Maxmudova Dilfuza Melievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Talabalarda mustaqil ijodiy faoliyatni rivojlantirish jarayonlarida muammoli masalalardan foydalanish”, 13.00.02-Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (matematika) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Ped249.
Ilmiy rahbar: Mamatov Mashrabjon Shaxabutdinovich, fizika- matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, DSc. 28.12.2017.Ped.01.09.
Rasmiy opponentlar: Abduqodirov Abduqahhor Abduvakil`evich, pedagogika fanlari doktori, professor; Axmedov Soxibjon Akbarovich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: muammoli matematik masalalardan foydalanish asosida oliy ta’lim muassasalari talabalarining mustaqil ijodiy faoliyatini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
talabalar ijodiy faoliyati darajasini baholashning matematik fikrlashga asoslangan prognostik va kvalimetrik parametrlari tarkibi muammoli variativ matematik masalalar elementlari asosida aniqlashtirilgan;
talabalar ijodiy faoliyatini rivojlantirishning mazmuni va tashkiliy tuzilmasi muammoli matematik masalalarning didaktik xususiyatlariga ko‘ra tizimlashtirish va fanlararo bog‘liqlikdagi dinamik xossalariga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan;
oddiy differensial tenglamalar va geometrik masalalarga oid elektron dasturiy vositalar hamda mustaqil fikrlash, bashoratlash, tanqidiy baholash, kreativlikka yo‘naltirilgan o‘qitish metodlarni integratsiyalash asosida talabalar ijodiy faoliyatida motivatsion, hissiy-emotsional, kommunikativ rivojlanish darajalarini oshirishning metodik imkoniyatlari takomillashtirilgan;
muammoli matematik masalalarni echishga qaratilgan integrativ yondashuvli interfaol va an’anaviy metodlar asosida talabalar ijodiy faoliyatini rivojlantirish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarida mustaqil ijodiy faoliyatni rivojlantirish jarayonlarida muammoli masalalardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari asosida:
muammoli matematik masalalarni tizimlashtirish, talabalar ijodiy faoliyatini rivojlantirishning mazmuni va tashkiliy tuzilmasi, ijodiy faoliyat darajasini baholashga oid takliflari A-4-13 raqamli “Elektrospinning usulida fibroin, xitozan va akritonitril sopolimeri asosida nanotolali noto‘qima materiallar olish texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha doirasida “Polimerlarfizikasi” fanidan laboratoriya ishlari hamda “Nanofizika va materialshunoslik” fanlari o‘quv mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 89-03-2403-son ma’lumotnomasi). Natijada muammoli matematik masalalarni echish usullaridan foydalanish o‘lchamlar va birliklarni o‘zgarishini to‘g‘ri ifodalashda yuqori aniqlik va samaradorlikka erishishga imkon bergan;
talabalar ijodiy faoliyatini rivojlanish darajalari, pedagogik imkoniyatlar, integratsion yondashuvli interfaol va an’anaviy metodlardan foydalanishga oid takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 fevraldagi 103-sonli “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimidagi “Fizik jarayonlarni kompyuterda modellashtirish” hamda “Matematika fanlarini o‘qitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining qo‘llanilishi” modullari mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 89-03-2403-son ma’lumotnomasi). Mazkur o‘quv modullari muammoli matematik masalalarni echish usullaridan foydalanish, o‘lchamlar va birliklarni o‘zgarishini to‘g‘ri ifodalashda yuqori aniqlik va samaradorlikka erishishga xizmat qilgan;
talabalarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan muammoli matematik masalalarni integratsion yondashuv orqali interfaol va an’anaviy metodlari vositasida o‘qitish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalardan oliy ta’lim muassasalarida “Oliy matematika” fanini o‘qitishning metodik tizimini takomillashtirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 26 iyundagi 89-03-2403-son ma’lumotnomasi). Mazkur metodik taklif va tavsiyalar talabalarni mustaqil ijodiy faoliyatini rivojlantirishning amaliy-texnologik tizimini takomillashtirishga imkoniyat yaratgan.