Xudjamova Kamolaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): «Kamsitilishga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy asoslari», 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Yu1359.
Ilmiy rahbar: Tillabaev Mirzatillo Alisherovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: DSc.11/25.08.2022.Yu.24.01
Rasmiy opponentlar: Yuldasheva Govxerjan, yuridik fanlar doktori, professor; Fayzullaeva Nigorakhon Ravshanovna, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi kamsitishga qarshi kurashish sohasida xalqaro majburiyatlarning amalga oshirilishini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat .
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dissertatsiyaviy tadqiqoti darajasida kamsitishning oldini olish va undan himoya qilish muammolarini, shuningdek, ushbu sohada mavjud nazariya va huquqni qo‘llash amaliyotini rivojlantirishni har tomonlama o‘rganishdir, xususan:
milliy yoki etnik, diniy va lingvistik ozchiliklarga mansub shaxslarning, shu jumladan xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida hamda nizolarning oldini olish, hal qilish, vositachilik, mojarodan keyingi tiklanish, tinchlikni saqlash, osoyishtalikni ta’minlash va tinchlikni mustahkamlash bo‘yicha faoliyatlarni amalga oshirishda to‘liq, teng va salmoqli ishtirokini ta’minlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan;
irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq bo‘lgan murosasizlikka qarshi kurashishda aniq harakatlarga o‘tish zarurligi asoslab berilgan;
Konstitusiyada inson huquq va erkinliklarini, uning xavfsizligini, majburiyatlarini ta’minlashni huquqiy tartibga solish va mustahkamlash bilan bog‘liq masalalarni hal etish zarurligi asoslab berilgan;
“Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarurati, shuningdek, ushbu sohada davlat dasturlari va strategiyalarni ishlab chiqishda yangi yondashuvlarni yanada kengroq joriy etish muhimligi ilmiy asoslangan;
“kamsitilish” atamasi va tushunchasining kelib chiqishi va rivojlanish qonuniyatlari, uning huquqiy kategoriya sifatidagi xususiyatlari hamda dunyoda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqda ilgari ko‘zda tutilmagan kamsitishning yangi shakllari, asoslari va turlarining paydo bo‘lish tendensiyalari, kamsitishdan himoyalangan shaxslar doirasining kengayishi, shuningdek, ushbu hodisaga qarshi kurashish doirasidagi yondashuvlarning o‘zgarishi o‘rganib chiqilgan;
BMT shartnomaviy organlarining davlatlar, xususan, O‘zbekistonning kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish sohasidagi milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yuzasidan faoliyati tahlil qilingan;
qiyosiy o‘rganish asosida O‘zbekistonning kamsitishni taqiqlash va unga qarshi kurashish sohasida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, barcha odamlarga o‘z huquqlarini va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishda teng imkoniyatlarni va erkinliklarni yaratishda ijobiy xalqaro tajribadan foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ilmiy-tadqiqot natijalariga ko‘ra quyidagilarni amalga oshirish kerakligi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi:
milliy yoki etnik, diniy va lingvistik ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadiga erishish, shu jumladan, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash va marginallashuv muammosini hal etish, shuningdek, ularni jamiyat va davlat boshqaruvi jarayoniga jalb qilish orqali ularga nisbatan kamsitishning har qanday turlariga barham berish to‘gʻrisidagi taklif O‘zbekistonning ushbu sohadagi pozisiyasini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi huzuridagi Doimiy vakolatxonasi 23-18-son dalolatnomasi). Ushbu taklif BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2022-yil 31-martdagi 49/14-sonli rezolyusiyasi 6(e)-bandining tahririda o‘z ifodasini topgan: “milliy yoki etnik, diniy va lingvistik ozchiliklarga mansub shaxslarning, shu jumladan xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qarorlar qabul qilishning barcha darajalaridagi, shuningdek, nizolarning oldini olish va ularni hal qilish, vositachilik, mojarodan keyingi tiklanish, tinchlikni saqlash, osoyishtalikni ta’minlash va tinchlikni mustahkamlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishdagi to‘liq, teng va salmoqli ishtirokini ta’minlash;
irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq bo‘lgan murosasizlik inson huquqlaridan foydalanishga chuqur salbiy ta’sir ko‘rsatishini va shuning uchun davlatlar tomonidan ushbu holatlarga nisbatan umumiy va har tomonlama javob choralarini ko‘rish hamda holatlar yuzasidan aholining xabardorligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashni talab qilish kerakligi tan olingan. Dissertatsiya muallifining tegishli takliflari Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 2022-yil 7-oktyabrdagi 51/32-sonli “So‘zdan amalga: irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va unga bog‘liq bo‘lgan murosasizlikka qarshi kurashish uchun aniq harakatlarga global chaqiriq” qarorining 6 va 9-bandlariga kiritilgan (O‘zbekistonning BMTning Jenevadagi bo‘limi huzuridagi Doimiy vakolatxonasining UZ/23-18-son dalolatnomasi). Xususan, 6-band “Davlatlarga Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘gʻrisidagi xalqaro konvensiyaning 14-moddasiga muvofiq Qo‘mita vakolatini tan olgan holda irqiy kamsitishni tugatish to‘gʻrisida, o‘z yurisdiksiyasi doirasidagi shaxslar yoki shaxslar guruhining shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish”, shuningdek, 9-band “Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga qo‘shimcha standartlarni ishlab chiqish to‘g‘risida” zarur bayonot berishni tavsiya qilgan;
xotin-qizlar va aholining boshqa toifalariga nisbatan kamsitishning oldini olish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining yangi tahriri 21-modda (Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat ... jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin), 42-modda (Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi) va 57-modda (Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir) qoidalarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2022-yil 29-dekabrdagi 04/10-10-207-son ijrosi to‘g‘risidagi dalolatnomasi); Natijada yangi Konstitusiyada ushbu qonunlar qabul qilingan;
“Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya va inson huquqlari sohasidagi boshqa xalqaro hujjatlar qoidalarini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda tenglik va kamsitilmaslik tamoyillarini amalga oshirishga bag‘ishlangan maxsus keng qamrovli qonun (yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat) loyihasini ishlab chiqishga doir takliflar “Tenglik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 2023-yil 21-noyabrdagi 01/1195-son dalolatnomasi). Natijada “Tenglik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi“Tenglik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan.