Qarshiev Ma’rufjon Tolipovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tarkibida fosfor va kremniy bo‘lgan organik biomodifikatorlar olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/T3829.
Ilmiy rahbar: Nurqulov Fayzulla Nurmuminovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Qarshi davlat universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti, DSc.16/30.12.2019.K/T.87.01.
Rasmiy opponentlar: Yodgorov Normuxammad, kimyo fanlari doktori; Fayziev Jahongir Bahromovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tarkibida fosfor va kremniy saqlovchi organik biomodifikatorlar olishning texnik iqtisodiy samarador texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kraxmal, natriy karboksimetil kraxmal, ammoniy polifosfat, ammofos, natriy metasilikat kabi kimyoviy birikmalardan organik biomodifikatorlar olingan;
tarkibida fosfor va kremniy saqlovchi organik biomodifikatorlar olishning optimal nisbatini va fizik-kimyoviy xossalari aniqlangan;
organik biomodifikatorlar bilan polietilen asosidagi polimerlarni 170-190oC haroratlarda modifikatsiyalashning optimal nisbatlari va jarayonni olib borishning sharoitlari aniqlangan;
modifikatsiyalangan polietilen asosidagi polimerlarga fosfor va kremniy organik biomodifikatorlarni ta’siri natijasida tabiiy destruksiyalanish darajasi 0 balldan 3 ballgacha, olovbardoshlik ko‘rsatgichi bo‘yicha kislorod indeksi 18,5 dan 25,9 % gacha yaxshilanganligi ilmiy asoslangan;
tarkibida fosfor va kremniy saqlovchi organik biomodifikatorlar bilan modifikatsiyalangan polietilen polimerlarini fizik-mexanik xossalari bo‘yicha deformatsiyalanishi 300% gacha yaxshilanganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tarkibida fosfor va kremniy bo‘lgan organik biomodifikatorlar olish texnologiyasini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarkibida fosfor va kremniy saqlagan organik biomodifikatorlar asosida polimer materiallarni modifikatsiyalash “Seven Systems” va “Staterm” MChJ korxonalarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligining 2023 yil 20 iyundagi 6/4/38-1730-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yongʻinbardosh va bioparchalanuvchi polimer materiallarni olish uchun organik biomodifikatorlar ishlab chiqarishni yoʻlga qo‘yish imkonini bergan;
olingan biomodifikatorlar bilan modifikatsiyalangan biologik parchalanuvchi sintetik polimer materiallar “Seven Systems” va “Staterm” MChJ korxonalarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirligining 2023 yil 20 iyundagi 6/4/38-1730-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, biomodifikatorlar olish texnologiyasi va tashkilot standarti ishlab chiqilgan hamda iqtisodiy samaradorligini o‘rtacha 14,1 % ga oshirish imkonini bergan.