Doniyorxodjaeva Nilufarning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sohasida korrupsiyaga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy masalalari», 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Yu224.
Ilmiy rahbar: Raxmankulov Mir-Akbar Hodji-Akbarovich, yuridik fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: DSc.11/25.08.2022.Yu.24.01
Rasmiy opponentlar: Sulaymanov Odiljon Rabbimovich, yuridik fanlari doktori, dotsent; Raximova Muattara Abdusattarovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi xalqaro-huquqiy normalar va standartlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sohasida korrupsiyaga qarshi kurashni huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha alohida davlat organini shakllantirish zaruriyati va bu choraning Jakarta prinsiplarining O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga implementatsiya qilinishini o‘zida aks ettirishi asoslantirilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirishi va amalga oshirishi, har yili korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy ma’ruzani tayyorlashi va Prezident hamda Oliy Majlis palatalariga ko‘rib chiqish uchun kiritishi, turli darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar va komissiyalar bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tekshirish natijalarini har tomonlama tahlil qilishi hamda jamiyat va davlat manfaatlariga etkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi asoslantirilgan;
daromadlar va mulk haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ularni qayta ishlash va tekshirish bo‘yicha elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, banklar tizimida jismoniy shaxslarga kredit ajratishda biometrik ma’lumotlarni (barmoq izlari yoki yuz tuzilishi) tekshirish yo‘li orqali Davlat personallashtirish markazi bilan integratsiyalangan mijozlarni identifikatsiyalashni joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar zaruriyati asoslantirilgan;
xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligi, bunda halol raqobatni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda obektiv mezonlardan foydalanish, samarali monitoring va nazorat tizimini yaratish, qonunchilik talablariga muvofiq qoidabuzarliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni chop etish va tartib-taomillarni amalga oshirish orqali korrupsiyaning oldini olish choralarining ustuvor hisoblanishi asoslantirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etilishi. O‘zbekiston Respublikasi bank-moliya sohasida korrupsiyaga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy masalalari bo‘yicha tadqiqotning ilmiy natijalari asosida quyidagi takliflar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi:
korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Jakarta prinsiplariga asosan alohida davlat organini shakllantirish zaruriyati haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PQ–5953-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 55-bandida foydalanilgan («Taraqqiyot strategiyasi» markazining 2022-yil 29-sentyabrdagi 1423-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan yagona ixtisoslashtirilgan davlat organini shakllantirish imkonini bergan, bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish va muvofiqlashtirishga, ularning amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga, shuningdek, ushbu sohadagi turli davlat tuzilmalari o‘rtasida vakolat va mas’uliyatni yanada aniqroq taqsimlashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirishi va amalga oshirishi, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish uchun kiritishi, turli darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan qo‘mitalar va komissiyalar bilan o‘zaro hamkorlik qilishi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tekshirish natijalarini har tomonlama tahlil qilishi hamda jamiyat va davlat manfaatlariga etkazilgan zararning qoplanishi ustidan nazoratni amalga oshirishi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 18-noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurash tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ–729-sonli Qonunining 9-moddasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2022-yil 5-oktyabrdagi 06–13/51-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning qabul qilinishi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlarini aniq belgilash orqali O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga imkon bergan;
daromadlar va mulk haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, uni qayta ishlash va tekshirish bo‘yicha elektron axborot tizimini yaratish, shuningdek, banklar tizimida jismoniy shaxslarga kredit ajratish jarayonida Davlat personallashtirish markazi bilan integratsiyalangan mijozlarni biometrik ma’lumotlar (barmoq izlari yoki yuz tuzilishi) orqali identifikatsiyalashni joriy etishga oid tashkiliy chora-tadbirlar zaruriyati haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi «Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini shakllantirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi korrupsiya omillarini keskin kamaytirish, shuningdek, bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–6257-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2021–2022-yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Davlat dasturining 7 va 18-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti 2022-yil 11-oktyabrdagi 02-3/1008–son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi daromadlar va mol-mulk deklaratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali korrupsiyaning oldini olishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini berdi, bu esa, o‘z navbatida, davlat boshqaruvi sohasida shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga hamda korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilgan;
xarid jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligi, bunda halol raqobatni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda obektiv mezonlardan foydalanish, samarali monitoring va nazorat tizimini yaratish, qonunchilik talablariga ko‘ra jarayonni o‘tkazishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar haqida ommaviy ma’lumotlarning chop etilishi kabi korrupsiyaning oldini olish choralari ustuvor hisoblanishi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘RQ–684-sonli Qonunining 13-moddasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 5-yanvardagi 02/2-05-13-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning hayotga tatbiq etilishi halol raqobatni ta’minlash, qarorlar qabul qilishda obektiv mezonlardan foydalanish, samarali monitoring va nazorat tizimini yaratish orqali davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish imkonini bergan.