Sayt test rejimida ishlamoqda

Boboumarova Munira Kurbanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi “Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazorati”, 12.00.07–Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Yu693.
Ilmiy rahbar: Djuraev Ixtier Baxtiyarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Abzalova Xurshida Mirziyatovna, yuridik fanlar doktori, professor; Davletov Valisher Hakimjanovich, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Etakchi tashkilot: Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini tashkillashtirish, uning normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining, voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) idoralararo komissiyalarining faoliyati isloh etilib, ular tegishincha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) komissiyalari etib qayta tashkil etishi asoslantirilgan;
respublika oliy ta’lim muassasalarida Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi asoslantirilgan;
jinoyat ishlarini sudga qadar va sud ishini yuritish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkinligi asoslantirilgan;
davlat organlari va tashkilotlarining ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning va mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomani belgilangan shaklini o‘zining rasmiy veb-sahifasida joylashtirish lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ilmiy tadqiq etish yuzasidan olingan natijalar asosida:
“Voyaga etmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyasi”ni “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar”iga almashtirish haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘gʻrisida”gi Qonunining 8-moddasi 3- va 4-qismlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish va qo‘mitasining 2024-yil 31-yanvardagi 000168-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning kiritilishi milliy va xorijiy amaliyot asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan choralarning aniq maqsadga yo‘naltirilishiga xizmat qilgan;
respublika oliy ta’lim muassasalarida Aksilkorrupsiya kovorking markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘gʻrisida”gi PQ-300-son qarorning 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha 2023-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasining 89-maqsad, 25-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 13-dekabrdagi 23/23-1212-son dalolatomasi). Mazkur taklif P2P (tengdosh tengdoshga) tamoyili asosida yoshlarni korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda tarbiyalash imkoniyatini yaratishga xizmat qilgan;
jinoyat ishlarini sudga qadar va sud ishini yuritish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkinligi to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 25-oktyabrdagi 2584-IV-son qarori bilan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2023-yil 1-iyun kunidagi qirq birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘gʻrisida”gi Qonunning 2-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2024-yil 31-yanvardagi 04/2-09/14-son dalolatnomasi). Ushbu taklif jinoyat ishlarini sudga qadar va sud ishini yuritishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish va sud jarayonining adolatliligini ta'minlashga xizmat qilgan;
davlat organlari va tashkilotlarining ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning va mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomani belgilangan shaklini o‘zining rasmiy veb-sahifasida joylashtirish to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 25-oktyabrdagi 2584-IV-son qarori bilan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2023-yil 1-iyun kunidagi qirq birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘gʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi 3-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2024-yil 31-yanvardagi 04/2-09/14-son dalolatnomasi). Ushbu taklif Prokuratura organlarining prokuror nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish bilan bog‘liq munosabatlarni samarali tartibga solishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish