Qodirova Feruza Muhammadjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Paxtani mayda iflosliklardan tozalash mashinasi ishchi barabanining samarali konstruksiyasini ishlab chiqish” 05.02.03 – Texnologik mashinalar. Robotlar, mexatronika va robototexnika tizimlari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/T4215.
Ilmiy rahbar: Sarimsakov Olimjon Sharipjanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Namangan muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.09.2023.T.66.01 raqamli ilmiy kengash
Rasmiy opponentlar: Djo‘raev Sherzod Sobirjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent; Ergashev Jamoliddin Samatovich, texnika fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: paxtani mayda iflosliklardan tozalash uskunasi ishchi barabanining konstruksiyasini takomillashtirish orqali paxta tozalash jarayoni samaradorligini oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
paxta xomashyosini tozalash jarayoni matematik modelining tahlili asosida ishchi baraban qoziqchalari kesim o‘lchamining o‘zgarishi paxta massasiga beriladigan kuch impulsining o‘zgarishiga olib kelishini hisobga olgan holda paxta tozalash uskunasi ishchi barabanining qirralari paxtaga zarba beruvchi tishlar shaklida tayyorlangan slindrsimon, kvadrat disklardan iborat konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
tozalagich energiya sarfi va tozalash samaradorligi paxtaning ifloslik darajasi va ishchi silindr aylanish tezligiga bog‘liqligi asosida, paxta tozalash qurilmasining paxtadagi ifloslik darajasiga ko‘ra ishchi silindr tezligini rostlovchi SCADA tizimi ishlab chiqilgan;
uskuna tozalash samaradorligining paxtaga zarba beruvchi tishlar, tishlar bilan to‘rli sirt orasidagi masofaning bog‘lanish regressiya tenglamalari asosida ishchi silindr disklari, tishlar uchi bilan to‘rli sirt orasidagi masofaning ratsional parametrlari aniqlangan;
uskuna tozalash samaradorligining paxtaga zarba beruvchi tishlar tezlik parametrlari va paxta harakati qonuniyatlariga bog‘liqligi asosida, tozalash jarayonida paxta harakatini tahlil qiluvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Paxta tozalash qurilmasining samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilgan  nazariy va amaliy tadqiqotlarda olingan natijalar asosida:
kvadrat po‘lat disk qirralari diagonali bo‘ylab chiqarilgan tishga ega bo‘lgan tozalash silindrlari o‘rnatilgan paxta tozalash uskunasi “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi tasarrufiga kiruvchi korxonalarda, jumladan “Kosonsoy paxta tozalash” korxonasida ishlab chiqarishga joriy etilgan (“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasining 2024 yil 13 fevraldagi 03/22-90 son ma’lumotnomasi). Natijada paxta tolasidagi ifloslik va nuqsonli aralashmalarning massaviy ulushi pasaygan, tola sifati bir sinf yuqoriga ko‘ratilgan, hamda paxta tozalash mashinasi samaradorligini 53% dan 61% ga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish