Taniev Mirzohid Xurramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridagi asinxron generatorlarni ishlash jarayonini takomillashtirish”, 05.05.01 – “Energetika tizimlari va majmualari” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T2676.
Ilmiy rahbar: Toirov Olimjon Zuvurovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Ishnazarov Oybek Xayrilaevich, texnika fanlari doktori, professor; Umarov Shuxrat Badreddinovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: shamol va suv oqimi tezliklari o‘zgarishida elektr ta’minoti tizimi bilan parallel ishlovchi faza rotorli asinxron generator tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
amaldagi tarmoq bilan parallel ishlash shartini hisobga olib shamol oqimi tezliklari turlicha o‘zgarishida asinxron generatorning tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimi hamda maksimal quvvat uzatish imkonini beruvchi boshqariladigan shamol elektr qurilmasi yaratilgan;
asinxron generatorning energiya samaradorligini ta’minlash mezoni asosida sig‘im va qo‘shimcha aktiv qarshiliklarni tanlash hamda generatorning rotor chulg‘amiga qarshilik kiritish orqali uning aylanish tezligini keng diapazonda rostlash usuli takomillashtirilgan;
turli suv oqimi tezliklari o‘zgarishida texnologik va ekspluatasion omillarni e’tiborga olib boshqariluvchi asinxron generatorning quvvat ishlab chiqarishini aniqlovchi matematik model regression tahlillar asosida takomillashtirilgan;
turli shamol va suv oqimi tezliklari o‘zgarishida asinxron generatorning aylanish tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimining funksional sxemasi va elektr energiyasi sifat ko‘rsatkichlarining me’yoriy qiymatlarini ta’minlovchi nazorat - boshqaruv tizimi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shamol va suv oqimi tezliklari o‘zgarishida elektr ta’minot tizimi bilan parallel ishlovchi faza rotorli asinxron generator tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
asinxron generatorning tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimi hamda maksimal quvvat uzatish imkonini beruvchi boshqariladigan shamol elektr qurilmasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modeliga patenti olingan (Amaldagi tarmoq bilan parallel ishlovchi boshqariluvchi shamol elektr qurilmasi, FAP 20230311, 30.08.2023 y.). Natijada shamol oqimi tezliklari turlicha o‘zgarishida asinxron generatorning tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimi hamda maksimal quvvat uzatish imkoniyati yaratilgan;
sig‘im va qo‘shimcha aktiv qarshiliklarni tanlash hamda generatorning rotor chulg‘amiga qarshilik kiritish orqali uning aylanish tezligini keng diapazonda rostlash usuli “O‘zbekgidroenergo” AJ ning “Hisorak GES” unitar korxonasida joriy etilgan (“O‘zbekgidroenergo”AJ ning 2023 yil 6 noyabrdagi 02-28/3227 son ma’lumotnomasi). Natijada, elektr ta’minoti tizimi bilan parallel ishlovchi asinxron generatorning quvvat koeffisientini 5-22% ga oshirish hamda maksimal quvvat ishlab chiqarish rejimida ishlashini ta’minlash imkoniyati yaratilgan;
asinxron generatorning aylanish tezligini rostlaydigan avtomatik boshqarish tizimining funksional sxemasi va elektr energiyasi sifat ko‘rsatkichlarining me’yoriy qiymatlarini ta’minlovchi nazorat - boshqaruv tizimi “O‘zbekgidroenergo” AJ ning “Hisorak GES” unitar korxonasida joriy etilgan (“O‘zbekgidroenergo”AJ ning 2023 yil 6 noyabrdagi 02-28/3227 son ma’lumotnomasi). Natijada, avtomatik qurilmaning elektr boshqaruv sxemasi va sifat ko‘rsatkichlarini nazorat - boshqaruv tizimini qo‘llash orqali xorijiy analoglarga nisbatan qiyoslanganda iqtisodiy samaradorlik 163,386 mln. so‘mni tashkil etgan.