Karshiev Usmon Temirovichning
falsafa doktori (PhD) Dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishining diagnostikasi va profilaktikasi”, 16.00.01 - Hayvonlar kasalliklari diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/V71
Ilmiy rahbar: Eshburiev Sobir Baxtiyorovich, veterinariya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Bakirov Baxtiyar, veterinariya fanlari doktori, professor; Mamatov Shavkat Sodiqovich, veterinariya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy - tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishlarining etiologiyasi, kechish xususiyatlari, simptomlarini o‘rganish hamda ertachi diagnostika va guruhli profilaktika qilish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Samarqand viloyatining quyonchilik xo‘jaliklari sharoitidagi xikol zotli quyonlarda kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishlari ratsiondagi kalsiyni 18,89%, fosforni 36,15%, hazmlanuvchi proteinni 8,52% va karotinni 35,5% ga etishmasligi oqibatida  kelib chiqishi aniqlangan;
quyonlarda kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishlari shilliq pardalarning anemiyasi, teri qoplamasining hurpayishi, yaltiroqligining pasayishi, qovurg‘a suyaklari orasida bo‘rtiqchalar paydo bo‘lishi, bola berishning 40-50% ga kamayishi  kabi xarakterli simptomlar bilan kechishi  ilmiy asoslangan;
quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishlari gipogemoglobinemiya, gipoglikemiya, gipokalsiemiya va gipofosforemiya hamda ishqoriy fosfataza fermenti faolligining oshishi bilan xarakterlanishi tajribalarda isbotlangan;
quyonlar kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishlarini oldini olishda Nova marks vitamin-mineralli premiksi (1kg/1 tonna granula shaklidagi omuxta emga) va Innoprovet probiotigini (1 litr suvga/1 g) qo‘llash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishining diagnostikasi va profilaktikasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
“Quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishlarining diagnostikasi va oldini olish usullari” bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 30-noyabr 02/23-526-son ma’lumotnomasi). Natijada quyonlarning kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishlarining sabablari, simptom va sindromlarini aniqlash asosida kasallikni ertachi diagnostika hamda profilaktika qilishga erishilgan;
quyonlarda kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishlarini dispanserlash asosida klinik tekshirishlar va qondagi gemoglobin miqdori, qon zardobidagi umumiy oqsil, umumiy kalsiy, anorganik fosfor hamda ishqoriy fosfataza fermenti faolligini aniqlashga asoslanib diagnostika qilish usuli ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 30-noyabr 02/23-526-son ma’lumotnomasi). Natijada quyonlarda kalsiy-fosfor almashinuvi buzilishlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga imkon yaratilgan;
quyonlarda kalsiy va fosfor almashinuvi buzilishlarini oldini olish uchun Nova Marks vitamin-mineralli premiksi 1kg/1 tonna hisobiga qo‘shilgan granulali em bilan oziqlantirish va Innoprovet probiotigini 1g/1 litr suv bilan aralashtirib berish usuli ishlab chiqilgan va quyonchilik xo‘jaliklarida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2023-yil 30-nayabr 02/23-526-son ma’lumotnomasi). Natijada quyonlar organizmida klinik-fiziologik ko‘rsatkichlarning me’yorda bo‘lishi hamda ulardan tug‘ilgan bolalarida tana vaznining o‘rtacha 28,4% ga yuqori bo‘lishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish