarning meliorativ holatini barqarorlashtirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish