Xayrullaeva Kamola Ravshanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog'i): «XX asr inglizzabon va o‘zbek adabiyotida Bobur obrazi talqini», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog'ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro'yxatga olingan raqam: B2022.3.PhD/Fil2788.
Ilmiy rahbar: Quvvatova Dilrabo Habibovna, filologiya fanlari doktori,  professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko'rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Xajieva Feruza Melsovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. XX asrda inglizzabon va o‘zbek adabiyotida yaratilgan asarlarda Bobur obrazi tasviri bilan bog‘liq mushtarak va o‘ziga xos jihatlarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asr inglizzabon va o‘zbek nasrida tarixiy shaxslar obrazining badiiy gavdalantirilishi muayyan millatning etnik, madaniy va ijtimoiy normalarini mujassam etish tamoyilining yetakchiligida, tarixiy davr voqealari, faktlar, uzoq tarixda turli darajada nom qoldirgan podshohlar, sarkardalarning murakkab hayot yo‘li tarixiylik tamoyili orqali shartlanishi asoslangan;
Bobur haqida yaratilgan asarlarning janriy jihatdan tarixiy-biografik roman (P.Qodirov “Yulduzli tunlar”), roman-trilogiya (F.A.Stil “Sayohatchi qirol”),  biografiya (S.M.Edvards “Bobur: yozuvchi va jangchi”, M.La’l “Bobur: hayot va zamon”, S.F.Deyl “Sakkiz jannat bog‘lari”, “Bobur: temuriy shahzoda va mo‘g‘ul imperatori”), roman-epopeya (A.Rutherford “Mo‘g‘ul imperiyasi”), ma'rifiy roman (X.Sultonov “Boburiynoma”) kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi aniqlangan;  
Flora Anna Stilning “Sayohatchi Qirol” va Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarida Bobur portreti, xarakteri, syujetdagi mutanosiblik va tafovutlar Sharq hamda G‘arb dunyoqarashi nuqtayi nazaridan dinamik va statik portret nazariyasi, psixologik va psixofiziologik tahlil tamoyillari asosida dalillangan;  
Stefan Meredit Edvards o‘z asarlarida asarlarida Boburning jasorat va mardlikni turkiylardan (Amir Temur), cheksiz energiya va kuch-qudratni esa mo‘g‘ullardan (Chingizxon) meros qilib olganligini, dunyoviy ilmlarni mustahkam egallaganligi hamda do‘stparvar va xalqsevarligini; Muni La'l esa uning yetakchilik qobiliyati, harbiy sohada tengsizligi, bunyodkorligi, taraqqiyparvarligi, saxovatpeshaligi, rostgo‘yligini hayotiy tasvirlarda yoritganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. XX asr inglizzabon va o‘zbek adabiyotida Bobur obrazi talqini bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida:
XX asr inglizzabon va o‘zbek nasrida tarixiy shaxslar obrazining badiiy gavdalantirilishi muayyan millatning etnik, madaniy va ijtimoiy normalarini mujassam etish tamoyilining yetakchiligida, tarixiy davr voqealari, faktlar, uzoq tarixda turli darajada nom qoldirgan podshohlar, sarkardalarning murakkab hayot yo‘li tarixiylik tamoyili orqali shartlanishiga oid nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020 yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” mavzusidagi fundamental ilmiy loyihani bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 22-fevraldagi 01/4-359-son  ma'lumotnomasi). Natijada xorij va o‘zbek adabiyotshunosligida Bobur haqidagi yangi ilmiy-nazariy qarashlarni boyitishga erishilgan;  
Flora Anna Stilning “Sayohatchi Qirol” va P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanlarida Bobur portreti, xarakteri, syujetdagi mutanosiblik va tafovutlar Sharq hamda G‘arb dunyoqarashi nuqtayi nazaridan dinamik va statik portret nazariyasi, psixologik va psixofiziologik tahlil tamoyillari asosida ochib berilganligiga oid nazariy va amaliy materiallardan Samarqand davlat chet tillar institutida 2016-2018 yillarda amalga oshirilgan Evropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirish” mavzusidagi innovatsion tadqiqot loyihasini bajarishda foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2023-yil 6-fevraldagi 216/30.02.01-son maʼlumotnomasi). Natijada XX asr ingliz va o‘zbek adabiyotida yaratilgan Bobur obrazining tipologik xususiyatlarini aniqlash O‘zbekistonda ta’lim jarayonida Qiyosiy adabiyotshinoslik, Adabiyotshunoslikka kirish kabi fanlarni o‘qitishda ta’lim sifatini oshirishga muvaffaq bo‘lingan.
Bobur haqida yaratilgan asarlarning janriy jihatdan tarixiy-biografik roman (P.Qodirov “Yulduzli tunlar”), roman-trilogiya (F.A.Stil “Sayohatchi qirol”),  biografiya (S.M.Edvards “Bobur: yozuvchi va jangchi”, M.La'l “Bobur: hayot va zamon”, S.F.Deyl “Sakkiz jannat bog‘lari”, “Bobur: temuriy shahzoda va mo‘g‘ul imperatori”), roman-epopeya (A.Rutherford “Mo‘g‘ul imperiyasi”), ma'rifiy roman (X.Sultonov “Boburiynoma”) kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq xulosa va natijalardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida “Assalom, Buxoro”, “Najot bilimda” kabi ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2023-yil 3-fevraldagi 02-02-32-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi fikr-qarashlar teletomoshabinlarning o‘zbek, ingliz va hind adiblarining Bobur obrazi yaratilgan asarlar bilan yaqindan tanishishlariga imkon yaratgan, adabiy ko‘rsatuvlar ilmiyligi va ommabopligini ta'minlashga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish