Soatov Rasul Muxitdinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Mashrab dunyoqarashida tasavvufiy g‘oyalar tadqiqi”, 09.00.03 – Falsafa tarixi (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fal382
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02
Ilmiy rahbar: Hoshimxonov Mo‘min, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent.
Rasmiy opponentlar: Norov Taji Omonovich, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent; Mahmudov Ravshanbek Jalilovich, falsafa fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Boborahim Mashrabning diniy-tasavvufiy merosining umuminsoniy va insonparvarlik mohiyatini yoritish hamda uning jahon falsafiy tafakkuri rivojidagi o‘rnini ochib berishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Boborahim Mashrab merosining davr ijtimoiy-ma’naviy muhitiga ta’siri natijasida mutafakkirning yassaviya, naqshbandiya, kubroviya tariqatlari targ‘ibotchisi sifatida salaflar g‘oyalarini ijtimoiy adolat tamoyili darajasida tatbiq etgani isbotlangan;
Mashrab zamondoshlari bo‘lgan mutafakkirlar So‘fi Olloyor, Xojamnazar Huvaydo va Saido Nasafiy kabi ulug‘ allomalarning ta’limiy-axloqiy, diniy-tasavvufiy, Vatan, millat to‘g‘risidagi ilg‘or fikrlarini yangi darajada talqin qilgani va bu yoshlar ma’naviy kamolotida birlamchi omilga ega ekanligi dalillangan;
Mashrab Maxdumi A’zam, Ofoqxoja, Yassaviy, Navoiy, Hofiz Sheroziy, Lutfiy, Nasimiy kabi salaflari tasavvufiy-irfoniy, gumanistik mumtoz-falsafiy qarashlari an’analarini davom ettirib, turkiy mutafakkirlar ichida insonni axloqiy komillikka undovchi o‘ziga xos tasavvufiy uslubda meros yaratganligi isbotlangan;
Boborahim Mashrab dunyoqarashida markaziy o‘rin egallagan tasavvufiy g‘oyalar bilan bogʻliq nafs tarbiyasi, barkamol inson, elparvarlik, millatparvarlik, vatanparvarlik haqidagi gumanistik qarashlari bugungi jamiyat taraqqiyotida muhim ijtimoiy xususiyatga ega ekanligi falsafiy asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Mashrab dunyoqarashida tasavvufiy g‘oyalar tadqiqi, undagi ilmiy takliflar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Mashrabning ijtimoiy-tasavvufiy merosi, uning yassaviya, naqshbandiya, kubroviya tariqatlari targ‘ibotchisi, salaflar g‘oyalarini ijtimoiy himoya tizimida adolat tamoyilini tatbiq etishga oid taklif va tavsiyalardan Jizzax viloyati “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazi tomonidan 2018-2019-yillarda bajarilgan “Aholi huquqiy madaniyatini yuksaltirishda jamoatchilik ta’sirini oshirishning innovasion yo‘llarini joriy etish” mavzusidagi 68-11/78 raqamli amaliy grant loyihasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyat “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazining 2022-yil 12-oktyabrdagi 16-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur grant loyihasida belgilangan chora-tadbirlar, ta’lim tizimida talabalarning ma’naviy madaniyati va ijtimoiy mas’uliyatini oshirish borasidagi vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilgan;
Mashrab zamondoshlari bo‘lgan mutafakkirlar So‘fi Olloyor, Xojamnazar Huvaydo va Saido Nasafiy kabi ulug‘ allomalarning ta’limiy-axloqiy, diniy-tasavvufiy, Vatan, millat to‘g‘risidagi ilg‘or fikrlarini yangi darajada talqin qilgani va bu yoshlar ma’naviy kamolotida birlamchi omilga ega ekanligiga oid taklif va tavsiyalardan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining IV yo‘nalishida belgilangan “Yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlar, kattalarga hurmat, yoshlarga g‘amxo‘rlik, ezgulik va insoniylik, mehribonlik va bag‘rikenglik, Vatan va xalqiga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida “Ajdodlarga munosib voris bo‘laylik” nomli 18-bandi ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining 2023-yil 28-fevraldagi 60-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertasiyada ilgari surilgan takliflar, tavsiyalar yoshlarda yuksak ma’naviy fazilatlar, kattalarga hurmat, yoshlarga g‘amxo‘rlik, ezgulik va insoniylik, mehribonlik va bag‘rikenglik, Vatan va xalqiga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qilgan;
Mashrab Maxdumi A’zam, Ofoqxoja, Yassaviy, Navoiy, Hofiz Sheroziy, Lutfiy, Nasimiy kabi salaflari tasavvufiy-irfoniy, gumanistik mumtoz-falsafiy qarashlari an’analarini davom ettirib, turkiy mutafakkirlar ichida insonni axloqiy komillikka undovchi o‘ziga xos tasavvufiy uslubda meros yaratganligiga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturidagi VI.“Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlari”ning “Milliy madaniyat va ma’naviyatni rivojlantirish, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarni saqlash va boyitish sohasida” nomli 6.1 bandi va “Milliy, tarixiy-ilmiy madaniyat va manbalarni o‘rganish va targ‘ib etish” nomli 6.3 bandlari ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2022-yil 14-dekabrdagi 02/02-259-son ma’lumotnomasi). Natijada, partiya tizimidagi xodimlarining siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, o‘quv-uslubiy hamda mafkuraviy targ‘ibot ishlarini samarasini oshirishga xizmat qilgan;
Boborahim Mashrab dunyoqarashida markaziy o‘rin egallagan tasavvufiy g‘oyalar bilan bogʻliq nafs tarbiyasi, barkamol inson, elparvarlik, millatparvarlik, vatanparvarlik haqidagi gumanistik qarashlari bugungi jamiyat taraqqiyotida muhim ijtimoiy xususiyatga ega ekanligiga oid ilmiy asoslangan xulosalar va taklif-tavsiyalardan Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yilda efirga uzatilgan “Assalom Jizzax” va “Tarix tilga kirganda” ko‘rsatuvlarining dastur ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Jizzax viloyat teleradiokompaniyasining 2023-yil 10-noyabrdagi 14-11/823-son ma’lumotnomasi). Natijada, olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarida, mamlakatimiz yoshlari ongida ijtimoiy-siyosiy islohotlarning mohiyatini tushuntirishda ilmiy-nazariy manba sifatida xizmat qilgan.